
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov Ustyurt gaz-kimyo majmuasi qurilishining borishi bilan tanishish maqsadida 25-aprel kuni Qoraqalpog‘iston Respublikasiga tashrif buyurdi.
Mamlakatimizning iqtisodiy salohiyati tobora yuksalib bormoqda. Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida iqtisodiyotni modernizatsiyalash va diversifikatsiyalash, zamonaviy biznes infratuzilmasini rivojlantirish borasida ulkan ishlar amalga oshirilmoqda. Yurtimizdagi makroiqtisodiy barqarorlik va qulay sarmoyaviy muhit ta’sirida eng rivojlangan davlatlar, nufuzli moliya muassasalari mamlakatimiz bilan hamkorlik qilmoqda. Buning samarasida yangi-yangi zamonaviy korxonalar bunyod etilmoqda.
O‘zbekiston uchun Koreya Respublikasi vaqt sinovidan o‘tgan va har jihatdan ishonchli strategik sherikdir.
Bugungi kunda O‘zbekiston-Janubiy Koreya munosabatlari davlatlararo va hukumatlararo darajada, firma va kompaniyalar doirasida o‘zaro manfaatdorlik asosida rivojlanmoqda. Mamlakatlarimiz o‘rtasida siyosiy, savdo-iqtisodiy, sarmoyaviy, madaniy-gumanitar sohalarda qaror topgan munosabatlar 2006-yilda imzolangan Strategik hamkorlik to‘g‘risidagi qo‘shma deklaratsiya ruhida izchil rivojlanib, yangi mazmun bilan boyib bormoqda. O‘zaro hamkorlikda yangi-yangi ishlab chiqarish korxonalari barpo etilmoqda.
Surg‘il koni negizida bunyod etilayotgan Ustyurt gaz-kimyo majmuasi O‘zbekiston va Janubiy Koreya hamkorligining yuksak namunasidir. Ushbu loyihaning umumiy qiymati 3,9 milliard AQSh dollarini tashkil qiladi. Uning amalga oshirilishi yiliga 4,5 milliard kub metr tabiiy gazni qayta ishlash hisobidan 3,7 milliard kub metr gaz, 387 ming tonna polietilen, 83 ming tonna polipropilen, 102 ming tonna piroliz benzini va boshqa qimmatbaho mahsulotlar ishlab chiqarish imkonini beradi.
Prezidentimiz Islom Karimov 25-aprel kuni ushbu yirik sanoat korxonasiga tashrif buyurib, bu yerda amalga oshirilayotgan qurilish ishlari bilan tanishdi.
– Bunday yirik va muhim loyihani Koreya Respublikasi bilan hamkorlikda amalga oshirayotganimiz bejiz emas, – dedi davlatimiz rahbari. – O‘zbekiston Koreya Respublikasiga ulkan iqtisodiy, industrial va intellektual salohiyatga ega rivojlangan davlat sifatida qaraydi. Mamlakatlarimiz o‘rtasida qaror topgan mustahkam va o‘zaro manfaatli hamkorlikni yuksak qadrlaydi.
Ustyurt gaz-kimyo majmuasi neft-kimyo sohasida dunyodagi eng yirik loyihalardan biridir. “Project Finance International” xalqaro nashri ushbu majmuani qurish loyihasining loyihaviy moliyalash bitimini neft-kimyo va gaz-kimyo sektoridagi 2012-yilning eng yaxshi loyihasi, deb e’tirof etgan. Shuningdek, u “Trade Finance Magazine” va “Global Trade Review” nashrlarining “2012-yilning eng yaxshi bitimi” xalqaro mukofotlariga sazovor bo‘lgan.
2014-yil 13-martda yana bir nufuzli xalqaro nashr – «Infrastructure Journal» ushbu gaz-kimyo majmuasi qurilishi loyihasini «Neft-gaz sohasidagi 2014-yilning global bitimi» nufuzli mukofoti bilan taqdirladi.
Mazkur loyiha qo‘shma korxona muassislari bo‘lgan Janubiy Koreyaning «Kogas», «Lotte Chemical», «STX Energy» kompaniyalari va «O‘zbekneftgaz» milliy xolding kompaniyasining 1,4 milliard dollar hajmidagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyasi, shuningdek, 2,5 milliard dollardan ziyod kredit resurslari hisobidan moliyalashtirilmoqda.
Loyihani moliyalashtirishda Osiyo taraqqiyot banki, Korea Development Bank, Korea Finance Corporation (Koreya Respublikasi), China Development Bank (Xitoy), ING (Niderlandiya), Hermes, KfW, Bayern LB, Siemens Bank (Germaniya), Credit Suisse (Shveytsariya), EKN, Nordea, SEC (Shvetsiya) kabi taraqqiyot banklari hamda yetakchi tijorat banklari, shuningdek, Janubiy Koreya, Germaniya va Shvetsiyaning loyihani amalga oshirishda qatnashayotgan banklarga sug‘urta to‘lovlarini taqdim etgan eksport-import agentliklari singari nufuzli moliya muassasalari ishtirok etayotgani ushbu loyihaning naqadar istiqbolli ekanidan dalolat beradi.
2012-yilda boshlangan qurilish ishlari bugungi kunda jadal davom etmoqda. Zamonaviy infratuzilma obyektlari barpo etilib, uskunalar o‘rnatilmoqda.
Davlatimiz rahbari bu yerda mehnat qilayotgan ishchi va mutaxassislar bilan suhbatlashdi.
Mehnatsevarlik, samimiylik, bag‘rikenglik kabi fazilatlar o‘zbek va koreys xalqlariga birdek xos, dedi Yurtboshimiz.
Majmua qurilishida 6 ming 400 ga yaqin kishi mehnat qilmoqda. Ularning 3 ming 500 dan ziyodi yurtimiz mutaxassislari bo‘lib, aksariyati yoshlardir.
Biz mustaqilligimizning ilk yillarida kelajagi buyuk davlat qurishni o‘z oldimizga maqsad qilib qo‘ygan edik, dedi Prezidentimiz. Bugun zamonaviy bilimlarni puxta egallagan, mana shunday noyob zavodlarda ishlayotgan yoshlarimizga qarab quvonamiz va ana shu ezgu niyatlarimizga erishayotganimizning amaliy ifodasini ko‘ramiz.
Davlatimiz rahbari bu yerda mehnat qilayotgan ishchi va mutaxassislarning yashash va mehnat sharoitlari bilan qiziqdi.
Uchrashuvda “Uz-Kor Gaz Chemical” O‘zbekiston-Janubiy Koreya qo‘shma korxonasi boshqaruvi raisi Li Xong Yol, «Lotte Chemical» kompaniyasi direktori, loyihaning texnik rahbari Xyun Chul Pak, “Hyundai engineering” kompaniyasi menejeri, Ustyurt gaz-kimyo majmuasi qurilish maydoni rahbari Kim Van Su va boshqalar yaratilgan qulay shart-sharoit, doimiy e’tibori uchun Prezidentimizga minnatdorlik bildirdi.
Manba: O`zbekiston Respublikasi Prezidentining matbuot xizmati.