O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov va Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpinning Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi nutqlari

Mushtariylar: 11196
Каримов ВС РУз 2
Ilgari xabar qilinganidek, shu yilning 22-iyun kuni Prezident Islom Karimov mamlakatimizga davlat tashrifi bilan kelgan Xitoy Xalq Respublikasining Raisi Si Szinpin bilan birgalikda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisida bo‘lib, deputatlar va senatorlar bilan uchrashdi. Quyida davlatimiz rahbarining mazkur uchrashuvda so‘zlagan nutqi matni e’lon qilinmoqda.Muhtaram Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpin janoblari!

Qadrli xitoylik do‘stlar!

Hurmatli deputatlar!

Bugun shu muhtasham zalda nafaqat mamlakatimiz intellektual olamining taniqli namoyandalari, ayni vaqtda, ta’bir joiz bo‘lsa, butun O‘zbekistonning timsoli, xalqimiz barcha qatlamlarining vakillari bo‘lgan insonlar yig‘ilgan. Yurtimizda sodir bo‘layotgan ulkan islohot va o‘zgarishlarga, O‘zbekistonning barqaror sur’atlar bilan rivojlanishiga, bir so‘z bilan aytganda, biz erishayotgan muhim yutuqlarga munosib hissa qo‘shayotgan, bu jarayonlarda deputat va senator bo‘lishidan avval ham faol ishtirok etgan odamlar o‘tiribdi.

Bugun siz, azizlar – parlamentimizning har ikki palatasi vakillari o‘z yuksak mavqeingiz bilan mamlakatimizda amalga oshirilayotgan yangilanish jarayonlarining harakatga keltiruvchi kuchi sifatida faoliyat ko‘rsatmoqdasiz. Ishonamanki, sizlarning orangizda men doimo «aziz farzandlarim» deb o‘z mehrim va e’tiborimni bildiradigan yosh avlodimizning ham ko‘plab vakillari borligi meni ayniqsa xursand etadi. Ishonamanki, sizlar nafaqat yoshlarimiz, balki butun O‘zbekiston xalqining manfaatlarini ifoda etasiz.

Hozirgi vaqtda yurtimizda turli sohalarda qo‘lga kiritilayotgan ulkan natijalar saylovlarda sizu bizga ishonib, ovoz bergan odamlarning, xalqimizning orzu-niyatlari albatta amalga oshadi, deb aytishga to‘la asos beradi.

Mana, o‘zingiz guvohsiz, bugungi kunda biz keyingi o‘n yil davomida dunyodagi sanoqli davlatlar qatorida yalpi ichki mahsulotning o‘sishi bo‘yicha 8 foizdan ziyod ko‘rsatkichga erishmoqdamiz. Bunday yuksak marralarga erishish uchun bizning rivojlangan xorijiy davlatlar, jumladan, yaqin hamkorimiz bo‘lgan, bizning do‘stimiz Si Szinpin rahbarlik qilayotgan Xitoy mamlakatining tajribasini o‘rganib ish olib borayotganimiz sizlarga yaxshi ma’lum. Xitoyning qanday katta o‘sish sur’atlari bilan taraqqiy etayotgani, bir paytlar mamlakat yalpi ichki mahsulotining yillik o‘sishi 10-12 foizni tashkil etganidan ham sizlar albatta xabardorsiz.

Shu o‘rinda bir fikrni alohida ta’kidlab aytmoqchiman: bu zalda O‘zbekistonga kim amalda do‘stu kim og‘izda do‘st ekanini yaxshi biladigan odamlar o‘tiribdi. Bu haqda gapirishimning boisi shundaki, bizning bunday o‘sish sur’atlarimizga qandaydir g‘ayirlik bilan qaraydiganlar ham, afsuski, yo‘q emas. Biz faqat bir narsani, ya’ni, butun insoniyat kabi, dunyoning eng ilg‘or va rivojlangan davlatlari kabi munosib hayot kechirishni istaymiz. Hozirgi kunda Xitoy shunday yuksak rivoj topgan davlatlardan biri ekanini alohida ta’kidlamoqchiman.

Bugun biz o‘z zimmamizga katta bir mas’uliyatni – Xitoy Xalq Respublikasidek buyuk davlatni isloh qilishni izchil davom ettirish vazifasini olgan yetakchi bilan uchrashib turibmiz. Hammamiz yaxshi bilamiz, islohotchi shaxslarning hayoti oson kechmaydi. Islohotchi bir ishni boshladimi, uni oxirigacha yetkazmasdan qo‘ymaydi, o‘z maqsadiga yetmaguncha hech qachon tinib-tinchimaydi. Bugun janob Si Szinpin o‘zaro suhbatimiz davomida o‘z mamlakati buyuk xitoy islohotchisi Den Syaopin rahbarligida rivojlanib, ulkan natijalarga erishganidan buyon 25-30-yil o‘tganini, bugungi hayot talablarini chuqur anglagan holda, u ana shunday o‘ta og‘ir va murakkab vazifani, ya’ni Xitoyni yanada taraqqiy topgan davlatga aylantirish mas’uliyatini o‘z zimmasiga olganini aytdi. Hozirgi vaqtda Xitoy mamlakati uning Raisi rahnamoligida ana shu taraqqiyot yo‘lini izchil davom ettirayotganini barchamiz ko‘rib turibmiz.

Biz ham o‘zimiz tanlagan, har tomonlama chuqur o‘ylangan islohotlar yo‘lidan qat’iyat bilan borib, ulkan muvaffaqiyatlarga erishmoqdamiz. Lekin, hammamiz yaxshi tushunamizki, o‘z oldimizga qo‘ygan buyuk maqsadlarga yetib borish uchun bu hali yetarli emas. Avvalambor, yanada jadal taraqqiy etishimizga halaqit qilayotgan, yo‘limizda g‘ov-to‘siq bo‘lib turgan ayrim masalalarni qayta ko‘rib chiqishimiz zarur. Bu, albatta, nihoyatda mas’uliyatli vazifadir.

Bu haqda gapirganda, bir haqiqatni alohida ta’kidlash o‘rinlidir. Mamlakatimiz mustaqil taraqqiyot yo‘liga qadam qo‘ygan dastlabki yillarda bizga hech kim chetdan kelib yordam bergani yo‘q. Agar 25-yil oldingi tarixga nazar tashlaydigan bo‘lsak, yurtimiz qanday og‘ir ahvolga tushib qolgani yaqqol ayon bo‘ladi. Bizga eski mustabid tuzumdan biryoqlama rivojlangan, paxta monopoliyasi avj olgan, asosan xomashyo yetkazib berishga moslashgan zaif va nochor iqtisodiyot meros bo‘lib qolgan edi. Paxtani o‘zimiz yetishtirar edig-u, lekin uning narxi amalda qancha ekanini bilmas edik. Uni faqat xomashyo sifatida bilardik, xolos. Qayta ishlangan paxta sobiq Markazga ketar, uni chetga sotish bilan ham faqat Markaz shug‘ullanar edi.

Tasavvur qilasizmi, men o‘sha paytda respublika moliya vaziri bo‘la turib oltin qazib olish bo‘yicha SSSRda ikkinchi o‘rinda turadigan O‘zbekistonda oltinning bahosi qancha ekanini aniq bilmas edim. Yurtimiz zaminidan katta hajmda qazib olingan turli nodir metallar, uran va boshqa strategik tovarlar haqida ham bizda hech qanday ma’lumot yo‘q edi. Muxtasar aytganda, sobiq tuzum davrida O‘zbekiston yarim mustamlaka darajasidagi respublika edi. Eng yomoni, o‘sha paytda yurtimizning o‘zida bironta ham mustaqil boshqaruv, rejalashtirish idorasi yo‘q edi. Biz hatto soliqni qanday yig‘ish, davlat xazinasini qanday to‘ldirish, odamlarni qanday boqish kerakligini ham bilmas edik. Mustaqillik arafasida 20 milliondan ortiq aholimizni boqish uchun yurtimizda bor-yo‘g‘i 15 kunga yetadigan un va bug‘doy zaxirasi qolgan edi, xolos. Bularning barchasi O‘zbekiston qanday og‘ir ahvolda, deyarli jar yoqasiga kelib qolganini ko‘rsatadi.

Bundan qanday xulosa chiqarish mumkin? Ana shunday o‘ta qaltis bir vaziyatda bizga kim yordam berdi? O‘zbek xalqi do‘st kulfatda bilinishini hech qachon unutmaydi. Xitoy xalqida ham, o‘zbek xalqida ham do‘st kulfatda, ya’ni og‘ir vaqtda yordam qo‘lini cho‘zishi haqida maqollar bor. Tilda bir gapni aytib, dilida boshqa narsani o‘ylaydigan, amalda esa mutlaqo boshqa ishni qiladiganlarni albatta do‘st deb bo‘lmaydi.

Biz aholisi 1 milliard 300 million kishini tashkil etadigan Xitoydek ulkan mamlakatning strategik sherigi bo‘lish mas’uliyatini yaxshi anglaymiz. Beqiyos salohiyatga ega bu mamlakat bir avlod hayoti davomida, tasavvur qiling, iqtisodiy o‘sish bo‘yicha jahon miqyosida ikkinchi o‘rinda turadigan davlatga aylandi. Global taraqqiyot lokomotivi sifatida ko‘plab muhim siyosiy va iqtisodiy masalalarni hal etishda faqat ishtirok etadigan davlatga emas, ayni paytda, bu masalalarni o‘zi mustaqil hal eta oladigan qudratli mamlakatga aylandi. Bunday davlatning strategik hamkori bo‘lish biz uchun katta sharaf.

Sizlarga yaxshi ma’lum, Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Vatanimizga bu safargi tashrifini to‘g‘ri poytaxtimiz Toshkent shahriga kelishdan emas, balki qadimiy shaharlarimizdan bo‘lgan Buxoro bilan tanishishdan boshlashga qaror qildi.

Shuni aytish kerakki, yuksak martabali mehmonimiz Buxoroga kelib, Arkni ziyorat qildi va uning devorlaridan yuqoriga ko‘tarilib, butun shaharni tomosha qildi. Bu – mamlakatimizning boy tarixiga, necha ming yillik taraqqiyot va madaniyatni o‘zida mujassam etib kelayotgan yurtimiz zaminiga chuqur hurmat ifodasidir.

Hozirgi vaqtda O‘zbekistonning Samarqand va Xitoyning Sian shaharlari o‘rtasida birodarlik aloqalari o‘rnatilgan. Kelgusida Buxoro bilan Xitoy Xalq Respublikasining yana bir shahri birodarlashuviga ishonaman.

Bugun Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpin janoblarining mamlakatimizga davlat tashrifi doirasida o‘zaro hamkorligimiz istiqbollari va ustuvor yo‘nalishlarini belgilab beradigan ko‘plab hujjatlar imzolandi. Ularning orasida Xitoy tomonidan O‘zbekistonga kredit sifatida 2,7 milliard dollar ajratilishi va umumiy qiymati 6,2 milliard dollarlik obyektlar qurilishini nazarda tutadigan hujjatlar borligini alohida ta’kidlamoqchiman.

Bugungi imkoniyatdan foydalanib, ana shunday muhim kelishuvlar uchun o‘z nomimdan, sizlarning nomingizdan Xitoy Xalq Respublikasi Raisiga minnatdorlik bildiraman.

Men Si Szinpin janoblarining «Biz O‘zbekiston Prezidenti bilan bir-birimizni yaxshi tushunamiz» degan so‘zlarini takrorlamoqchiman va bunday yuksak e’tirofni o‘zim uchun katta sharaf deb qabul qilaman. Bizning har birimiz, ayniqsa, xalqning ishonchli vakillari bo‘lgan siz, hurmatli deputatlar Xitoy bilan hamkorlikni qadrlashimiz va bu hamkorlik yuksak samara berishi uchun yangi yo‘llarni izlab topishimiz lozim.

So‘zimning yakunida bir fikrni alohida ta’kidlab aytmoqchiman: Xitoy xalqining farovonligi – bu O‘zbekiston xalqining farovonligi. O‘zbekiston xalqining farovonligi – bu Xitoy xalqining farovonligidir.

E’tiboringiz uchun tashakkur.

* * *
Si Szinpin

Si Szinpin

Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpinning Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi nutqi

Muhtaram Prezident Islom Karimov!

Hurmatli deputatlar, xonimlar va janoblar!

O‘zbekiston Respublikasi va Xitoy Xalq Respublikasi o‘rtasida bo‘lib o‘tgan rasmiy muzokaralar chog‘ida biz Prezident Islom Karimov bilan Xitoy va O‘zbekistonning siyosiy jihatdan bir-birini o‘zaro qo‘llab-quvvatlashini mustahkamlash hamda hududiy, suverenitet va xavfsizlik masalalari bo‘yicha eng muhim manfaatlarimizni birgalikda ilgari surish yuzasidan kelishib oldik.

Biz davlatlarimiz tomonidan tanlab olingan rivojlanish yo‘lini o‘zaro qat’iy qo‘llab-quvvatlaymiz, siyosiy barqarorlik va davlat hokimiyati xavfsizligini hamkorlikda ta’minlaymiz. Taraqqiyot yo‘lidagi amaliy hamkorligimizni har tomonlama chuqurlashtirish, rivojlanish strategiyasini mustahkamlash, savdo-iqtisodiy aloqalar imkoniyatlarini kengaytirish, ishlab chiqarish quvvatlari, infrastruktura, energetika va qishloq xo‘jaligi sohalari bo‘yicha hamkorlikni yanada jonlantirish ishlarini amalga oshiramiz. Shuningdek, Xitoy va O‘zbekiston o‘rtasidagi har tomonlama strategik sheriklikni mazmunan to‘ldirish maqsadida hamkorlik doirasidagi ustuvor loyihalarni moliyaviy qo‘llab-quvvatlashni yanada oshirishga, madaniy-gumanitar sohalardagi aloqalarni kengaytirishga, xavfsizlik bo‘yicha hamkorlikni mustahkamlashga hamda xalqaro maydondagi ishlarni muvofiqlashtirishni kuchaytirishga ahamiyat qaratamiz.

Xitoyda “Do‘sting qancha ko‘p bo‘lsa, yo‘ling shuncha keng bo‘ladi”, degan maqol bor. Oliy Majlis aholi turli qatlamlarining eng nufuzli vakillarini o‘zida mujassam etadi, siz esa, hurmatli deputatlar – Xitoy xalqining do‘stlarisiz. O‘ylaymanki, siz kelajakni ko‘ra bilgan holda, Xitoy – O‘zbekiston aloqalarini yanada ravnaq toptirishga, hamkorligimizni qo‘llab-quvvatlash va do‘stligimizni rivojlantirishga munosib hissa qo‘shasiz.

Xonimlar va janoblar, aziz do‘stlar!

O‘zbekistonga tashrifim kun tartibidan yana bir muhim tadbir – Shanxay hamkorlik tashkilotining Toshkent sammitida ishtirok etish ham o‘rin olgan. Joriy yilda tashkilotimiz tuzilganiga 15-yil to‘ladi. O‘tgan yillar davomida ShHT “Shanxay ruhi”ni, ya’ni, o‘zaro ishonch va manfaatdorlik, teng huquqlilik, maslahatlashuvlar, madaniyatlar rang-barangligiga hurmat va hamkorlikda taraqqiyotga intilish tamoyillarini rivojlantira borib, xalqaro munosabatlarning ochiqlik, har tomonlama hamkorlik qilish va umumiy yutuqlarga erishish prinsiplari asosidagi yangi namunasini faol ilgari surgan holda mintaqa barqarorligi va farovonligiga muhim hissa qo‘shdi. Tashkilot takomillashgani sari kengayib bormoqda va bugungi kunda ShHT oilasida Markaziy, Janubiy va Janubi-Sharqiy Osiyoda joylashgan 18 ta davlat mavjud. Tashkilot doirasidagi hamkorlikning salohiyati tobora ko‘proq namoyon bo‘lmoqda. Uning xalqaro maydondagi maqomi va ta’siri tobora oshmoqda.

O‘zbekiston ShHTga raislik qilgan mamlakat sifatida Tashkilot doirasida yo‘lga qo‘yilgan ko‘p qirrali hamkorlikda amaliy natijalarga erishishda ulkan hissa qo‘shdi. Buning uchun Prezident Islom Karimovga, O‘zbekiston hukumati va xalqiga samimiy minnatdorlik bildirmoqchiman. Xitoy tomoni o‘zbekistonlik hamkorlar hamda Tashkilotga a’zo boshqa davlatlar bilan Toshkent sammitini yangi start nuqtasi sifatida qabul qilib, mintaqa mamlakatlari va xalqlari ravnaqi yo‘lida ShHT doirasidagi hamkorlik darajasini har tomonlama yuksaltirishga tayyordir.

O‘zbek xalqining buyuk shoiri Alisher Navoiy o‘z she’rida aytganidek, “men xalqim baxtli va farovon yashashini istayman”. Bu ezgu istakni bizning umumiy maqsadimiz va abadiy orzu-niyatimiz deb hisoblayman. Shuningdek, Xitoy va xitoy xalqi O‘zbekiston hamda dunyodagi boshqa barcha mamlakatlar xalqlari bilan birgalikda insoniyat tinchligi va taraqqiyotiga xizmat qilishdek oliy maqsad yo‘lida doimo qo‘lni-qo‘lga berib harakat qilishga tayyor ekanini bildirmoqchiman.

E’tiboringiz uchun rahmat.

2016 yil 30 byun.
OAV sifatida davlat ro'yhatidan o'tganligi to'g'risida 2013.12.04 da 0954-sonli Guvohnoma berilgan, ISSN 2181-7332