XITOY – O‘ZBEKISTON DO‘STLIGINING YANGI YORQIN SAHIFALARI
Mushtariylar: 10796Yam-yashil maysazorlar yerga gilamday to‘shalgan, kimsasiz tog‘lar esa kumush rangda tovlanib yotibdi. Ushbu she’riy satrlar bitilganiga 600-yildan ko‘proq vaqt o‘tdi. Uni Min sulolasidan bo‘lgan Xitoy elchisi Markaziy Osiyoga safari chog‘ida yozgan. O‘zbekistonning betakror tabiati va go‘zal manzarasini Xitoy xalqi qadimdan yaxshi biladi va hamon unga maftun bo‘lib kelmoqda. Men go‘zal O‘zbekistonga ilk bor 2013-yilning sentabr oyida tashrif buyurdim va o‘shanda bu mamlakatning so‘lim tabiati, ko‘p asrlik tarixi va madaniyati, mehnatsevar va iste’dodli xalqi menda unutilmas taassurot qoldirdi.
Hayotning tarovatli, qaynoq yoz kunlarida Prezident Islom Karimov taklifiga binoan O‘zbekistonga yana tashrif buyurib, Shanxay hamkorlik tashkilotining Toshkentda bo‘ladigan va ko‘plab masalalar muhokama etilishi kutilayotgan sammitida ishtirok etaman.
Mehnatsevar, mard, tanti, sadoqatli va mas’uliyatli, bag‘rikeng va fidoyi Xitoy va O‘zbekiston xalqlarining oila, davlat va hayot haqidagi qarashlari o‘xshash. Bundan 2000-yil avval Buyuk ipak yo‘li xalqlarimiz o‘rtasida do‘stlik aloqalarini o‘rnatish, o‘zaro hamkorlik qilish va bir-birini boyitish kabi ezgu maqsadlarga xizmat qilgan. Xitoyning Sixan sulolasi elchisi Chjan Syan, Tan sulolasi elchisi Syuanszan va Min sulolasi elchisi Chenchen turli davrlarda muayyan missiya bilan O‘zbekistonga kelgan yoki uning hududidan o‘tgan. Al-Xorazmiy, Mirzo Ulug‘bek, Alisher Navoiy va O‘zbekiston zaminida ulg‘aygan boshqa mashhur tarixiy shaxslarni Xitoyda juda yaxshi bilishadi. Markaziy Osiyoda Xitoy va G‘arb madaniyati o‘zaro uyg‘unlashib ketgan va O‘zbekiston bu borada ko‘prik vazifasini o‘taganini alohida qayd etish lozim. Asrlar davomida qaror topgan o‘zaro munosabatlar va do‘stlik an’analari bugungi kunda ham Xitoy bilan O‘zbekiston o‘rtasida yaqin qo‘shnichilik va do‘stlikning mustahkam asosi bo‘lib xizmat qilmoqda.
O‘zbekiston Markaziy Osiyodagi yirik qudratli davlat. Xitoy O‘zbekiston bilan munosabatlarga doimo strategik va istiqbol nuqtai nazaridan qaraydi. O‘zbekiston mustaqillikka erishganidan so‘ng Xitoy birinchilardan bo‘lib u bilan diplomatik munosabatlar o‘rnatdi. 24-yil davomida davr sinovlaridan o‘tgan, xalqaro maydondagi xavf-xatarlarga bardosh bergan Xitoy – O‘zbekiston munosabatlarida barqaror taraqqiyot sur’atlari izchil davom etmoqda. Tomonlar har ikki mamlakatning hayotiy muhim manfaatlariga daxldor masalalarda bir-birini qat’iy qo‘llab-quvvatlab, barcha sohalarda samarali hamkorlik qilib kelmoqda.
Prezident Islom Karimov bilan 2013-yildan buyon turli shakllarda – muzokara, uchrashuv, telefon orqali muloqotlar, maktublar orqali yaqin amaliy hamkorlik va mustahkam shaxsiy do‘stlik aloqalarini o‘rnatganmiz. Xitoy Xalq Respublikasi va O‘zbekiston Respublikasi o‘rtasida Do‘stlik va hamkorlik to‘g‘risida shartnoma, Xitoy Xalq Respublikasi va O‘zbekiston Respublikasi o‘rtasida 2014-2018-yillarga mo‘ljallangan Strategik sheriklik munosabatlarini rivojlantirish dasturi va boshqa ko‘plab muhim hujjatlar imzolangani samarasida o‘zaro munosabatlarning siyosiy hamda shartnomaviy-huquqiy asosi yanada mustahkamlandi. Mamlakatlarimiz Ipak yo‘li iqtisodiy yo‘nalishini birgalikda tashkil etishni qo‘llab-quvvatlamoqda, munosabatlarimizni izchil kengaytirish va amaliy mazmun bilan boyitishga intilmoqda, hamkorlikning yangi imkoniyatlarini topmoqda, xalqaro masalalar va xavfsizlik sohasida hamkorlik bo‘yicha o‘zaro hamjihatlik mustahkamlanmoqda. Xitoy bilan O‘zbekistonning hamkorlik ko‘lami muntazam kengayib, sifati ortmoqda. Ikki tomonlama munosabatlarimizni jadal rivojlantirishning oltin asri boshlandi.
Ayni paytda Xitoyning Ipak yo‘li iqtisodiy yo‘nalishini tashkil etish to‘g‘risidagi tashabbusini hayotga tatbiq etish bo‘yicha o‘zaro hamkorlik mamlakatlarimiz o‘rtasidagi iqtisodiy hamkorlikning yangi istiqbolli yo‘nalishlari va ustuvor loyihalarni belgilash va ilgari surishga qaratilgan. Xitoy O‘zbekistonning Osiyo infratuzilmaviy investitsiya bankining dastlabki ta’sischilaridan biri ekanini yuksak qadrlaydi.
Xitoy ma’lumotlariga ko‘ra, 2015-yilda Xitoy bilan O‘zbekistonning o‘zaro savdo hajmi 3,5 milliard AQSh dollarini tashkil qildi. Bu ko‘rsatkich diplomatik munosabatlar o‘rnatilgan dastlabki yillarga nisbatan 70 barobardan ko‘proq o‘sgan. Mana, uch yildirki, Xitoy O‘zbekistonning eng yirik investori va ikkinchi yirik savdo sherigi bo‘lib kelmoqda. «Xitoy – Markaziy Osiyo» gaz quvurining to‘rt tarmog‘i ham O‘zbekiston hududidan o‘tgan. Shu yilning fevral oyida Xitoy bilan Markaziy Osiyo o‘rtasidagi transport yo‘lagining yangi bo‘g‘ini bo‘lgan Angren – Pop temir yo‘l liniyasining Markaziy Osiyodagi eng uzun tunneli qurilishi nihoyasiga yetdi. Mamlakatlarimiz Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston temir yo‘l magistralini barpo etishni qo‘llab-quvvatlaydi. Shina zavodi, polivinilxlorid va soda zavodi bo‘yicha loyihalar birgalikda amalga oshirildi, paxtani qayta ishlashga doir hamkorlik yo‘lga qo‘yildi. Sanoat sohasida qoplama g‘isht, smartfon ishlab chiqarish, teriga ishlov berish va poyabzal tayyorlash bo‘yicha loyihalar hayotga tatbiq etilmoqda.
Xitoy va O‘zbekiston qadimiy tarixga ega va madaniyati boy mamlakatlardir. Gumanitar aloqalar hamisha Xitoy – O‘zbekiston munosabatlarining muhim tarkibiy qismi bo‘lib kelgan. So‘nggi yillarda talabalar almashish, xitoy tilini o‘qitish, mintaqalararo aloqalar, qo‘shma arxeologik ekspeditsiyalar o‘tkazish, badiiy asarlarni har ikki tilga o‘girish bo‘yicha yangi yutuqlarga erishildi, bu kabi hamkorliklar ikki mamlakat xalqlarining qalbiga o‘zaro hurmat tuyg‘ularini chuqur singdirdi. Markaziy Osiyoda birinchi bo‘lib Toshkentda ochilgan Konfutsiy institutini 11-yil davomida Xitoy bilan O‘zbekiston do‘stligini yanada mustahkamlashga xizmat qiladigan 3 mingdan ziyod mutaxassis bitirdi. Xitoy qadimgi madaniyat yodgorliklari ishlari bo‘yicha davlat boshqarmasi, Xitoy ijtimoiy fanlar akademiyasi, Xitoy shimoli-g‘arbiy universiteti o‘zbekistonlik hamkasblari bilan arxeologik tadqiqotlar olib borish va tarixiy obidalarni restavratsiya qilish bo‘yicha hamkorlikda ishlamoqda, Buyuk ipak yo‘lining asl ko‘rinishini qayta tiklashga harakat qilmoqda. Yaqinda xitoylik mashhur yozuvchi Laoshening «Mushuklar shahri xotiralari» asari o‘zbek tiliga tarjima qilindi va chop etildi. Bu asar o‘zbek kitobxonlariga Xitoy adabiyoti bilan yaqindan tanishishga yordam beradi, deb o‘ylayman.
Xitoy bilan O‘zbekiston manfaatlari va taqdiri mushtarak, quvonch va tashvishni birgalikda baham ko‘radigan teng huquqli hamda o‘zaro manfaatdor sheriklardir. Xalqlarimiz o‘z orzusini ro‘yobga chiqarish, mamlakatlarimizni rivojlantirish va millat nufuzini yanada yuksaltirishga intilmoqda. Xalqaro maydondagi ahvol shiddat bilan o‘zgarib bormoqda, jahon iqtisodiyotining qayta tiklanish jarayoni sust kechmoqda, dunyo davlatlari oldida o‘z taraqqiyotini ta’minlashdek murakkab vazifa turibdi. Bunday sharoitlarda keng ko‘lamli Xitoy – O‘zbekiston hamkorligini yanada mustahkamlash davr talabiga va mamlakatlarimiz hamda xalqlarimizning tub manfaatlariga mos keladi, desam adashmayman. Istak va intilishlarimiz, o‘zimizga bo‘lgan ishonch Xitoy va O‘zbekistonni birgalikda rivojlantirish, xalqlarimiz farovonligini ta’minlashga xizmat qilishi shubhasizdir.
– Siyosiy jihatdan o‘zaro ishonch va yordamni mustahkamlashimiz lozim. Qadimgi xitoy mutaffakiri Konfutsiy aytganidek: «Do‘stlar bilan muloqot qilishda o‘z so‘zida turmoq kerak». Siyosiy o‘zaro ishonch – bu Xitoy – O‘zbekiston munosabatlarini samarali rivojlantirishning kafolatidir. Mamlakatlarimiz har doimgidek, tomonlarning davlat suvereniteti, xavfsizlik va taraqqiyot kabi muhim manfaatlariga taalluqli masalalarda bir-birini qat’iy qo‘llab-quvvatlaydi. Xitoy O‘zbekiston o‘zi tanlagan va mamlakatdagi real sharoitlarga mos keladigan mustaqil taraqqiyot yo‘lini izchil qo‘llab-quvvatlaydi, O‘zbekistonning ichki barqarorlik va ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishni ta’minlash bo‘yicha chora-tadbirlariga hurmat bilan qaraydi, O‘zbekistonning ichki ishlariga tashqaridan aralashuvlarga qarshidir.
– Biz o‘zaro manfaatli asosda Ipak yo‘li iqtisodiy yo‘nalishini birgalikda shakllantirishimiz zarur. Energetika sohasidagi hamkorlik qatorida noxomashyo sohadagi hamkorlikni ham kengaytirish, savdo-iqtisodiy tuzilmani yaxshilash, ikki mamlakat o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy aloqalar uchun qulay sharoitlar yaratish lozim. Bu borada o‘zaro manfaatli yangi yo‘nalishlarni topish, iqtisodiyotda, avvalambor, yuqori texnologiyali tarmoqlarda hamkorlikni kengaytirish, qo‘shma loyihalarni amalga oshirishga ko‘maklashish va o‘zaro investitsiyalarni rag‘batlantirish darkor.
– Xalqlarimizning madaniyat, ta’lim, turizm, arxeologiya va mintaqalararo aloqalar sohasidagi hamkorligini yanada mustahkamlashga qaratilgan loyihalarni ishlab chiqishimiz, Buyuk ipak yo‘lidagi qadimgi davlatlar sifatida xalqlarimizda bundan faxrlanish va o‘ziga ishonch tuyg‘usini yanada mustahkamlashimiz zarur. Buning uchun Konfutsiy institutlarining rolini kuchaytirish, Xitoy – O‘zbekiston do‘stligining vorislarini tayyorlash maqsadida yoshlar o‘rtasidagi aloqalarni faollashtirish darkor. «Quvnoq bahor bayrami» konsert dasturi va «Sharq taronalari» musiqa festivalini qo‘llab-quvvatlash, xalqlarimizni eng yaxshi madaniy dasturlar va badiiy asarlar bilan yaqindan tanishtirishimiz maqsadga muvofiqdir.
– Umumiy, kompleks, kooperativ va barqaror xavfsizlik konsepsiyasini hayotga tatbiq etishimiz, ikki davlat huquqni muhofaza qiluvchi organlari va maxsus xizmatlari o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlashimiz zarur. Shuningdek, vaziyatni tahlil qilish va axborot almashishni kuchaytirish, «uch yovuz kuch», narkotrafik va transchegaraviy uyushgan jinoyatchilikning boshqa ko‘rinishlariga qarshi qat’iy kurashish, mintaqada barqaror rivojlanish uchun xavfsiz muhit yaratish va mamlakatlarimiz xalqlari hayoti hamda mulki xavfsizligini ta’minlash muhimdir.
– Xalqaro masalalar yuzasidan strategik hamkorlikni mustahkamlashimiz, BMT, ShHT va boshqa xalqaro tashkilotlardagi hamkorlikni muvofiqlashtirishni chuqurlashtirishimiz zarur. Xalqaro miqyosdagi amaliy tashabbuslarimizni qat’iy qo‘llab-quvvatlab, global iqtisodiy boshqaruv, energetika xavfsizligi, suv resurslari kabi jahon miqyosidagi masalalar bo‘yicha, shuningdek, mintaqaviy ahamiyatga ega dolzarb masalalar, chunonchi, Afg‘oniston, Yaqin Sharq va Shimoliy Afrikadagi vaziyat yuzasidan o‘z vaqtida fikr almashish, mamlakatlarimizning strategik manfaatlarini birgalikda himoya qilishimiz kerak. Xitoy xalqaro masalalarda O‘zbekistonning roli va o‘rnini kuchaytirishni qo‘llab-quvvatlaydi.
Tashrifdan tashqari, yana bir muhim dastur – ShHTning Toshkent sammitida ishtirok etaman. ShHT tashkil topganining 15-yilligini nishonlash nuqtai nazaridan, bo‘lajak sammit tashkilotni rivojlantirish tajribasini umumlashtirish va istiqboldagi hamkorlik yo‘nalishlarini ko‘rib chiqish uchun alohida ahamiyat kasb etadi. ShHT 15-yildan buyon o‘zaro ishonch va manfaat, tenglik, maslahatlashish, madaniyatlar va sivilizatsiyalar xilma-xilligini hurmat qilish, birgalikda rivojlanishga intilishni o‘zida mujassam etgan «Shanxay ruhi»ni hayotga joriy etib kelmoqda. Tashkilot ochiqlik, bag‘rikenglik, hamkorlik va umumiy manfaat asosida yangi ko‘rinishdagi xalqaro munosabatlarni shakllantirish tarafdori bo‘lgan va shunday bo‘lib kelmoqda, mintaqada barqarorlik va farovonlikni ta’minlashga salmoqli hissa qo‘shmoqda.
Terrorizm, separatizm va ekstremizmga qarshi kurashish bo‘yicha Shanxay konvensiyasi, ShHTga a’zo davlatlarning chegara masalalari bo‘yicha hamkorligi va hamjihatligi to‘g‘risidagi shartnomaning tuzilishi hamda amalga oshirilishi transchegaraviy jinoyatchilik, terroristik va ekstremistik guruhlar faoliyatiga barham berish va shu tariqa tashkilotga a’zo davlatlar oldida turgan xavfsizlikka rahna soladigan tahdidlarga qarshi samarali kurashish imkonini bermoqda. ShHT doirasida savdo-iqtisodiy, transport, energetika, infratuzilma, qishloq xo‘jaligi va gumanitar sohalarda amaliy hamkorlikni yanada mustahkamlash tashkilotga a’zo davlatlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga ko‘maklashmoqda va buning samarasida yaqin qo‘shnichilik, do‘stlik hamda o‘zaro manfaatdorlik g‘oyasi xalqlarimiz qalbiga yanada chuqur singib bormoqda. ShHTni kengaytirish boshlanganidan buyon unga a’zo bo‘lish istagini bildirgan davlatlar safi kengayib bormoqda. U geografik jihatdan Markaziy Osiyo, Janubiy Osiyo, Yaqin Sharq va Janubi-sharqiy Osiyoni qamrab olmoqda. ShHT doirasida hamkorlik qilish imkoniyati tobora kengayib, uning roli va ta’siri muttasil ortib bormoqda.
O‘zbekiston ShHTga raisligi davrida tashkilot doirasida barcha yo‘nalishlarda hamkorlikni izchil rivojlantirishga salmoqli hissa qo‘shganini alohida ta’kidlashni istardim. Xitoy O‘zbekiston va boshqa a’zo davlatlar bilan bargalikda yangi bosqich sifatida Toshkent sammitidan boshlab ShHTning mintaqamiz va xalqlarimiz manfaati yo‘lidagi hamkorlik ko‘lamini yanada kengaytirishga tayyor.
Bu yil O‘zbekiston mustaqilligining 25-yilligi nishonlanadi. Shu munosabat bilan O‘zbekiston xalqini ushbu qutlug‘ bayram bilan samimiy tabriklayman. Prezident Islom Karimov rahnamoligida O‘zbekistonda mamlakatni rivojlantirish borasida olamshumul muvaffaqiyatlarga erishildi, xalqaro maydonda uning obro‘si va ta’siri tobora mustahkamlanmoqda. O‘zbekiston xalq farovonligini yuksaltirishga qaratilgan taraqqiyot samaralaridan mamlakatning barcha aholisini bahramand qilmoqda. Bu borada «Yoshlar yili», «Sog‘lom bola yili», «Keksalarni e’zozlash yili», «Sog‘lom ona va bola yili»kabi maxsus Davlat dasturlarining hayotga tatbiq etilishi natijasida aholi farovonligi yuksalmoqda, shahar va qishloqlar har tomonlama rivojlanmoqda. O‘zbekistonning o‘z taraqqiyot modeli shakllantirildi va muvaffaqiyatli amalga oshirilmoqda. O‘zbekistonga barcha sohalarda yangi va ulkan muvaffaqiyatlar tilaymiz.
Xitoy bilan O‘zbekistonning serqirra hamkorligi barcha sohalarda yuksak samaralar bermoqda. Bunday hamkorlik ikki mamlakat xalqiga ham foyda keltirib, ular tomonidan qo‘llab-quvvatlanmoqda. Qat’iy aytish mumkinki, Xitoy va O‘zbekiston milliy taraqqiyot va yuksalish yo‘lida bundan keyin ham izchil hamkorlikni davom ettiradi, mamlakatlarimiz o‘rtasidagi do‘stlikning yorqin, yangi sahifalarini ochaveradi.
Si Szinpin, Xitoy Xalq Respublikasi Raisi.
Manba: O`zbekiston Respublikasi Prezidentining matbuot xizmati.
2016 yil 23 iyun.