YAXSHI QO‘SHNICHILIK VA AZALIY DO‘STLIKKA ASOSLANGAN HAMKORLIK IZCHIL RIVOJLANMOQDA
Mushtariylar: 9127O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimovning taklifiga binoan Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Nursulton Nazarboyev 14-aprel kuni amaliy tashrif bilan mamlakatimizga keldi. Tashrifning asosiy tadbirlari 15-aprel kuni Ko‘ksaroyda bo‘lib o‘tdi.
Islom Karimov va Nursulton Nazarboyev muzokaralar chog‘ida O‘zbekiston va Qozog‘istonning turli sohalardagi hamkorligining bugungi holati va uni rivojlantirish istiqbollarini muhokama qildilar, mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga molik dolzarb masalalar yuzasidan fikr almashdilar.
Prezidentimiz Qozog‘iston Prezidentini yurtimizga ushbu tashrifi bilan qutlab, bu oliy darajadagi muloqotlarning izchil davomi ekanini ta’kidladi.
– Sizni O‘zbekistonda ko‘rishdan har doim xursandmiz. O‘zbek va qozoq xalqlari azaldan yaxshi qo‘shni, do‘st bo‘lib yashab kelgan. Bugun mamlakatlarimiz o‘rtasidagi hamkorlik ana shu tamoyillar asosida rivojlanmoqda. Xalqaro vaziyat tez o‘zgarib, tobora murakkablashib borayotgan hozirgi kunda bunday do‘stlik, o‘zaro anglashuv yanada muhim ahamiyat kasb etmoqda. Ushbu tashrifingiz tomonlarni qiziqtirgan masalalarni muhokama etish uchun qulay imkoniyatdir, – dedi Islom Karimov.
Qozog‘iston Prezidenti O‘zbekiston Prezidentiga taklif uchun minnatdorlik bildirib, mamlakatlarimiz o‘rtasidagi hamkorlik barcha sohalarda izchil rivojlanayotganini qayd etdi.
– To‘g‘ri ta’kidlaganingizdek, xalqlarimiz asrlar davomida yonma-yon, tinch-totuv hayot kechirib kelmoqda. Mustaqillik yillarida biz bu munosabatlarni yanada mustahkamladik. Markaziy Osiyoning yetakchi davlatlari bo‘lgan mamlakatlarimiz hamkorligi butun mintaqa uchun muhim ahamiyat kasb etadi. O‘zaro munosabatlarimizni yanada mustahkamlash va izchil davom ettirishdan manfaatdormiz, – dedi Nursulton Nazarboyev.
Mamlakatlarimiz o‘rtasidagi hamkorlik 1998-yilda Toshkentda imzolangan O‘zbekiston Respublikasi bilan Qozog‘iston Respublikasi o‘rtasida Abadiy do‘stlik to‘g‘risidagi shartnoma, 2013-yilda poytaxtimizda imzolangan O‘zbekiston Respublikasi bilan Qozog‘iston Respublikasi o‘rtasida Strategik sheriklik to‘g‘risidagi shartnoma asosida taraqqiy etmoqda.
O‘zaro hurmat, ishonch va manfaatdorlikka asoslangan hamkorlik davlatlararo, hukumatlararo va idoralararo izchil rivojlanmoqda. Ikki mamlakat parlamentlari o‘rtasida amaliy muloqot yo‘lga qo‘yilgan. Tashqi siyosat mahkamalari o‘rtasidagi maslahatlashuvlar muntazamlik kasb etgan.
Mamlakatlarimiz BMT, ShHT, MDH, Islom hamkorlik tashkiloti, Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasi kabi xalqaro tuzilmalar doirasida ham samarali hamkorlik qilib kelmoqda. Global va mintaqaviy ahamiyatga molik ko‘plab masalalar bo‘yicha tomonlarning pozitsiyalari o‘xshash yoki yaqindir.
Ikki davlat rahbarlari Afg‘onistondagi vaziyat yuzasidan fikr almashar ekan, ushbu mamlakatda tinchlik va barqarorlik ta’minlanishi va iqtisodiyot tiklanishidan manfaatdor ekanini ta’kidladilar. Afg‘onistonda harbiy kuch ishlatish yo‘li bilan tinchlik o‘rnatib bo‘lmasligi, BMT shafeligida qarama-qarshi tomonlar o‘rtasida siyosiy muzokaralar o‘tkazish va o‘zaro kelishuvga erishish eng to‘g‘ri va yagona yo‘l ekanligi qayd etildi.
Prezidentlar Markaziy Osiyodagi transchegaraviy daryolar suv resurslari mintaqamizning umumiy boyligi bo‘lib, xalqlarimiz farovonligi ko‘p jihatdan ulardan oqilona va samarali foydalanishga bog‘liq ekanligini ta’kidladilar. Transchegaraviy daryolarda gidroenergetika inshootlari qurish masalasida BMT konvensiyalari va boshqa xalqaro hujjatlarda mustahkamlangan, xalqaro huquqning umume’tirof etilgan normalariga qat’iy rioya qilish zarurligi qayd etildi.
Ta’kidlanganidek, Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasi Orolbo‘yidagi ekologik vaziyatni yaxshilash hamda ijtimoiy-iqtisodiy masalalarni hal etishga qaratilgan loyiha va dasturlarni amalga oshirishda muhim platforma bo‘lib xizmat qilmoqda.
Muzokarada savdo-iqtisodiy, sarmoyaviy va madaniy hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.
Qozog‘iston mamlakatimizning savdo-iqtisodiy sohadagi muhim sheriklaridan biridir. O‘zbekiston Qozog‘istonga meva-sabzavotlar, transport vositalari, mineral o‘g‘itlar, qurilish materiallari va boshqa mahsulotlar, turli xizmatlar eksport qiladi. Qozog‘istondan yurtimizga qora va rangli metallar, yog‘-moy mahsulotlari keltiriladi.
Mamlakatlarimiz o‘rtasidagi o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi izchil o‘sib bormoqda. 2015-yil yakunlariga ko‘ra, bu ko‘rsatkich 3 milliard dollardan ziyodni tashkil qilgan.
Qozog‘istonda mamlakatimiz ishbilarmonlari ishtirokida tashkil etilgan 151 korxona faoliyat yuritmoqda. Yurtimizda Qozog‘iston kapitali ishtirokida 206 korxona, shu jumladan, 171 qo‘shma korxona ochilgan.
O‘zbekiston Respublikasi va Qozog‘iston Respublikasi o‘rtasidagi hamkorlik bo‘yicha hukumatlararo komissiya o‘zaro aloqalarni izchil rivojlantirishga xizmat qilmoqda. Joriy yil 10-11-mart kunlari Ostona shahrida mazkur komissiyaning 15-majlisi bo‘lib o‘tdi.
2007-2016-yillarga mo‘ljallangan Iqtisodiy hamkorlik strategiyasiga muvofiq savdo, sarmoya, transport, kommunikatsiyalar, bojxona, suv-energetika va innovatsiya yo‘nalishlarida amalga oshirilayotgan istiqbolli loyihalar samarasi o‘zaro aloqalarga qo‘shimcha sur’at bag‘ishlamoqda.
Transport kommunikatsiyalari sohasi hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlaridan hisoblanadi. Mamlakatlarimizning avtomobil va temir yo‘llari o‘zaro integratsiyalashgan. Bu muhim kommunikatsiya tarmog‘i uchinchi davlatlar uchun ham tranzit vazifasini o‘tamoqda.
Muzokarada O‘zbekiston va Qozog‘istonning foydalanilmagan resurslarini ishga solish o‘zaro hamkorlikni yanada rivojlantirish imkonini berishi ta’kidlandi. Hamon davom etayotgan jahon moliyaviy-iqtisodiy inqirozi sharoitida tovar ayirboshlashning o‘suvchan dinamikasini saqlab qolgan holda uning hajmini yanada ko‘paytirish, savdo-iqtisodiy aloqalarni diversifikatsiya qilish, eksport-import nomenklaturasini kengaytirish masalalari muhokama qilindi. Qo‘shma korxonalarni ko‘paytirish, tadbirkorlar hamkorligini rivojlantirish mamlakatlarimiz manfaatlariga xizmat qilishi qayd etildi.
Uchrashuvda ijtimoiy sohadagi aloqalarni kengaytirish masalalariga ham e’tibor qaratildi.
Ochiq va do‘stona ruhda o‘tgan muzokarada o‘zaro hamkorlikni yanada rivojlantirish istiqbollari belgilab olindi.
Shu bilan Qozog‘iston Prezidenti Nursulton Nazarboyevning mamlakatimizga amaliy tashrifi nihoyasiga yetdi.
Manba: O`zbekiston Respublikasi Prezidentining matbuot xizmati.
2016 yil 15 aprel.