Nursulton Nazarboyev Islom Karimov xotirasiga hurmat bajo keltirdi

Mushtariylar: 1115
Назарбаев

O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimov zamonamizning ulug‘ siyosatchisi, uzoqni ko‘ra oladigan va strategik fikr yuritadigan buyuk shaxs sifatida butun dunyoda yuksak obro‘-e’tibor qozongan edi. Xorijiy mamlakatlarning davlat va siyosat arboblari, fuqarolari u kishining vafotini chuqur qayg‘u bilan qabul qildi, xalqimizga hamdard bo‘ldi.

Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Nursulton Nazarboyev O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimov xotirasiga hurmat bajo keltirish maqsadida 12-sentabr kuni Samarqand shahriga tashrif buyurdi. Samarqand xalqaro aeroportida oliy martabali mehmonni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti vazifasini bajaruvchi Shavkat Mirziyoyev kutib oldi.

Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Nursulton Nazarboyev O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti vazifasini bajaruvchi Shavkat Mirziyoyev hamrohligida Islom Karimov qabrini ziyorat qildi.

Nursulton Nazarboyev va Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimov qabriga gul qo‘ydilar va uning xotirasiga hurmat bajo keltirdilar. Islom Karimov ruhi poklariga Qur’on tilovat qilindi.

Nursulton Nazarboyev Islom Karimov qadrdon do‘sti bo‘lgani, bir-birini hamisha tushungani va qo‘llab-quvvatlagani, birgalikda xalqlarimiz o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlagani, Prezidentimiz O‘zbekistonning bugungi tinchlik va farovonlikka erishishi uchun ulkan xizmatlar qilganini alohida qayd etdi. Islom Karimovning vafoti butun mintaqa, xususan, Qozog‘iston xalqi uchun ham katta yo‘qotish ekanini ta’kidladi.

Oliy martabali mehmon Samarqand shahridagi Forumlar majmuasiga tashrif buyurib, Islom Karimovning rafiqasi Tatyana Karimovaga chuqur hamdardlik izhor etdi.

Forumlar majmuasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti vazifasini bajaruvchi Shavkat Mirziyoyev va Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Nursulton Nazarboyevning uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.

Mamlakatlarimiz o‘rtasidagi hamkorlik 1998-yilda imzolangan O‘zbekiston Respublikasi bilan Qozog‘iston Respublikasi o‘rtasida Abadiy do‘stlik to‘g‘risidagi shartnoma, 2013-yilda imzolangan O‘zbekiston Respublikasi bilan Qozog‘iston Respublikasi o‘rtasida Strategik sheriklik to‘g‘risidagi shartnoma va boshqa hujjatlar asosida taraqqiy etmoqda.

Mamlakatlarimiz BMT, ShHT, MDH, Islom hamkorlik tashkiloti, Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasi kabi xalqaro tuzilmalar doirasida ham samarali hamkorlik qilib kelmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti vazifasini bajaruvchi Shavkat Mirziyoyev Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Nursulton Nazarboyevga xalqimizning buyuk farzandi, O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimov xotirasiga hurmat bajo keltirish maqsadida mamlakatimizga tashrif buyurgani uchun minnatdorlik bildirdi. Ushbu tashrif mehr-oqibat va ahillik ayyomi – Qurbon hayiti kunlarida amalga oshirilgani Islom Karimov bilan Nursulton Nazarboyevning munosabatlari, do‘stligi yuksak darajada bo‘lganini namoyon etdi. Bu do‘stlik xalqlarimiz o‘rtasidagi do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va hamkorlikka asos bo‘lganini, bunday yaqin munosabatlar izchil davom ettirilajagini alohida ta’kidladi.

Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Nursulton Nazarboyev O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimov O‘zbekistonning mustaqilligi, iqtisodiyoti va siyosatini belgilab bergan ulug‘ davlat arbobi, o‘zbek xalqining buyuk farzandi, dunyo miqyosidagi yetakchi bo‘lganini alohida ta’kidladi. Islom Karimov xalqaro anjumanlarda har doim hal qiluvchi o‘rin tutganini, eng murakkab paytlarda ham tinchlik va barqarorlikni ta’minlagani, Qozog‘iston va O‘zbekiston hamkorligi rivojiga ulkan hissa qo‘shganini yodga oldi. Mamlakatlarimiz o‘rtasidagi bu aloqalarni izchil davom ettirish muhim ahamiyatga ega ekanini qayd etdi.

Uchrashuvda O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasida turli sohalardagi hamkorlikni yanada rivojlantirishga oid masalalar yuzasidan fikr almashildi.

Shu bilan Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Nursulton Nazarboyevning mamlakatimizga tashrifi nihoyasiga yetdi.

Manba: O`zbekiston Respublikasi Prezidentining matbuot xizmati.

Вы можете izih qoldirish, yoki trackback sazning saytingizdan.

Izoh qoldirish

Siz majbursiz tizimga kirish , izoh qoldirish uchin

OAV sifatida davlat ro'yhatidan o'tganligi to'g'risida 2013.12.04 da 0954-sonli Guvohnoma berilgan, ISSN 2181-7332