ShHTning Ufa sammiti

Mushtariylar: 1055
ШОС УФА

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov 9-10-iyul kunlari Rossiya Federatsiyasining Ufa shahrida Shanxay hamkorlik tashkilotiga a’zo mamlakatlar Davlat rahbarlari kengashining navbatdagi majlisida ishtirok etdi.

Sammitning asosiy tadbirlari 10-iyul kuni bo‘lib o‘tdi. ShHTga a’zo mamlakatlar Davlat rahbarlari kengashining majlisi tor doiradagi uchrashuv bilan boshlandi. Unda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov, Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Nursulton Nazarboyev, Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpin, Qirg‘iziston Respublikasi Prezidenti Almazbek Atamboyev, Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin, Tojikiston Respublikasi Prezidenti Imomali Rahmon ishtirok etdi.

Majlisda xalqaro va mintaqaviy ahamiyatga molik dolzarb masalalar, ShHTni yanada rivojlantirish istiqbollari yuzasidan fikr almashildi.

Shanxay hamkorlik tashkiloti amaliy muloqot va mintaqaviy hamda global muammolarni samarali hal etish uchun qulay imkoniyat ekani ta’kidlandi.

ShHTga a’zo mamlakatlar davlat rahbarlari majlisni kengaytirilgan tarkibda davom ettirdilar. Unda kuzatuvchi davlatlar rahbarlari, muloqot bo‘yicha sheriklar va xalqaro tashkilotlar vakillari ham ishtirok etdi.

Prezidentimiz Islom Karimov o‘z nutqida tobora global tus olib borayotgan tahdid va xavf-xatarlarga qarshi kurashish, ShHT faoliyatini kengaytirish va takomillashtirish masalalari bo‘yicha o‘z mulohazalarini bildirdi.

Shiddat bilan o‘zgarib borayotgan hozirgi zamonning dolzarb muammolarini hal qilishda, xavfsizlik, barqarorlik va izchil taraqqiyotni ta’minlashda Shanxay hamkorlik tashkilotining ta’siri va nufuzi oshib bormoqda. Bu ShHTga to‘laqonli a’zo bo‘lish, kuzatuvchilar va muloqot bo‘yicha sheriklar qatoriga qo‘shilish istagini bildirgan davlatlar safi kengayib borayotganida namoyon bo‘lmoqda va bu tabiiy jarayondir, dedi Islom Karimov.

ShHT Xartiyasi va tashkilotning barcha asosiy hujjatlarida mustahkamlangan hamda ShHT faoliyati boshqa davlatlarga qarshi yo‘naltirilmaganini ta’minlaydigan tamoyilga qat’iy amal qilish va uni yanada mustahkamlash zarur.

Boshqacha aytganda, Shanxay hamkorlik tashkilotini harbiy-siyosiy alyansga aylantirmaslik, ShHTni tashkil etishdan ko‘zlangan maqsad va prinsiplarga sodiq qolish va ularni yanada mustahkamlash darkor, deb ta’kidladi Prezidentimiz.

Davlatimiz rahbari Afg‘oniston muammosini harbiy yo‘l bilan hal etib bo‘lmasligini, uning yagona yo‘li – donor mamlakatlarning moliyaviy-iqtisodiy va gumanitar yordamida va BMTning faol ishtirokida faqat tinch siyosiy muzokaralar o‘tkazish, qarama-qarshi tomonlar o‘rtasida o‘zaro kelishuvga erishish ekanini qayd etdi.

O‘zbekiston qo‘shni sifatida Afg‘onistonga muntazam yordam berib kelmoqda, transport kommunikatsiyalarini barpo etish, aholini elektr energiyasi bilan ta’minlash loyihalarini amalga oshirmoqda, insonparvarlik yordamini yetkazib bermoqda.

O‘zbekiston Afg‘oniston bilan munosabatlarni milliy manfaatlardan kelib chiqib, Afg‘oniston xalqi tanlagan yo‘lni hurmat qilgan holda davom ettirmoqda.

Ma’lumki, ShHTga raislik O‘zbekistonga o‘tdi. Shu munosabat bilan Islom Karimov O‘zbekiston Respublikasi ShHT tashkil topganining 15-yilligi nishonlanadigan yilda tashkilotga raislik qilishdek mas’uliyatli vazifani zimmasiga olayotganini va bu, o‘z navbatida, istiqbolda ko‘zda tutilgan rejalarni muvaffaqiyatli amalga oshirishda umumiy mas’uliyatni yanada oshirishini ta’kidladi.

O‘zbekiston tashkilotga rais sifatida mavjud an’analarga amal qilish, ShHTga a’zo mamlakatlar manfaatlariga mos keladigan hamkorlikni izchil mustahkamlash va rivojlantirish, shuningdek, tashkilotning xalqaro maydondagi nufuzini yanada oshirish prinsiplariga qat’iy rioya etadi.

Terrorizm, ekstremizm va separatizmga qarshi birgalikda kurashishni kuchaytirishga doir chora-tadbirlar ishlab chiqish, xalqaro va mintaqaviy xavfsizlikka tahdidlarning oldini olish, tashkilotga a’zo davlatlar iqtisodiyotini barqaror yuksaltirish va ularning ijtimoiy taraqqiyotini ta’minlash tashkilot oldidagi dolzarb vazifa bo‘lib qolaveradi.

Mintaqada barqarorlik va taraqqiyotning ishonchli kafolati sifatida ShHT rolini yanada mustahkamlash maqsadida unga a’zo mamlakatlarning o‘zaro hamkorligini kengaytirish, BMT va boshqa xalqaro tashkilotlar, manfaatdor davlatlar bilan munosabatlarni izchil rivojlantirish chora-tadbirlariga alohida ahamiyat beriladi.

O‘zbekiston ShHTga raisligi doirasida madaniy-gumanitar, ilm-fan va ta’lim sohalarida samarali mintaqaviy hamkorlikni qo‘llab-quvvatlashga doimiy e’tibor qaratadi, deb ta’kidladi Islom Karimov.

Sammit yakunida Ufa deklaratsiyasi, ShHTni 2025-yilgacha rivojlantirish strategiyasi va 2016-2018-yillarda terrorizm, separatizm va ekstremizmga qarshi kurashish bo‘yicha hamkorlik dasturi qabul qilindi. Hindiston va Pokistonni ShHTga qabul qilish jarayonini boshlash, Belarus Respublikasiga kuzatuvchi, Ozarbayjon, Armaniston, Kambodja, Nepal davlatlariga muloqot bo‘yicha sherik maqomini berish bo‘yicha qarorlar imzolandi.

O‘zbekiston Prezidenti Shanxay hamkorlik tashkilotining Ufa sammiti doirasida 10-iyul kuni Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpin bilan uchrashdi. Tomonlar o‘zaro munosabatlarning bugungi holati va uni yanada rivojlantirish istiqbollarini atroflicha muhokama qildilar.

Islom Karimov keng ko‘lamli O‘zbekiston – Xitoy munosabatlari ikki davlat rahbarlarining do‘stlik va o‘zaro ishonchga asoslangan muloqotlari negizida tobora rivojlanib borayotganini ta’kidladi.

Xitoy bilan iqtisodiyot, transport kommunikatsiyalari, ta’lim kabi qator sohalarda yirik loyihalar amalga oshirilmoqda. O‘rta Osiyo – Xitoy gaz quvuri, Angren – Pop elektrlashtirilgan temir yo‘l liniyasi, Angrenda avtomobil va qishloq xo‘jaligi texnikasi uchun shinalar hamda konveyyer lentasi ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilgani muvaffaqiyatli hamkorlikning yorqin namunalaridir.

Tovar ayirboshlash hajmi so‘nggi 6-yilda 3 karra ortgani e’tiborga molik. 2008-yilda bu ko‘rsatkich 1,5 milliard dollarni tashkil etgan bo‘lsa, 2014-yilda 4,7 milliard dollarga yetdi.

Si Szinpin davlatimiz rahbarini joriy yil mart oyida bo‘lib o‘tgan Prezident saylovidagi g‘alabasi bilan yana bir bor tabriklab, O‘zbekiston xalqi Islom Karimov rahbarligida barcha sohalarda yanada katta yutuqlarni qo‘lga kiritishiga ishonch bildirdi.

XXR Raisi Xitoy tomoni O‘zbekistonda tibbiyot, ta’lim va axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohalaridagi islohotlarni qo‘llab-quvvatlash uchun texnik yordam sifatida 350 million yuan miqdorida grant ajratganini ma’lum qildi.

Uchrashuvda ShHT doirasidagi hamkorlik masalalari yuzasidan ham fikr almashildi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov shu kuni Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin bilan uchrashdi.

Ushbu uchrashuv O‘zbekiston bilan Rossiya o‘rtasida ittifoqchilik munosabatlari o‘rnatilganining 10-yilligida o‘tayotgani hamda hamkorlikning barcha ustuvor va istiqbolli yo‘nalishlari bo‘yicha fikr almashish uchun qulay fursat ekani ta’kidlandi.

Prezidentlar siyosiy, savdo-iqtisodiy va gumanitar hamkorlik masalalarini muhokama qildilar. Mintaqaviy xavfsizlikka doir dolzarb masalalar yuzasidan fikr almashildi.

O‘zbekiston va Rossiya ShHT va MDH doirasida faol hamkorlik qilayotgani qayd etildi.

Rossiya O‘zbekistonning yirik savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy sheriklaridan biri ekanligi ta’kidlandi. Mamlakatlarimiz o‘rtasida tovar ayirboshlash hajmi izchil ortib borayotir. 2014-yilda bu boradagi ko‘rsatkich 6 milliard dollardan oshgan.

Vladimir Putin Islom Karimovni davlat tashrifi bilan Rossiya Federatsiyasiga taklif etdi.

Shu bilan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimovning Ufa shahriga tashrifi yakuniga yetdi.

Manba: O`zbekiston Respublikasi Prezidentining matbuot xizmati.

Вы можете izih qoldirish, yoki trackback sazning saytingizdan.

Izoh qoldirish

Siz majbursiz tizimga kirish , izoh qoldirish uchin

OAV sifatida davlat ro'yhatidan o'tganligi to'g'risida 2013.12.04 da 0954-sonli Guvohnoma berilgan, ISSN 2181-7332