Prezident Islom Karimovning Navro‘z bayramiga bag‘ishlangan tantanali marosimdagi so‘zi

Mushtariylar: 1613
Islom Karimov

Assalomu alaykum, aziz vatandoshlar!

Muhtaram mehmonlar!

Shu kunlarda tabiat uyg‘onib, bahor kelishi bilan ona yurtimiz – O‘zbekistonimiz zaminiga Navro‘zi olam kirib kelmoqda.

Hammamiz orziqib kutadigan, yangilanish va yasharish, shodu xurramlik ramzi bo‘lgan ana shunday eng ko‘hna, olijanob bayram bilan siz, azizlarimni, butun xalqimizni chin qalbimdan tabriklab, barchangizga o‘zimning yuksak hurmat-ehtiromimni bildirishdan baxtiyorman.

Qadrli yurtdoshlarim!

Barchamizga ma’lum, dunyoda bir-biridan buyuk, bir-biridan ajoyib bayramlar ko‘p. Lekin ular orasida Navro‘z ayyomi o‘zining qadimiyligi, tabiatimizga uyg‘unligi va go‘zalligi bilan, ma’no-mazmunining teranligi bilan boshqalardan ajralib turadi.

Va ayni shuning uchun ham uyg‘onish va yasharish timsoli bo‘lmish bu buyuk ayyomni har bir xonadon, har bir oilada bag‘rini keng ochib, “Xush kelibsan o‘lkamizga Navro‘z, qadaming qutlug‘ bo‘lsin!” deb, eng katta orzu-niyatlar bilan kutib oladilar.

Haqiqatan ham, ming yillar avval – “Avesto” davrida paydo bo‘lgan Navro‘zi olam bizning xalqimiz uchun eng ko‘hna, asl milliy, sharqona yangi yil debochasi sifatida doimo sog‘inib, ardoqlab qarshi oladigan, har qaysi uyga shodlik va xursandchilik olib kelishi, o‘sha zamonlardan buyon xalqimizga mansub bo‘lgan an’ana va qadriyatlarni bezavol saqlab kelishi bilan barchamizga qadrli va azizdir.

Ko‘klam ayyomi kelishi bilan ajdodlarimiz, ota-bobolarimiz rizqu ro‘zini tilab, qo‘sh haydab, dalaga don sochib, yam-yashil adirlarda ot choptirib, Navro‘z sayillarini o‘tkazgani xuddi kechagidek bo‘lib tuyuladi va barchamizni beixtiyor ana shu bayramona kayfiyatga berilib ketishga undaydi.

Ayni shu kunlarda mahalla-ko‘y doshqozonlar atrofida jamuljam bo‘lib, ayollarimiz, momolarimiz tunni tun demasdan, hech charchamasdan, ezgu niyat, zavq va xursandchilik bilaninsonga kuch-quvvat beradigan sumalak va halim, ko‘ksomsa va go‘ja kabi tansiq ne’matlarni tayyorlab, ularni o‘z oilasi va do‘stu birodarlari bilan baham ko‘rishi kabi ota-bobolarimiz, ajdodlarimizdan qolgan betakror an’ana va odatlarimiz yurtimizga, uylarimizga kirib qolgandek, o‘zimizni esa atrof-tabiatimizning ajralmas bir qismidek his qilamiz.

Ana shu dilbar faslda insonlarning bir-biriga mehribonlik ko‘rsatishi, bemorlarga, muhtoj bo‘lganlarga beminnat yordam berish, tabarruk keksalarimizning duosini olish kabi noyob fazilatlar albatta odamning ko‘nglini yumshatadi, doim yaxshilikka intilishga, o‘zaro mehr-oqibatli bo‘lishga chorlaydi.

Navro‘zi olamning yana bir betakror xislati borki, u har qaysi uy, har qaysi yurtda, butun yer yuzida tinchlik va osoyishtalik bo‘lishiga da’vat etadi.

Bu ayyomda turli gina va arazlar unutiladi, urush va janjallar to‘xtaydi, murosai madora, ahillik, odamiylik qaror topadi.

Aziz yurtdoshlar, qadrdonlarim!

Shular haqida gapirganda, Navro‘zning bunday o‘lmas g‘oyalari, ruhi va falsafasi hozirgi kunda tobora kuchayib borayotgan qarama-qarshiliklarni, turli mojaro va urushlarni faqatgina siyosiy va tinchlik yo‘li bilan yechish kerakligiga da’vat etishini, uni aynan bugungi hayotimizning eng o‘tkir, eng dolzarb muammolari bilan uzviy bog‘langanini yana bir bor tasdiqlab beradi.

Bizga, o‘zbek xalqiga nima kerak – tinchlik va omonlik kerak, degan da’vat el-yurtimiz orasida tobora keng tarqalib bormoqda. Buning asosiy ma’nosi – bugungi notinch, keskinlashib borayotgan zamon barchamizdan hushyor va ogoh bo‘lishni talab etayotganini, tinch va osuda hayot uchun, mana shu musaffo osmon uchun kurashish, butun dunyo bilan hamjihat va hamkor bo‘lib yashashni bildiradi.

Fursatdan foydalanib, bugungi Navro‘z shodiyonamizda ishtirok etayotgan barcha chet ellik mehmonlarimizga, xorijiy elchixonalar va xalqaro tashkilotlarning vakillariga sizlarning nomingizdan, butun xalqimiz nomidan chuqur hurmat va minnatdorlik bildirib, ularning mamlakatlari va xalqlariga tinchlik-omonlik, farovonlik va ravnaq tilashga ijozat bergaysiz.

Bugun katta umid va ishonch bilan hayotga kirib kelayotgan, o‘z fikriga, zamonaviy bilimga ega, Vatanimizning ertangi kuni uchun mas’uliyatni o‘z zimmasiga olishga qodir bo‘lgan siz, navqiron o‘g‘il-qizlarimizga, sizlarning timsolingizda butun O‘zbekiston yoshlariga qarata aytmoqchiman: biz hech qachon hech kimdan kam bo‘lmaganmiz va hech qachon hech kimdan kam bo‘lmaymiz!

Ko‘zlagan maqsad-muddaolarimizga albatta yetamiz!

Aziz va muhtaram vatandoshlarim!

Barcha-barchangizni bag‘rimga bosib, yana va yana bir bor bugungi go‘zal ayyom bilan qutlab, qalbimdan, yuragimdan chiqadigan samimiy tilaklarimni izhor etmoqchiman.

Navro‘z har bir oila, har bir xonadonga, butun yurtimizga tinchlik-omonlik, baxtu saodat, fayzu baraka olib kelsin!

Ezgu orzu-niyatlarimiz ushalsin, O‘zbekistonimiz yanada obod va farovon bo‘lsin!

Navro‘zi olam barchamizga muborak bo‘lsin!

Manba: O`zbekiston Respublikasi Prezidentining matbuot xizmati.

Вы можете izih qoldirish, yoki trackback sazning saytingizdan.

Izoh qoldirish

Siz majbursiz tizimga kirish , izoh qoldirish uchin

OAV sifatida davlat ro'yhatidan o'tganligi to'g'risida 2013.12.04 da 0954-sonli Guvohnoma berilgan, ISSN 2181-7332