Shanxay hamkorlik tashkilotining Toshkent sammiti o’z ishini yakunladi

Mushtariylar: 1291
Тсшкент ШОС2 23-24.06.16

2016-yil 23-24-iyun kunlari Ko‘ksaroyda Shanxay hamkorlik tashkiloti Davlat rahbarlari kengashining navbatdagi majlisi bo‘ldi. ShHT sammiti tashkilotga a’zo davlatlar rahbarlarining tor doiradagi uchrashuvi bilan boshlandi.O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov raisligida o‘tgan uchrashuvda Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Nursulton Nazarboyev, Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpin, Qirg‘iziston Respublikasi Prezidenti Almazbek Atamboyev, Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin, Tojikiston Respublikasi Prezidenti Imomali Rahmon ishtirok etdi.

Shanxay hamkorlik tashkiloti 2001-yil 15-iyunda Shanxay shahrida O‘zbekiston, Qozog‘iston, Xitoy, Qirg‘iziston, Rossiya va Tojikiston imzolagan ShHTni tashkil etish to‘g‘risidagi deklaratsiya asosida tuzilgan.

Yubiley sammitida davlat rahbarlari ShHTning 15-yillik faoliyati asosiy natijalarini ko‘rib chiqdilar. Tashkilot nufuzli va ahamiyatli tuzilma sifatida xalqaro maydonda mustahkam o‘rin egallagani alohida ta’kidlandi.

Majlisda xalqaro terrorizm, ekstremizm va uning boshqa ko‘rinishlari bugungi kunda dunyoning barcha mamlakatlari uchun birdek xavf solayotgani alohida ta’kidlandi. Ushbu tahdidlarga faqat hamkorlikda, jahon hamjamiyati harakatlarini birlashtirish orqali qarshi kurashish mumkinligi qayd etildi.

Davlat rahbarlari kengashining kengaytirilgan tarkibdagi majlisida kuzatuvchi maqomidagi mamlakatlar delegatsiyalari rahbarlari – Afg‘oniston Islom Respublikasi Prezidenti Ashraf G‘ani, Belarus Respublikasi Prezidenti Aleksandr Lukashenko, Hindiston Respublikasi Bosh vaziri Narendra Modi, Mo‘g‘uliston Respublikasi Prezidenti Saxiagiyn Elbegdorj, Pokiston Islom Respublikasi Prezidenti Mamnun Husayn, Eron Islom Respublikasi tashqi ishlar vaziri Muhammad Zarif, sammit mehmoni – Turkmaniston Prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov ham ishtirok etdi. Shuningdek, majlisda ShHT Bosh kotibi Rashid Alimov, Mintaqaviy aksilterror tuzilmasi ijroiya qo‘mitasi direktori Yevgeniy Sisoyev qatnashdi.

Sammitda Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi o‘rinbosari Jefri Feltman, Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi Ijroiya qo‘mitasi raisi – Ijrochi kotibi Sergey Lebedev, Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkiloti Bosh kotibi Nikolay Bordyuja, ASEAN Bosh kotibi Le Liong Min, Osiyoda hamkorlik va ishonch choralari bo‘yicha kengashning ijrochi direktori Gun Szyanvey ham ishtirok etdi.

Hindiston Respublikasi va Pokiston Islom Respublikasining ShHTga a’zo davlat maqomini olish yo‘lidagi majburiyatlari to‘g‘risidagi memorandumlar imzolangani Toshkent sammitining muhim voqealaridan bo‘ldi.

Hindiston va Pokistonning ShHTning teng huquqli a’zosi maqomiga ega bo‘lishi tashkilot imkoniyatlarini kengaytirib, xalqaro maydonda dolzarb muammolarni hal etish, mintaqa va umuman dunyoda xavfsizlik va barqaror taraqqiyotni ta’minlaydigan ko‘p tomonlama mexanizm sifatida tashkilot rolini yanada oshirishga xizmat qilishi ta’kidlandi.

Davlat rahbarlari Ozarbayjon Respublikasi, Armaniston Respublikasi, Kambodja Qirolligi va Nepalga ShHTning muloqot bo‘yicha sheriklari maqomini berish to‘g‘risidagi memorandum imzolanishini ma’qulladilar.

Muzokaralar yakunida ShHT o‘n besh yilligining Toshkent deklaratsiyasi, ShHTning 2025-yilgacha rivojlanish strategiyasini amalga oshirish bo‘yicha 2016-2020-yillarga mo‘ljallangan harakatlar rejasini tasdiqlash to‘g‘risidagi qaror va boshqa hujjatlar imzolandi.

Shu bilan ShHTning Toshkent sammiti yakuniga yetdi. U tashkilot faoliyati samaradorligini oshirish, mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirish va xavfsizlikni mustahkamlash yo‘lida muhim kelishuvlarga erishilgan sammit sifatida ShHT tarixidan alohida o‘rin oladi.

ShHTga raislik Qozog‘iston Respublikasiga o‘tdi.

Maqolaning to’liq matni shu erda joylashgan.

Manba: O`zbekiston Respublikasi Prezidentining matbuot xizmati.

Вы можете izih qoldirish, yoki trackback sazning saytingizdan.

Izoh qoldirish

Siz majbursiz tizimga kirish , izoh qoldirish uchin

OAV sifatida davlat ro'yhatidan o'tganligi to'g'risida 2013.12.04 da 0954-sonli Guvohnoma berilgan, ISSN 2181-7332