O‘zaro ishonch va manfaatdorlik – strategik sheriklikning asosiy tamoyillari

Mushtariylar: 1134
Каримов и Си

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpinning taklifiga binoan 19-avgust kuni davlat tashrifi bilan Pekinga keldi.

So‘nggi yillarda O‘zbekiston-Xitoy munosabatlari keng ko‘lam kasb etib, strategik sheriklik yuksak darajaga ko‘tarildi. Mamlakatlarimizning milliy manfaatlariga, O‘zbekiston va Xitoyning iqtisodiy taraqqiyotiga, jahondagi nufuzi yuksalishiga xizmat qiladigan bu aloqalar, avvalo, Islom Karimov va Si Szinpin o‘rtasidagi do‘stlik, mustahkam ishonch negizida, shuningdek, Do‘stlik va hamkorlik to‘g‘risidagi shartnoma hamda Ikki tomonlama strategik hamkorlikni yanada chuqurlashtirish va rivojlantirish haqidagi qo‘shma deklaratsiya ruhida taraqqiy etmoqda.

Bu ikki davlat rahbarlari muntazam uchrashib, o‘zaro munosabatlarni yanada yuqori pog‘onaga ko‘tarishning yangi imkoniyatlarini ochish va ishga solish, O‘zbekiston va Xitoyning barcha sohalardagi salohiyatini to‘la yuzaga chiqarish borasida fikr almashib kelayotganida ham yaqqol namoyon bo‘lmoqda. Xususan, Prezident Islom Karimovning 2012-yil iyun oyida Xitoyga tashrifi chog‘ida o‘ttizdan ortiq sarmoyaviy loyihani amalga oshirishga qaratilgan umumiy qiymati 5,3 milliard AQSh dollariga teng hujjatlar imzolangan edi. XXR Raisi Si Szinpinning 2013-yil sentabr oyidagi O‘zbekistonga tashrifi doirasida yana 15 milliard dollarlik loyihalarni ko‘zda tutuvchi 31 hujjat imzolandi.

Islom Karimov va Si Szinpin joriy yil may oyida Osiyoda hamkorlik va ishonch choralari bo‘yicha kengashning IV sammiti doirasida Shanxay shahrida ham uchrashdilar.

Bu galgi tashrifning asosiy voqealari 19-avgust kuni bo‘lib o‘tdi.

Butunxitoy xalq vakillari kengashi saroyida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentini rasmiy kutib olish marosimi o‘tkazildi.

Shundan so‘ng Islom Karimov va Si Szinpinning tor doiradagi uchrashuvi boshlandi. Unda tomonlar O‘zbekiston bilan Xitoy o‘rtasidagi munosabatlarni yanada rivojlantirish bilan bog‘liq keng ko‘lamli masalalar, tomonlarni qiziqtirgan mintaqaviy va xalqaro muammolar yuzasidan atroflicha fikr almashdilar.

Islom Karimov O‘zbekiston tomoni Xitoy rahbariyati bilan har bir uchrashuvni yuksak qadrlashini, bugungi muzokaralar oliy darajadagi muloqotlarning mantiqiy davomi ekanini ta’kidladi.

Si Szinpin O‘zbekistonni Xitoyning ishonchli sherigi deb bilishini, ikki tomonlama hamkorlik uzoq muddatlilik va o‘zaro manfaatdorlik asosida rivojlanayotganini qayd etdi.

Tomonlar o‘zaro siyosiy ishonchni mustahkamlash, xalqaro maydonda bir-birini qo‘llab-quvvatlash va sa’y-harakatlarni muvofiqlashtirish hamda xavfsizlik sohasidagi hamkorlikni davom ettirishga kelishib oldi.

ShHT doirasidagi munosabatlar, ushbu tuzilmani rivojlantirish masalalari ham ko‘rib chiqildi.

Davlat rahbarlari savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy aloqalar o‘zaro munosabatlarning muhim bo‘g‘ini ekanini inobatga olgan holda, ishbilarmonlarning bevosita muloqotlarini yanada faollashtirish, savdo va investitsiyaga oid ko‘rsatkichlarni yuksaltirish, energetika, noxomashyo, yuqori texnologiyalar, transport infratuzilmalarini rivojlantirish sohalaridagi hamkorlik ko‘lamini oshirish masalalarini muhokama qildilar.

Islom Karimov va Si Szinpin muzokarani O‘zbekiston va Xitoy rasmiy delegatsiyalari a’zolari ishtirokida davom ettirdilar.

O‘zbek va xitoy xalqlari o‘rtasidagi munosabatlar Buyuk Ipak yo‘li tarixi bilan chambarchas bog‘lanib ketgan bo‘lib, milliy qadriyat va an’analarimiz jahon madaniyatini rivojlantirishga ulkan hissa qo‘shgan, savdo aloqalarimiz esa dunyo ahliga o‘z davrining noyob buyumlarini taqdim etgan. Bugun inson hayotining ehtiyojlariga aylangan choy, paxta, ipak, qog‘oz kabi mahsulotlar ularning bir qismi, xolos.

Kengaytirilgan tarkibdagi muzokarada ana shunday uzoq tarixga ega iqtisodiy va madaniy hamkorlikni hozirgi zamon ruhi va talablari asosida yanada rivojlantirish masalalari ko‘rib chiqildi.

Xitoy O‘zbekistonning eng yirik savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy sheriklaridan biri ekanini qayd etish joiz. Xususan, so‘nggi olti yilda mamlakatlarimiz o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi qariyb 6 barobar oshdi va 2013-yilda 5,2 milliard AQSh dollarini tashkil etdi. O‘zbekistonda Xitoy sarmoyasi ishtirokida tuzilgan 482 korxona faoliyat yuritmoqda. Ularning yetmishdan ziyodi to‘laligicha Xitoy investitsiyalari hisobiga tashkil etilgan. Yurtimizda Xitoyning 74 kompaniyasi o‘z vakolatxonasini ochgan.

Xitoy O‘zbekistonning barqaror taraqqiyot sur’atlarini yuksak baholashini hamda yurtimizda iqtisodiyotning yangi yuqori texnologiyali tarmoqlarini yaratish va rivojlantirishga, sanoat korxonalarini modernizatsiyalash va texnologik jihatdan qayta jihozlashga qaratilgan sa’y-harakatlarni qo‘llab-quvvatlashini bildirmoqda.

Oliy darajadagi kelishuvlarga binoan, 2013-yilda “Jizzax” maxsus industrial zonasi shaklida O‘zbekiston-Xitoy yuqori texnologiyalar sanoat parki tashkil etildi. Bu yerda mobil telefonlar, qurilish materiallari va boshqa mahsulotlar ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi. Joriy yilda “Jizzax” maxsus industrial zonasida Xitoy kompaniyalarining qiymati 50 million dollardan ziyod to‘g‘ridan-to‘g‘ri sarmoyasi ishtirokida o‘n beshdan ortiq qo‘shma loyihani amalga oshirish ko‘zda tutilgan.

Hamkorlikning ko‘lami naqadar keng ekanini yoqilg‘i-energetika majmui ham yaqqol namoyish etadi. Xitoyning qator kompaniyalari mamlakatimizdagi uglevodorod konlarini qidirish va qazish ishlarida faol ishtirok etmoqda. Xitoy Milliy neft-gaz korporatsiyasi (CNPC) nafaqat istiqbolli uglevodorod konlarini topish va o‘zlashtirish, balki Muborak gaz-kimyo majmuasida tabiiy gazni chuqur qayta ishlash loyihasini amalga oshirishda ham qatnashmoqda. Ikki mamlakat ham Xitoyga uzluksiz tabiiy gaz yetkazib berishni ta’minlovchi “Markaziy Osiyo – Xitoy” gaz quvurini qurish va ishga tushirishni strategik muhim ahamiyatga molik loyiha, deb biladi.

O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasida eng qisqa temir yo‘l tarmog‘ini barpo etish ham iqtisodiy hamkorlikning strategik yo‘nalishlaridandir. Bu Xitoyning Markaziy Osiyo mamlakatlariga, undan keyin Janubiy Osiyoga chiqishini ta’minlaydi. O‘zbekiston Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston temir yo‘li qurilishini qo‘llab-quvvatlaydi. Mazkur yo‘nalish 124 kilometrlik elektrlashtirilgan Angren – Pop temir yo‘li qurilishi loyihasini o‘z ichiga olgan. 2013-yilda “O‘zbekiston temir yo‘llari” davlat aksiyadorlik temir yo‘l kompaniyasi va Xitoyning China Railway Tunnel Group kompaniyasi o‘rtasida Qamchiq dovonidan tunnel orqali o‘tadigan “Angren – Pop” temir yo‘l liniyasini qurish bo‘yicha umumiy qiymati 455 million dollarlik shartnoma imzolanishi bilan xitoylik hamkorlar ishtirokida bu boradagi ishlar boshlab yuborildi. Loyiha 19 kilometrlik temir yo‘l tunneli qurishni ko‘zda tutadi. Ayni paytda liniyaning 60 kilometrdan ko‘proq qismi qurib bitkazilgan.

Moliyaviy sohadagi hamkorlik faol rivojlanmoqda. Xitoy Davlat taraqqiyot banki va Eksimbanki singari moliya institutlarining jami kreditlari hajmi 4,5 milliard dollardan oshadi. Ular sog‘liqni saqlash, ta’lim, energetika, transport va telekommunikatsiya sohalariga yo‘naltirilgan.

Mamlakatlarimiz o‘rtasida madaniyat, fan va texnika sohalaridagi hamkorlik ham izchil rivojlanmoqda. 2003-yilda Xitoyning Chanchun shahrida o‘tgan VI jahon haykaltaroshlari forumi doirasida buyuk miniatyurachi Kamoliddin Behzod haykali ochildi.

O‘zaro madaniy-gumanitar munosabatlarni mustahkamlashda “O‘zbekiston – Xitoy” va “Xitoy Xalq Respublikasi – Markaziy Osiyo mamlakatlari” do‘stlik jamiyatlari muhim ahamiyat kasb etmoqda.

2013-yil 15-may kuni Shanxay universiteti huzuridagi ShHT Jamoat diplomatiyasi ilmiy tadqiqot institutida O‘zbekiston tadqiqotlari va ta’lim almashuvlari markazi ochildi.

2011-yilda Pekin va Sian shaharlarida O‘zbekiston madaniyati haftaligi, 2012-yilda Toshkent va Samarqandda Xitoy madaniyati haftaligi o‘tkazildi. 2013-yilda Xitoyning bir qator yirik shaharlarida “O‘zbekistonning taniqli rassomlari asarlari” badiiy ko‘rgazmasi tashkil etildi.

Mamlakatlarimiz madaniyat va san’at namoyandalari O‘zbekiston va Xitoyda o‘tadigan barcha yirik madaniy tadbirlarning doimiy ishtirokchilaridir. Xususan, Xitoy san’atkorlari har ikki yilda Samarqandda o‘tadigan “Sharq taronalari” xalqaro musiqa festivalida muntazam va faol qatnashib kelmoqda.

Ta’lim sohasida hukumatlar va idoralararo, jumladan, o‘zbek va xitoy tillarini o‘rganish doirasida talaba va stajyorlar almashish tobora ko‘paymoqda. Toshkentdagi Konfutsiy nomidagi institutda har yili 350 dan ziyod tinglovchi saboq oladi. 2010-yilning iyun oyida Xitoy millatlar markaziy universiteti rus tili va Markaziy Osiyo xalqlari tillari fakultetida o‘zbek tili bo‘limi ochildi. 2012-2013 o‘quv yilidan boshlab Pekin chet tillar universitetida o‘zbek tili o‘qitilishi yo‘lga qo‘yildi.

Ikki tomonlama kelishuvga muvofiq va ShHT doirasida XXR hukumati 2013-2014 o‘quv yilida o‘zbekistonlik 120 talaba va stajyorga grant ajratdi. Konfutsiy nomidagi institut orqali Lanchjou universitetida o‘zbekistonlik yetmishga yaqin talaba tahsil olmoqda.

Samarqand shahrida Konfutsiy institutini tashkil etish bo‘yicha o‘tgan yili imzolangan hamkorlik to‘g‘risidagi bitim ta’lim sohasidagi o‘zaro hamkorlikni yanada faollashtirishga xizmat qiladi.

Tomonlar turizm sohasidagi hamkorlikka alohida e’tibor qaratmoqda. 2010-yildan O‘zbekiston Respublikasiga xitoylik sayyohlarning guruh-guruh bo‘lib sayohat qiladigan turistik mamlakat maqomini berish jarayoni boshlandi. Mamlakatimizning turizm sohasidagi salohiyati «China Outbound Travel & Tourism Market-2013» (aprel, Pekin) hamda «WTF – 2013» (may, Shanxay) xalqaro professional turizm yarmarkalarida keng namoyish etildi.

Toshkent va Shanxay, Samarqand va Sian, Navoiy va Chjuchjou shaharlari, Toshkent viloyati va Xunan provinsiyasi, Samarqand viloyati va Shansi provinsiyasi o‘rtasida birodarlik aloqalari o‘rnatilganini ham ta’kidlash joiz.

Muzokaralar yakunida Islom Karimov va Si Szinpin O‘zbekiston Respublikasi bilan Xitoy Xalq Respublikasi o‘rtasidagi Qo‘shma deklaratsiyani imzoladilar. Shuningdek, mamlakatlarimiz o‘rtasida texnikaviy-iqtisodiy, energetika, yuqori texnologiyalar, bank-moliya kabi sohalardagi hamkorlikni yanada rivojlantirishga qaratilgan qator hujjatlar imzolandi. 2014-2018-yillarga mo‘ljallangan Strategik sheriklik munosabatlarini rivojlantirish dasturi qabul qilindi.

Ommaviy axborot vositalari vakillari bilan uchrashuvda Islom Karimov va Si Szinpin bo‘lib o‘tgan muzokaralar o‘zaro hurmat, ishonch va manfaatdorlik ruhida o‘tganini, muhokama qilingan masalalar bo‘yicha tomonlarning yondashuv va qarashlari o‘xshash va yaqinligini ta’kidladilar. Erishilgan kelishuvlar O‘zbekiston-Xitoy munosabatlarini yanada rivojlantirish va ikki mamlakat xalqlarining farovonligini yuksaltirishga xizmat qilishi alohida qayd etildi.

Tomonlar ushbu tashrif O‘zbekiston-Xitoy munosabatlari tarixidan yana bir muhim bosqich sifatida joy olishini ta’kidlar ekan, oliy darajadagi muloqotlarni izchil davom ettirishga, iqtisodiyot, energetika, moliya, sarmoya, yuqori texnologiyalar kabi sohalardagi hamkorlikni yanada faollashtirishga, gumanitar aloqalarni kengaytirishga, o‘zaro tovar ayirboshlash hajmini oshirishga tayyor ekanini bildirdilar.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimovning Xitoy Xalq Respublikasiga davlat tashrifi davom etmoqda.

Manba: O`zbekiston Respublikasi Prezidentining matbuot xizmati.

Вы можете izih qoldirish, yoki trackback sazning saytingizdan.

Izoh qoldirish

Siz majbursiz tizimga kirish , izoh qoldirish uchin

OAV sifatida davlat ro'yhatidan o'tganligi to'g'risida 2013.12.04 da 0954-sonli Guvohnoma berilgan, ISSN 2181-7332