O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimovning va Xitoy Xalq Respublikasi raisi Si Szinpinning Angren – Pop elektrlashtirilgan temir yo‘li ochilishiga bag‘ishlangan tantanali marosimdagi nutqi

Каримов и Си ЖД Ангрен-Пап 3

Muhtaram Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpin janoblari!
Hurmatli do‘stlar, azizlarim, qadrdonlarim!
Avvalambor, mana shunday ulkan, haqiqatan ham noyob loyihani amalga oshirishda ishtirok etgan, o‘zining fidokorona mehnati, azmu shijoati bilan hammamiz, butun xalqimiz uchun bugungi quvonchli voqea, tarixiy kunni taqdim etgan barcha insonlarni, sizlarning har biringizni, butun el-yurtimizni bag‘rimga bosib, tariximizda ilgari hech ko‘rilmagan shunday mislsiz yutuq bilan chin qalbimdan samimiy muborakbod etishdan baxtiyorman.
O‘zining mardona mehnati bilan mana shunday unutilmas kunlarga, buyuk marralarga yetib kelishimizga beqiyos hissa qo‘shgan insonlar, barcha quruvchilar, temir yo‘l sohasining mohir ishchi-xizmatchilariga o‘z nomimdan, xalqimiz nomidan chuqur minnatdorlik bildiraman.
Bu quvonchli kunni xalqimiz, jumladan, Andijon, Namangan va Farg‘ona viloyatlari aholisi necha yillar davomida orzu qilgani, ota-bobolarimiz uchun armon bo‘lgan bu baxt albatta bizlarga nasib etadi, deb ayniqsa oxirgi yillarda intizorlik bilan kutgani sir emas.
Men bugun barcha do‘stlarim, qadrdonlarimga, mana, biz sizlarga bergan va’damizning ustidan chiqdik, bugun O‘zbekiston uchun haqiqatan ham mustaqil taraqqiyotimiz solnomasiga alohida yorqin sahifa bo‘lib yoziladigan tarixiy bir kundir, deb katta mamnuniyat bilan ta’kidlab aytmoqchiman.
Hurmatli do‘stlar!
Bugungi voqeaning mohiyati va ahamiyati haqida gapirganda, avvalo Qamchiq tunneli orqali Farg‘ona vodiysini mamlakatimizning markazi va boshqa hududlari bilan bog‘laydigan ushbu temir yo‘l qurib bitkazilishi bilan O‘zbekistonda yagona, mustaqil milliy transport kommunikatsiya tizimi to‘la shakllangani, hech shubhasiz, hammamizga xursandchilik va g‘urur-iftixor yetkazadi.
Yurtimiz zaminida ko‘p asrlar davomida shunday achinarli holat yuzaga kelgan ediki, xalqimiz o‘rtasida “oltin vodiy” deb nom olgan Farg‘ona vodiysi Qamchiq dovoni tufayli O‘zbekistonning boshqa hududlaridan ajralib qolgan edi. Barcha kommunikatsiya tarmoqlari, avvalambor, transport-logistika aloqasi qo‘shni davlat hududi orqali amalga oshirilar edi. Tabiiyki, bunday noqulay holat bugungi kunda mamlakatimiz aholisining 10 milliondan ziyodi yashayotgan Andijon, Farg‘ona va Namangan viloyatlarining hayotiy ehtiyojlarini ta’minlash, iqtisodiyot tarmoqlarining barqaror faoliyat ko‘rsatishi bo‘yicha jiddiy muammolarni yuzaga keltirayotgan edi.
O‘zim guvoh bo‘lganman: odamlarimiz uzoq yillar davomida Farg‘ona vodiysini mamlakatimizning boshqa hududlari bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri bog‘laydigan kunlar kelishini orzu qilib kelardi. Bugun barchangizni, avvalambor, o‘zbek xalqini, xitoylik hamkorlarimizni, mening do‘stim, Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpin janoblarini mana shunday ulkan g‘alaba bilan chin qalbimdan muborakbod etaman.
Bugungi imkoniyatdan foydalanib aytmoqchiman, kelinglar, mana shu zalda o‘tirganlar va Qamchiq tunneli oldida yig‘ilgan, bizni ko‘rib turgan yurtdoshlarimiz va xitoylik do‘stlarimiz, hammamiz birgalikda 1 milliard 300 milliondan ziyod aholi istiqomat qiladigan mamlakat rahbariga, menga ruhan yaqin bo‘lgan, doimo o‘zining qat’iyati va matonatini namoyish etib, aytgan so‘zining ustidan chiqadigan, o‘z va’dasini albatta bajaradigan Si Szinpin janoblariga minnatdorlik bildirib, unga katta rahmatlar aytaylik.
Miqyosi va ko‘lamiga ko‘ra juda ulkan va murakkab bo‘lgan bunday zamonaviy loyihani aynan hozirgi kunda – mustaqil O‘zbekistonning salohiyat va imkoniyatlari yanada yuksalib borayotgan bir paytda amalga oshirishga erishganimiz albatta bejiz emas.
Mazkur noyob inshoot qurilishini muvaffaqiyatli amalga oshirganimizning yana bir muhim omili zamonaviy tunnel qurilishi uchun bosh pudratchi sifatida Xitoyning dunyoga mashhur “Chayna reylvey tonnel grupp” kompaniyasi tanlab olinganidadir. Bu kompaniya o‘z zimmasidagi vazifani a’lo darajada amalga oshirdi. Qisqa muddatda, ya’ni bor-yo‘g‘i 32 oy ichida asriy qoya-toshlardan iborat murakkab tog‘li hududda xitoylik quruvchilar tomonidan uzunligi 19,2 kilometrni tashkil etadigan tunnel barpo etildi.
Ayni shu davrda bizning “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyatimiz, bugungi kunda barchani, butun O‘zbekiston xalqini, shaxsan meni hayratda qoldirayotgan azmu shijoatli quruvchilarimiz tom ma’noda buyuk ishlarni amalga oshirdi. Va men ularning mardona mehnatini yuksak baholab, mana shu tunnel va Angren – Pop temir yo‘li bilan birga butun O‘zbekistonning taraqqiyoti va gullab-yashnashiga xizmat qiladigan yutuqlarga munosib hissa qo‘shgani uchun barcha temiryo‘lchilarga ta’zim qilaman.
Hammangizga yaxshi ma’lum, mazkur elektrlashtirilgan temir yo‘lning umumiy uzunligi 123 kilometrdan iborat. Qurilish jarayonida xitoylik va o‘zbekistonlik quruvchilar, ishchi va muhandislar, mutaxassislar o‘zaro hamjihatlikda ish olib borgani, o‘zlarining qanday mustahkam iroda, yuksak kasb mahoratiga ega ekanini namoyon qilganini alohida qayd etmoqchiman. Ushbu loyiha doirasida 2 ta vokzal, 8 ta yangi stansiya, yo‘lovchilar platformalari, yuqori quvvatga ega bo‘lgan 4 ta podstansiya barpo etildi. Shu bilan birga, g‘oyat murakkab muhandislik inshootlari, umumiy uzunligi 2,5 kilometr bo‘lgan 19 ta ko‘prik va yo‘l o‘tkazgichlar, 2 ta galereya, elektr uzatish tarmoqlari hamda boshqa ko‘plab ishlab chiqarish va muhandislik obyektlari bunyod etilganini ta’kidlash lozim. Eng yuksak xalqaro talablarga javob beradigan, jahon tajribasida noyob bo‘lgan mazkur obyekt quruvchilariga Farg‘ona vodiysi aholisi, butun o‘zbek xalqi nomidan chuqur minnatdorlik bildirish menga katta mamnuniyat bag‘ishlaydi.
Endi, ruxsatingiz bilan, bu yo‘l biz uchun qanday rivojlanish istiqbollarini ochib berishi, uning amaliy ahamiyati haqida ikki og‘iz to‘xtalib o‘tmoqchiman.
Birinchidan, ushbu temir yo‘l tarmog‘ining qurilishi orqali mustaqil O‘zbekistonda yagona va yaxlit temir yo‘l tizimi shakllanishi nihoyasiga yetkazilib, aholimizning uchdan bir qismi istiqomat qiladigan Farg‘ona vodiysi viloyatlarini mamlakatimizning boshqa hududlari bilan ishonchli bog‘lash imkoni yaratildi.
Shu ma’noda, bugun butun Farg‘ona ahli uchun katta bayram, unutilmas tarixiy kun, desak, hech qanday mubolag‘a bo‘lmaydi.
O‘zingiz tasavvur qiling, bugungi kunda erishayotgan yutuqlari bilan dunyo hamjamiyatini hayratga solayotgan davlat sifatida biz o‘z hududimizning bir qismi bilan, do‘st mamlakat bo‘lsa-da, lekin o‘z manfaatlariga ega bo‘lgan boshqa davlat hududi orqali bog‘langan holatda bundan keyin qanday yashashimiz mumkin edi?
Ikkinchidan, Angren – Pop temir yo‘lining ishga tushirilishi biz uchun yiliga 10 million tonnadan ortiq yukni manzilga yetkazishda ham vaqtni, ham mablag‘ni bir necha barobar tejash, shuningdek, Farg‘ona vodiysining sanoat va infratuzilma sohasidagi ulkan salohiyatini o‘zlashtirish imkonini beradi, O‘zbekiston iqtisodiyotining barqaror sur’atlar bilan rivojlanishida muhim omil bo‘lib xizmat qiladi.
Uchinchidan, ushbu temir yo‘lning foydalanishga topshirilishi O‘zbekistonning tranzit salohiyatini tubdan oshiradi va u kelajakda xalqaro transport kommunikatsiyasining eng muhim tarkibiy qismiga, “Buyuk ipak yo‘li iqtisodiy yo‘nalishi” loyihalaridan birining uzviy bo‘lagiga aylanishi mumkin.
Shu nuqtai nazardan qaraydigan bo‘lsak, kelgusida Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston va shu yo‘nalishdagi boshqa davlatlar hududi bo‘yicha yangi tranzit yo‘llarini barpo etishga to‘g‘ri keladigan bo‘lsa, aytish mumkinki, biz bu boradagi ishlarning katta qismini amalga oshirishga erishdik.
Yana bir muhim masala shundan iboratki, bu temir yo‘lning foydalanishga topshirilishi nafaqat mamlakatimizning tranzit salohiyatini keskin oshirish borasida, balki ko‘p yillar davomida, ayniqsa, qishda tog‘li yo‘llardan o‘tishda qiynalib kelgan oddiy odamlar uchun katta ahamiyatga ega. Shu jihatdan olib qaraydigan bo‘lsak, siz, qadrli quruvchilar, O‘zbekiston temiryo‘lchilari, xitoylik mutaxassislar, Xitoy Xalq Respublikasi rahbariyati mamlakatimiz aholisining og‘irini yengil, mushkulini oson qildingiz.
Hurmatli do‘stlar, ushbu imkoniyatdan foydalanib, O‘zbekiston bilan ikki tomonlama va ko‘p tomonlama munosabatlarning mustahkamlanishiga alohida e’tibor ko‘rsatib kelayotgani uchun bizning do‘stimiz – Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpinga, barcha Xitoy va O‘zbekiston quruvchilari, loyihachilar, muhandislar, temiryo‘lchilarga yana bir bor tashakkur aytmoqchiman. Shuningdek, mamlakatimiz transport tizimini butunlay o‘zgartirgan va O‘zbekiston xalqi uchun shunday katta qulaylik yaratgan bugungi tarixiy voqea bilan sizlarni yana bir bor samimiy tabriklab, bunday ulkan loyihani amalga oshirishga bebaho hissa qo‘shgan barcha-barcha insonlarga chin qalbimdan minnatdorlik bildiraman.

* * *

Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpinning Angren – Pop elektrlashtirilgan temir yo‘li ochilishiga bag‘ishlangan tantanali marosimdagi nutqi
Qadrli Islom Abdug‘aniyevich, hurmatli vazirlar, xonimlar va janoblar, aziz do‘stlar!
Bugun O‘zbekiston Prezidenti Islom Karimov bilan birgalikda Angren – Pop elektrlashtirilgan temir yo‘li tunnelining tantanali ochilish marosimida ishtirok etish menga ulkan mamnuniyat bag‘ishlaydi.
Avvalambor, barchangizni Xitoy hukumati, xalqi hamda shaxsan o‘z nomimdan mazkur tunnelning rasmiy ochilishi bilan tabriklayman. Xitoy va o‘zbek muhandislari, mutaxassislari, quruvchilariga va umuman, ushbu loyihani amalga oshirishda qatnashgan barcha insonlarga samimiy tashakkurimni yetkazmoqchiman.
Yuksak darajada amalga oshirilgan ushbu loyiha uchun barchangizdan minnatdorman.
G‘oyat muhim infratuzilmaga ega bo‘lgan loyiha sifatida barpo etilgan Angren – Pop elektrlashtirilgan temir yo‘li O‘zbekiston temir yo‘l tarmog‘ini takomillashtirishda, Farg‘ona vodiysining boshqa hududlar bilan transport aloqasini yaxshilashda, shuningdek, butun O‘zbekiston iqtisodiyotini rivojlantirishda katta ahamiyat kasb etadi.
Qamchiq tunneli Angren – Pop temir yo‘lining eng muhim bo‘g‘ini hamda qurilish loyihasining murakkab qismi hisoblanadi. Gap uning uzunligi va muhandislik nuqtai nazaridan boshqa murakkab xususiyatlari to‘g‘risida bormoqda. Xitoy va O‘zbekiston mutaxassislari uch yil davomida hamjihatlik bilan birgalikda samarali mehnat qilishdi, katta jasorat ko‘rsatib, barcha qiyinchiliklarni yengib o‘tishdi va shu tariqa Markaziy Osiyoda eng uzun temir yo‘l tunnelining qurilishi muvaffaqiyatli amalga oshirildi. Bu inshoot «Buyuk ipak yo‘li iqtisodiy yo‘nalishi» loyihasining qurilishi sohasida Xitoy – O‘zbekiston hamkorligining ulkan yutug‘i bo‘ldi. Shu bilan birga, bu loyiha xalqlarimiz o‘rtasidagi do‘stlik va hamkorlikning yangi bosqichini boshlab berdi.
Yo‘l-transport sohasidagi o‘zaro aloqalarni rivojlantirish «Buyuk ipak yo‘li iqtisodiy yo‘nalishi» loyihasining muhim yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. Bu ikki tomonlama hamkorligimizning ustuvor asosidir. Biz O‘zbekistonga mintaqaviy transport kommunikatsiyasi sohasidagi hal qiluvchi bo‘g‘in sifatida muhim ahamiyat qaratamiz va bu borada o‘zbekistonlik sheriklarimiz bilan hamkorlikni oshirishdan, ikki mamlakatni rivojlantirish yo‘lida qulay sharoit yaratish uchun ushbu hududda infratuzilmalar bo‘yicha o‘zaro aloqalarni muntazam rivojlantirib borishdan manfaatdormiz.
Hurmatli Islom Abdug‘aniyevich, vazirlar, xonimlar va janoblar, aziz do‘stlar!
Xitoy va O‘zbekiston birinchi navbatda samimiyat va o‘zaro ishonch ruhini qadrlaydigan qo‘shnilar, yaqin do‘st va ishonchli sheriklardir. O‘tgan 24-yil mobaynida o‘rnatilgan aloqalarimiz, ikki tomonlama hamkorligimiz yuksalib, rivojlanib bormoqda. Ayniqsa, 2013-yili mamlakatlarimiz o‘rtasida strategik sheriklik aloqalari o‘rnatilganidan so‘ng Xitoy – O‘zbekiston munosabatlari yangi rivojlanish bosqichiga ko‘tarildi. O‘zaro siyosiy ishonch, manfaatli strategik hamkorlik mustahkamlanib bormoqda. Bu yo‘lda katta yutuqlarga erishildi. Bugun erta tongdan o‘zaro muloqotlarimizni davom ettirib, O‘zbekiston Prezidenti bilan ikki tomonlama munosabatlarimizni har tomonlama strategik sheriklik darajasiga ko‘tarishga qaror qildik. Bundan keyin ham ikki xalq farovonligi yo‘lida ulkan yutuqlarga erishish uchun o‘zbek do‘stlarimiz bilan birgalikda hamkorligimiz rivojiga o‘zimning kuch-g‘ayratimni sarflashga tayyor ekanimni bildirmoqchiman. Xitoy – O‘zbekiston hamkorligi zamirida butun bir kelajak mujassamdir. Hamkorligimiz ko‘lami yanada kengayib, uning istiqboli yorug‘ bo‘ladi, deb ishonaman.
E’tiboringiz uchun rahmat.

Manba: O`zbekiston Respublikasi Prezidentining matbuot xizmati.

2016 yil 29 iyun.

OAV sifatida davlat ro'yhatidan o'tganligi to'g'risida 2013.12.04 da 0954-sonli Guvohnoma berilgan, ISSN 2181 - 7332