O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2016-yil yakunlari va 2017-yilga mo‘ljallangan iqtisodiy dasturning eng muhim ustuvor yo‘nalishlariga bag‘ishlangan ma’ruzasi

Доклад Шавката Мирзиёева 14.01.2017г.

Tanqidiy tahlil, qat’iy tartib-intizom va shaxsiy javobgarlik – har bir rahbar faoliyatining kundalik qoidasi bo‘lishi kerak

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning mamlakatimizni 2016-yilda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning asosiy yakunlari va 2017-yilga mo‘ljallangan iqtisodiy dasturning eng muhim ustuvor yo‘nalishlariga bag‘ishlangan Vazirlar Mahkamasining kengaytirilgan majlisidagi ma’ruzasi

Hurmatli majlis ishtirokchilari!  Mana, 2016-yil yakuniga yetdi. Bu yil O‘zbekiston va uning xalqi uchun ko‘p jihatdan murakkab yil bo‘ldi. Oxirgi besh oyda yuz bergan voqealar buni yaqqol tasdiqlab turibdi.

Yurtimizda bo‘lib o‘tgan Prezident saylovi va O‘zbekiston Konstitutsiyasining 24-yilligiga bag‘ishlangan bayram tadbirlari davlatimiz tizimi mustahkamligini, hokimiyatning barcha bo‘g‘inlari, jamiyatimiz va xalqimizning jipsligini butun dunyoga yana bir bor namoyon etdi.

Barchamiz uchun aziz va qadrli bo‘lgan Islom Abdug‘aniyevich Karimov bugun oramizda yo‘q. Biroq Birinchi Prezidentimiz tomonidan ishlab chiqilgan taraqqiyotning «o‘zbek modeli»ni amalga oshirish va zamonaviy davlat barpo etish borasidagi strategik tamoyillarga biz o‘z ishimizda doimo suyanamiz.

Bu tamoyillar O‘zbekistonda bundan buyon ham siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy o‘zgarishlarni ta’minlashning mustahkam poydevori hisoblanadi.

2017-yilni biz Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili, deb e’lon qildik. Bugungi majlisimizning asosiy mazmunini aynan shu talabdan kelib chiqqan holda belgilashni taklif etaman. Shu munosabat bilan sizlarning e’tiboringizni quyidagi eng muhim masalalarga qaratishni zarur, deb hisoblayman.

Birinchidan, nima sababdan o‘tgan yilda iqtisodiyot tarmoqlari va hududlarni rivojlantirishning ayrim ko‘rsatkichlariga erishilmadi? Buning uchun kim shaxsan javob beradi?

Ikkinchidan, 2017-yilga mo‘ljallangan iqtisodiy dasturning eng muhim yo‘nalishlari va ustuvor vazifalarini belgilab olishimiz zarur.

Uchinchidan, kelgusi besh yil davomida qanday strategik vazifalarni amalga oshirishimiz kerak?

Majlis ishtirokchilarini ogohlantirib aytmoqchiman: «g‘alaba raportlari» va qilingan ishga doir hisobotlarga berilmasdan, asosiy diqqat-e’tiborni mavjud kamchiliklar va ularning ildizlarini puxta tahlil qilishga qaratish zarur. Shuningdek, mamlakat Prezidenti va hukumati darajasida yechiladigan aniq takliflar va muammoli masalalarga e’tibor berish shart.

Majlisni asosan muloqot tarzida o‘tkazishni taklif etaman. Qo‘yilgan savollarga beriladigan javoblar aniq-ravshan va tushunarli bo‘lishi kerak. Bu nafaqat Bosh vazir o‘rinbosarlari, hukumat a’zolari va shu zalda o‘tirgan majlis ishtirokchilariga, balki barcha shahar va tuman rahbarlariga ham birdek tegishlidir.

Bugun mamlakatimizning barqaror rivojlanish yo‘lida izchil ilgarilab borishini tahlil qilar ekanmiz, o‘tgan yili prinsipial muhim islohotlarni amalga oshirish bo‘yicha qat’iy qadamlar qo‘yildi, deb aytishga barcha asoslarimiz bor.

Bu islohotlarning asosiy maqsadi – aholi uchun munosib hayot darajasi va sifatini ta’minlashdir.

Jadal va barqaror rivojlanishga qaratilgan bu siyosat bundan keyin ham so‘zsiz davom ettiriladi.

Tanqidiy tahlil, qat’iy tartib-intizom va shaxsiy javobgarlik har bir rahbarni – bu Bosh vazir yoki uning o‘rinbosarlari bo‘ladimi, hukumat a’zosi yoki hududlar hokimi bo‘ladimi, ular faoliyatining kundalik qoidasi bo‘lib qolishi kerak. 

Endi har birimiz, eng avvalo, davlat boshqaruvi organlari rahbarlarining vazifasi – o‘zimiz mas’ul bo‘lgan soha va tarmoqda ishlarning ahvolini tanqidiy baholash asosida zimmamizga yuklatilgan vazifalarni mas’uliyat bilan bajarishni ta’minlashdan iborat. Shunday davr keldi.

Ana shu talabni, shuningdek, 2017-2021-yillarda O‘zbekistonni yanada rivojlantirish bo‘yicha Harakat strategiyasi loyihasini keng muhokama qilish davomida kelib tushgan takliflarni inobatga olgan holda, 2017-yil uchun mo‘ljallangan iqtisodiy va ijtimoiy dasturning o‘n bitta eng muhim ustuvor vazifasini belgilashni taklif etaman.

Ushbu ustuvor vazifalar bugungi majlisimiz bayonnomasi loyihasida ko‘rsatilgan. Shu munosabat bilan Bosh vazir A.Aripovga ana shu yo‘nalishlarni amalga oshirish bo‘yicha o‘zaro bog‘liq chora-tadbirlar kompleksini bir oy muddatda taqdim etish topshiriladi.

Eng asosiy ustuvor vazifa – «Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili» Davlat dasturini amalga oshirish, «Inson manfaatlari hamma narsadan ustun» degan olijanob g‘oyani izchillik bilan hayotga tatbiq etishdan iborat.

Aynan ana shu eng muhim vazifalar iqtisodiy islohotlarni chuqurlashtirishning asosiy yo‘nalishlari va ustuvor vazifalariga jiddiy o‘zgartirishlar kiritish uchun poydevor bo‘lishi kerak. 

Buning uchun quyidagi vazifalarni bajarishimiz lozim.

Birinchi – fuqarolar bilan ochiq muloqotni yo‘lga qo‘yishning yangi samarali usul va mexanizmlarini tatbiq qilish, jumladan, barcha darajadagi hokimlar, prokuratura va ichki ishlar organlari rahbarlarining aholi oldida hisobot berish tizimini joriy etish kerak. O‘ylaymanki, ana shu muhim ishda Qonunchilik palatasi va Senat qo‘mitalari faol ishtirok etadi.

Joriy yilning 1-fevralidan boshlab Qonunchilik palatasi Spikeri – Nuriddinjon Mo‘ydinxonovich Ismoilov va Senat Raisi – Nig‘matilla To‘lqinovich Yo‘ldoshev ham joylarga chiqib, mavjud ahvolni shaxsan o‘rganish asosida aholining eng muhim ehtiyojlarini hal etishda amaliy yordam ko‘rsatishlari maqsadga muvofiqdir.

Ikkinchi – O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridagi, har bir tuman va shahardagi Xalq qabulxonalari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Virtual qabulxonasi faoliyatini samarali tashkil etishni ta’minlash darkor.

Ana shu ishlarning bosh maqsadi – fuqarolarning qonuniy murojaatlarini qisqa muddatda sinchiklab ko‘rib chiqishni va hal etishni ta’minlashdir. Bu borada raqamlar va silliq hisobotlarning orqasidan quvib, navbatdagi kampaniyabozlikni uyushtirish kerak emas.

Buni xalq hech qachon kechirmaydi! 

Bundan buyon agar arizachi olgan javob xatidagi o‘z qonuniy muammosi yechimidan qanoat hosil qilmasa, bunday murojaat nazoratdan olinmaydi.

Uchinchi – Bosh vazir boshchiligida tuzilgan maxsus komissiya bir hafta muddatda «Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili» Davlat dasturi loyihasini yana bir bor qayta ko‘rib chiqib, tasdiqlash uchun kiritishi kerak.

Makroiqtisodiy barqarorlikni yanada mustahkamlash va iqtisodiy o‘sishning yuqori sur’atlarini saqlab qolish, jumladan, Davlat byudjeti barcha darajada mutanosib, milliy valyuta va ichki bozordagi narx darajasi barqaror bo‘lishini ta’minlash – eng muhim ustuvor vazifamizdir. 

Bosh vazirning barcha o‘rinbosarlari, iqtisodiyot vaziri G.Saidova, moliya vaziri B.Xo‘jayev, Davlat soliq qo‘mitasi raisi B.Parpiyev va Davlat bojxona qo‘mitasi raisi M.Tohiriyni 2017-yil uchun belgilangan asosiy makroiqtisodiy ko‘rsatkichlarga erishish borasida shaxsan javobgar ekanliklari to‘g‘risida yana bir bor ogohlantiraman.

Makroiqtisodiyot kompleksi rahbari R.Azimov, iqtisodiyot vaziri G.Saidova va moliya vaziri B.Xo‘jayevning joriy yil yakuni bo‘yicha Davlat byudjeti defitsiti prognoziga doir takliflariga qo‘shilib bo‘lmaslikni alohida ta’kidlamoqchiman.

Bu borada faqat byudjet profitsiti haqida so‘z borishi mumkin va zarur. Bu muhokama qilishni emas, balki so‘zsiz bajarishni talab etadigan strategik vazifadir.

Buning uchun joylarga chiqish, har bir xonadonning tadbirkorlik borasidagi imkoniyatini o‘rganish, moliyalashtirishni kengaytirish bilan bog‘liq muammolarni hal etish, tadbirkorlarni ishontirish va ularga amaliy yordam berish – butun Makroiqtisodiyot kompleksi faoliyatidagi kundalik qoidaga aylanishi kerak.

Faqat shundagina natijaga erisha olamiz. Shu munosabat bilan hokimlar va ularning birinchi o‘rinbosarlari o‘z ish uslubi va dunyoqarashini tubdan o‘zgartirishi shart.

Har bir tuman va shaharda, respublika ahamiyatiga molik yirik korxonalar hissasini e’tiborga olmagan holda, soliqqa tortish bazasini kengaytirish bo‘yicha amaliy chora-tadbirlarni ishlab chiqish hisobidan Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Toshkent viloyatining barcha tumanlarini subvensiyadan chiqarishni so‘zsiz ta’minlash kerak.

Bu yil boshqa hokimliklar va tegishli organlar uchun ham subvensiyadan qutilish masalasida sinov yili bo‘ladi. Buning uchun Makroiqtisodiyot kompleksi tarkibidagi vazirlik va idoralar har kuni, har haftada samarali va tinimsiz ish olib borishi kerak. Busiz natijaga erishib bo‘lmaydi.

Shuning uchun Makroiqtisodiyot kompleksi rahbari R.Azimov iqtisodiyotni boshqarish bo‘yicha hozirgi zamonaviy yangi tizimlar samaradorligiga quyi bo‘g‘indagi rahbarlarni ishontirishi, ularni shu asosda ishlashga o‘rgatishi, bu boradagi natija uchun javob berishi va uni kafolatlashi kerak.

Hurmatli do‘stlar!

Hayotning o‘zi va xalqning talablari bizning oldimizga amaliy yechimini topish lozim bo‘lgan yangi va yanada murakkab vazifalarni qo‘ymoqda.

Bu o‘rinda asosiy muammo, mening nazarimda, quyidagilardan iborat.

Birinchidan, ayrim idoralar va ularning rahbarlari real hayotdan va xalq ehtiyojlaridan ma’lum darajada uzilib qolmoqda.

Ikkinchidan, tarmoq va hududlarni rivojlantirish konsepsiyalari va dasturlarini ishlab chiqishda yuzaki yondashuvga yo‘l qo‘yilmoqda.

Va nihoyat, uchinchi asosiy kamchilik – ko‘pchilik rahbarlarning murakkab muammolarni kabinetdan chiqmasdan, iqtisodiyot tarmoqlari, har bir korxonadagi, shahar va tumanlardagi, ayniqsa, qishloq joylardagi ishlar qanday ahvolda ekanini chuqur o‘rganmasdan hal etishga odatlanib qolgani bilan bog‘liq. 

Shuning uchun bugun Bosh vazir o‘rinbosarlaridan o‘zlariga qarashli vazirlik va idoralarning advokati bo‘lib emas, balki eng avvalo, davlat manfaatlaridan kelib chiqqan holda ana shu savollarga g‘oyat aniq va ravshan javob berishni talab qilaman. Shuningdek, kompleks tarkibidagi har bir boshqaruv organi rahbariga jiddiy va aniq baho berishni so‘rayman. 

Barqaror iqtisodiy rivojlanish poydevori bo‘lgan tayanch tarmoqlardagi ishlarimiz qay ahvolda?

Davlat tomonidan bu tarmoqlar doimo qo‘llab-quvvatlanayotgan bo‘lsa-da, nima sababdan izchil va barqaror o‘sish ta’minlanmayapti? Va nihoyat, nima sababdan tajribali kompleks rahbari G‘.Ibragimov tomonidan samarali boshqaruv jilovi qo‘ldan chiqarib yuborilgan?

Aniq dalillarga murojaat qilaylik.

«O‘zbekneftgaz» kompaniyasi tizimida – A.Sultonov – 2010-2016-yillarda qariyb 20 milliard dollarlik katta kapital qo‘yilmalar kiritilganiga qaramasdan, suyuq uglevodorod va tabiiy gaz qazib olish kamaygan.

Shu bilan birga, bu borada xomashyo import qilish 1,3 barobar ko‘paygan. Yirik va hayotiy muhim loyihalarni amalga oshirish muddatlari doimo barbod qilinmoqda. 40 ming kishi ishlaydigan «O‘ztransgaz» kompaniyasi tizimida muddati o‘tgan debitor qarzdorlik 14 foizga oshgan.

Nima sababdan, G‘ulom Inomovich, siz ilgari o‘zingiz rahbarlik qilgan «O‘zkimyosanoat» aksiyadorlik jamiyati tizimidagi ishlar ahvoliga sustkashlik bilan yondashyapsiz? Nima sababdan ushbu tarmoqdagi ishlar doimiy ravishda izdan chiqmoqda? Qishloq xo‘jaligiga fosforli o‘g‘itlarni to‘liq yetkazib bermaslik va ularning tanqisligi uchun shaxsan kim javob beradi? Oxirgi 10-yilda mineral o‘g‘itlarning narxi necha barobar o‘sgan?

Tabiiy savol tug‘iladi: o‘g‘itning tannarxi necha marta kamaygan? Afsuski, bunday haqli savollarga javob yo‘q. Bundan kim zarar ko‘ryapti? Albatta, dehqon va fermerlarimiz.

“O‘zbekenergo” aksiyadorlik jamiyatida 67 ming kishi, jumladan, qo‘shtirnoq ichidagi «pul yig‘uvchi»lar mavjud bo‘lsa-da, nima sababdan ulkan debitor qarzdorlikning tagiga yetib bo‘lmaydi? Ko‘mir qazib olish tarmog‘i, ta’bir joiz bo‘lsa, «yonboshlaganicha yotibdi».

Sizga uch yil oldin xodimlar shtati haddan tashqari kengayib ketgan, jumladan, qarindoshchilik asosida ishga olish va juda yuqori ish haqi belgilash avj olgan o‘nlab loyiha guruhlari faoliyatini puxta o‘rganib chiqib, tartibga solish topshirilgan edi. Nima uchun topshiriqni oxirigacha bajarmadingiz?

Siz va sizga bo‘ysunuvchi rahbarlardan bugun ana shu savollarga javob berishingizni talab qilaman. Shu bilan birga, birinchi yarim yilda asosiy e’tiborni quyidagi vazifalarni amalga oshirishga qaratish zarur:

birinchi – Navoiy va Olmaliq kon-metallurgiya kombinatlarida mahsulot ishlab chiqarish hajmini ko‘paytirish bo‘yicha yaqinda tasdiqlangan dasturni so‘zsiz amalga oshirish uchun Q.Sanaqulov va A.Farmonovning shaxsiy javobgarligini ta’minlash shart. Bir-ikki foiz miqdordagi o‘sish sur’atlari bilan chegaralanib qolish mumkin emas. 

Shu munosabat bilan G‘.Ibragimov qimmatbaho metallar ishlab chiqarishni ko‘paytirish va yangi fabrikalar qurishga doir topshiriqni bajarish bo‘yicha qaror loyihasini kiritishni tezlashtirishi zarur;

ikkinchi – nafaqat joriy yilda, balki yaqin 3-5-yilda foydalanishga topshiriladigan barcha strategik muhim obyektlarni o‘z vaqtida ishga tushirish darkor;

uchinchi – neft-gaz mahsulotlari eksportini ko‘paytirish, importni keskin kamaytirish va asbob-uskunalar ishlab chiqarishni mahalliylashtirish hajmini oshirish uchun qo‘shma korxona tashkil etish bo‘yicha puxta ishlab chiqilgan aniq chora-tadbirlar kompleksini taqdim etish zarur.

Keyingi 10-yilda Vazirlar Mahkamasi komplekslariga qarashli vazirlik va idoralar tomonidan olib kirilgan asbob-uskunalar importi tahlil qilinmagan. Ularni mahalliylashtirishdan hech kim manfaatdor emas, bu masala bilan hech kim astoydil shug‘ullanmayapti. Bunday yondashuv zamirida nima yotibdi, degan haqli savol tug‘iladi.

Shuning uchun bundan buyon Vazirlar Mahkamasining har chorak yakuni bo‘yicha majlislaridan oldin alohida yig‘ilishlar o‘tkazilib, ularda har qaysi Bosh vazir o‘rinbosarining importni va tannarxni kamaytirish, mahalliylashtirishni kengaytirish borasidagi ishlarning ahvoli to‘g‘risidagi hisoboti eshitiladi. Ularning faoliyatiga xolisona baho beriladi.

Davlat geologiya qo‘mitasi tizimi, shuningdek, uning rahbari I.To‘ramuratov faoliyati samaradorligi alohida e’tiborni talab qiladi. Yaqin vaqt ichida 2017-2021-yillarda mineral-xomashyo bazasini rivojlantirish va tiklash dasturi loyihasini taqdim etish zarur.

Bosh vazir o‘rinbosari U.Rozuqulov rahbarlik qilayotgan Mashinasozlik kompleksida yuzaga kelgan ahvol bizni jiddiy tashvishlantirmoqda.

Eng avvalo, siz rahbarlik qilayotgan avtomobilsozlik sanoatida ishlab chiqarish hajmi keyingi uch yilda 2,8 barobar kamaygan. Bu nafaqat sanoat mahsuloti o‘sish sur’atiga, balki mamlakatimiz yalpi ichki mahsuloti o‘sishiga ham jiddiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Bu sohada import hajmi eksportdan bir necha barobar yuqori bo‘lib, mahalliylashtirish darajasi esa importga nisbatan 20 foizdan ham past bo‘lib qolmoqda.

Butun qishloq xo‘jaligi mashinasozligi tizimini tubdan qayta qurish ta’minlanmagan. Bu tizim o‘z mohiyatiga ko‘ra nafaqat qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash va fermer xo‘jaliklari mehnatini yengillashtirishning mustahkam poydevori, ayni vaqtda mamlakatimiz valyuta balansini to‘ldirish bo‘yicha kafolatlangan manba bo‘lishi kerak edi.

Oxirgi yillarda shaxsan siz kadrlar bilan ishlashni bo‘shashtirib yubordingiz. Sizning taklifingizga ko‘ra «O‘zeltexsanoat» kompaniyasi rahbari etib E.Iminov tayinlangan edi. Biroq uning ish natijalari va butun tarmoqdagi ahvol qanday?

Ko‘pgina investitsiya loyihalarini ishlab chiqish cho‘zib yuborilmoqda. Ichki bozorimizning ko‘plab tovarlarga bo‘lgan ehtiyoji 50 foiz darajasida ham qondirilmayapti. Eksport bo‘yicha topshiriqlar barbod qilingan.

Siz va kompaniya raisi xorijiy investitsiya va zamonaviy uskuna olib kelib, zamonaviy raqobatdosh ishlab chiqarish korxonalari tashkil etganingizni men eslay olmayman ham.

Siz xususiy tadbirkorlarning o‘zi tashabbus ko‘rsatayotganidan qanoatlanib yuribsiz. Tarmoqda esa haligacha zarur siljish yo‘q.

Siz tomoningizdan «O‘zstandart» agentligi rahbarligiga tavsiya qilingan A.Qurbonov nomzodi va unga nisbatan talabchanlik ko‘rsatilmagani tufayli sohada aniq ish va yakuniy natija bo‘lmadi. Xalqaro standartlashtirish tashkilotining 21 ming standartidan atigi 13 foizi mamlakatimizda joriy etilgan, xolos.

Shuning uchun ham sizdan va tarmoq rahbarlaridan bugun quyidagi vazifalarni amalga oshirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar to‘g‘risida axborot berishingizni talab qilaman:

birinchi – avtomobilsozlik sanoatini rivojlantirish, uning mahsulotlari raqobatdoshligini, eng avvalo, yaqin va uzoq xorijiy mamlakatlar bozorlarida oshirish bo‘yicha prinsipial jihatdan yangi tizim zarur.

Bu borada men «otvertka bilan mashina yig‘ish» emas, balki asosiy va yordamchi tarmoqlarni barqaror rivojlantirish, ortiqcha xarajatlar va tannarxni kamaytirish, mahalliylashtirish darajasini oshirish va importni qisqartirishni nazarda tutyapman;

ikkinchi – aholi uchun maqbul narxda turli maishiy elektr texnika buyumlarini ishlab chiqarishni ta’minlashimiz kerak;

uchinchi – o‘tgan yili biz «O‘zagrotexsanoatxolding» aksiyadorlik jamiyatini qayta tashkil etish bo‘yicha muhim hujjatlar qabul qildik. Savol: ularni muvaffaqiyatli amalga oshirish va bu o‘ta muhim tarmoqning barqaror ish yuritishini ta’minlash bo‘yicha siz tomoningizdan qanday aniq chora-tadbirlar ko‘riladi?

to‘rtinchi – butun standartlashtirish tizimini tubdan qayta qurish kerak. Bundan ko‘zlangan maqsad – mamlakatimizda ishlab chiqarilgan mahsulotlar zamonaviy xalqaro standartlarga javob berishi lozim.

Siz va Bosh vazirning boshqa o‘rinbosarlari uchun mamlakatimiz iqtisodiyoti tarmoqlari va hududlarning eksport salohiyatini yanada rivojlantirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirish 2017-yilda so‘zsiz hal qiluvchi faoliyat yo‘nalishiga aylanishi zarur.

Bu o‘rinda gap faqat eksport hajmining o‘sish ko‘rsatkichlari haqida borayotgani yo‘q. Kun tartibida o‘ta jiddiy masalalar turibdi. Bular – mamlakatimizda yaratilgan texnologiyalarning raqobatdoshligini ta’minlash, “nou-xau” namunalarini yaratish, zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish, ya’ni yuqori sifatli mahsulot ishlab chiqarishni ta’minlash bo‘yicha tizimli chora-tadbirlarni amalga oshirishdir.

Bizda ulkan rezervlar bor. Lekin shunga qaramasdan, o‘tgan yili jami 1 milliard 540 million dollarlik prognoz ko‘rsatkichlari bajarilmay qoldi. Shundan 570 million dollari Vazirlar Mahkamasi komplekslariga qarashli korxonalarga to‘g‘ri keladi. 970 million dollar miqdoridagi ko‘rsatkichlar esa hududlardagi xo‘jalik yurituvchi subyektlar tomonidan bajarilmagan. Bizning mahsulotimiz eksport qilinadigan mamlakatlar soni 2010-yilga nisbatan 176 tadan 138 taga kamaygan.

Ayni vaqtda mashinasozlik kompleksi, «O‘zfarmsanoat» konserni va «O‘zbekenergo» aksiyadorlik jamiyati tizimidagi korxonalarda import hajmi eksport hajmidan o‘nlab marta ko‘p.

«O‘zqurilishmateriallari» aksiyadorlik jamiyati va «O‘zbekneftgaz» kompaniyasi tizimida mahalliylashtirilgan mahsulotlar hajmi import miqdoriga nisbatan 25-30 foizdan oshmaydi.

Nima sababdan siz ushbu muhim vazifadan o‘zini chetga olayotgan va prognoz ko‘rsatkichi atigi 42 foizni tashkil etgan Toshkent shahri hokimi R.Usmonov va tumanlar hokimlarining shaxsiy javobgarligini belgilash bo‘yicha aniq takliflar kiritmayapsiz?

Yoki Sh.Abdurahmonov, Z.Ro‘ziyev, Sh.G‘aniyev kabi tajribali hokimlar rahbarlik qilayotgan Andijon, Qashqadaryo va Farg‘ona viloyatlarida prognoz ko‘rsatkichlari atigi 65-85 foiz bajarilganini qanday tushunish mumkin?

Endi, ruxsatingiz bilan, 2017-yilda oldimizda turgan vazifalar to‘g‘risida to‘xtalsak. Biz 10 milliard 800 million dollar hajmidagi mahsulot eksportini ta’minlashimiz kerak. Bu borada qanday kechiktirib bo‘lmaydigan vazifalarni hal etishimiz zarur?

Birinchi – 15 kunlik muddatda komplekslar bo‘yicha emas, chunki bu o‘zini oqlamayapti, balki eksportga mahsulot chiqaradigan barcha korxonalar bo‘yicha harakat dasturini puxta ishlab chiqish va U.Rozuqulov rahbarligidagi maxsus komissiya majlisida tasdiqlash kerak.

Ikkinchi vazifa – 2016-yilda Toshkent shahri va xorijda o‘tkazilgan xalqaro sanoat yarmarkalarida jami 7,7 milliard dollarlik mahsulotni eksport qilish bo‘yicha tuzilgan shartnomalarni amalga oshirish zarur.

Rossiya, Qozog‘iston, Turkmaniston, Ukraina va Belarus Respublikasida, shuningdek, boshqa davlatlarda mahsulot sotishning yangi bozorlarini izlash bo‘yicha boshlangan ishlarni yanada faol davom ettirish kerak. Lekin Bolgariya bilan bu borada yaqindan hamkorlik qilish bo‘yicha berilgan topshiriq, afsuski, natijasiz qoldi.

Bu ishlarga bizning xorijdagi diplomatik vakolatxonalarimiz ham o‘z hissasini qo‘shishi lozim. Buni Senat raisining birinchi o‘rinbosari S.Safoyev va tashqi ishlar vaziri A.Komilov nazoratga olsin.

Uchinchi vazifa – «O‘ztadbirkoreksport» va «O‘zsanoateksport» aksiyadorlik jamiyatlari, shuningdek, Milliy bank huzuridagi Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlarining eksportini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi yo‘nalishi bo‘yicha kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlari eksporti bilan bog‘liq. Bu borada kamida 1 milliard 500 million dollarlik eksportni ta’minlash kerak.

To‘rtinchi vazifa – meva-sabzavot mahsulotlarini eksport qilish. Bosh vazir o‘rinbosari Z.Mirzayevga 15 kun muddatda o‘tgan yili 650 million dollarlik meva-sabzavot eksport qilinmay qolgani sabablarini atroflicha tahlil qilib, aniq takliflar kiritish topshiriladi.

Bu borada mamlakatimizdagi meva-sabzavot yetishtirishga ixtisoslashgan 66 ta tumanning salohiyati va imkoniyatlarini ham so‘zsiz hisobga olish zarur. Endi ushbu tumanlar hokimlari, ularning o‘rinbosarlari va tumandagi barcha rahbarlar prognoz ko‘rsatkichlariga erishish uchun to‘g‘ridan-to‘g‘ri javobgardir.

Bosh vazir o‘rinbosari, maxsus komissiya raisi U.Rozuqulov va yangi departament bu amaliy vazifalarni hal etish uchun davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, shuningdek, viloyatlar, shahar va tumanlar hokimlarining iqtisodiyot va tadbirkorlik bo‘yicha birinchi o‘rinbosarlari faoliyatini muvofiqlashtirishi shart.

Mazkur ikkita kompleksdagi ishlarning holatini, shuningdek, G‘.Ibragimov va U.Rozuqulovning shaxsiy javobgarligini tanqidiy tahlil qilishga e’tiboringizni alohida qaratdim. Buning sababi – bu sohalarga nafaqat sanoat, balki butun iqtisodiyot rivojida hal qiluvchi o‘rin tutadi, deb g‘oyat katta ishonch bilan qarayapmiz. Ularni va komplekslar tarkibidagi tashkilotlar rahbarlarini shaxsan ogohlantiraman: agar joriy yil birinchi yarim yilligi yakunlari bo‘yicha real natijalar ta’minlanmasa, sizlarga nisbatan qattiq chora ko‘riladi. 

Hurmatli majlis ishtirokchilari!

Ma’lumki, biz ijtimoiy sohada aholi salomatligi, onalik va bolalikni muhofaza qilish, dori vositalari bilan ishonchli ta’minlash, jismoniy baquvvat va ma’naviy jihatdan sog‘lom avlodni kamol toptirish masalalariga alohida ustuvor ahamiyat bermoqdamiz.

Ana shu muhim sohalarda qanday muammolar bor? Bundan ilgari ham sog‘liqni saqlash vaziri lavozimida ishlagan Bosh vazir o‘rinbosari A.Ikromovga murojaat qilib so‘ramoqchiman:

birinchidan, nima sababdan o‘tgan shuncha yil mobaynida sog‘liqni saqlash tizimining birlamchi bo‘g‘ini, eng avvalo, qishloq vrachlik punktlarini isloh qilish samaradorligi ta’minlanmadi? Bugungi kunda ularda 2 ming 500 nafar vrach yetishmaydi, bu maskanlarni zamonaviy uskunalar bilan jihozlash va dori vositalari bilan ta’minlash darajasi juda past;

ikkinchidan, diagnostika darajasi pastligi va vrachlarning malakasi yetarli emasligi natijasida yiliga 30 mingdan ziyod yurtdoshimiz davolanish uchun xorijiy mamlakatlarga borishga va oila byudjetidan katta mablag‘ sarflashga majbur bo‘layotganidan sizning xabaringiz yo‘qmi?

uchinchidan, siz qachon tez tibbiy yordamning barcha tuzilmalarida tartib o‘rnatib, ularning barqaror ishlashini ta’minlaysiz? Nima sababdan ular aksariyat holatlarda bemorlarga haqiqiy tez yordam ko‘rsata olmaydi?

to‘rtinchidan, tibbiyot xodimlari o‘rtasidagi salbiy holatlarga qachon barham beriladi? Bu borada faqatgina o‘tgan yilning o‘zida 174 ta jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Sog‘liqni saqlash xodimlari bilan yaqinda bo‘lib o‘tgan uchrashuvda tug‘ruqxonalardagi ta’magirlik bilan bog‘liq salbiy holatlar to‘g‘risida sizga va tizim rahbarlariga alohida aytgan edim;

beshinchidan, siz nima sababdan ekologiyaning jiddiy muammolari bilan yetarlicha shug‘ullanmayapsiz? Axir, bu soha odamlarning sog‘ligiga va mamlakatimizdagi epidemiologik holatga ta’sir qilmaydimi?

oltinchidan, shaxsan siz va «Dori-darmon» kompaniyasi rahbari A.Komilov nima sababdan dorixonalar tarmog‘idagi jiddiy kamchiliklarga panja orasidan qarab, ularni bartaraf etish uchun ta’sirchan choralarni ko‘rmayapsiz? Axir, bu sohada qimmat dorilarning 45 foizini import dorilar, buning ustiga, narxi haddan tashqari oshirib yuborilgan dorilar tashkil etadi.

Adham Ilhomovich, siz rahbarlik qilayotgan kompleksning yana bir muhim tarmog‘i – jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirish bilan bog‘liq. Albatta, bu sohada, ayniqsa, oliy mahorat sporti borasida keyingi yillarda muayyan yutuqlarimiz bor. Biz ular bilan haqli ravishda faxrlanamiz. Lekin oxirgi Olimpiadada faqatgina og‘ir atletika, boks, kurash va dzyudo bo‘yicha sovrinli o‘rinlar egallandi. Buning sababi nimada?

So‘nggi besh yilda jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirish, shuningdek, uning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash uchun byudjetdan 1 trillion 230 milliard so‘m ajratilgan. Bu – Milliy olimpiya qo‘mitasi mablag‘laridan tashqari.

Bizda bolalar sporti, oliy sport mahorati va olimpiya rezervlarini rivojlantirish bo‘yicha qudratli baza yaratilgan. Yana qanday baza, qo‘shimcha shart-sharoit va vositalar kerak?

Ana shu muammolar ichiga chuqur kirib borish zarur. Shu munosabat bilan quyidagi vazifalarni amalga oshirish talab etiladi:

birinchi – qishloq vrachlik punktlari, yuqori texnologiyalar asosidagi ixtisoslashgan markazlar va tez tibbiy yordam stansiyalari bo‘yicha mavjud kamchiliklarni bartaraf etish va ularga doir topshiriqlarni amalga oshirish yuzasidan takliflarni va tegishli hujjatlar loyihalarini tayyorlashni tezlashtirish zarur;

ikkinchi – vrachlar va tibbiyot xodimlari malakasini ham mamlakatimizda, ham yetakchi xorijiy klinikalarda oshirish bo‘yicha ta’sirchan tizim yaratishga qaratilgan kompleks chora-tadbirlarni ishlab chiqish darkor. Zarur bo‘lsa, ularni moddiy rag‘batlantirish bo‘yicha takliflar kiritish kerak;

uchinchi – 340 nomdagi dori vositalari va tibbiyot buyumlari chegaralangan narx bo‘yicha sotilishini nazorat qiluvchi organlar bilan birga qat’iy tartibga solish zarur. Har bir fuqaro qabul qilayotgan qarorlarimiz real foyda berayotganini sezishi kerak.

Shu bilan birga, o‘tgan yili sentabr oyida tasdiqlangan 2016-2020-yillarda farmatsevtika sanoatini yanada rivojlantirish bo‘yicha dastur samarali bajarilishini ta’minlash darkor;

to‘rtinchi – qariyalar va nogironlarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha tasdiqlangan dasturni amalga oshirish alohida nazoratga olinishi kerak. Har bir imtiyoz va ijtimoiy himoya chorasi o‘z egasiga yetib borishi darkor;

beshinchi – Bosh vazirning birinchi o‘rinbosari O.Ramatov bilan birgalikda ekologiya sohasidagi ishlar ahvolini yaxshilash, eng avvalo, joylarda chiqindilar bilan ishlash sohasida davlat nazoratini kuchaytirish bo‘yicha takliflarni yaqin vaqt ichida taqdim etish zarur;

oltinchi – siz va shaxsan madaniyat va sport ishlari vaziri B.Ahmedovning e’tiborini jismoniy tarbiya va sport sohasida yaratilgan qudratli bazadan samarali foydalanish zarurligiga qarataman.

«Umid nihollari», «Barkamol avlod» va Universiada musobaqalari bilan chegaralanib qolish kerak emas. Iqtidorli o‘smir va qizlarni tanlab olish va tarbiyalash bo‘yicha jiddiy seleksiya ishlarini amalga oshirish zarur.

Ta’kidlash kerakki, vazir B.Ahmedovning bugungi majlisimizga tayyorlab kelgan jonsiz hisoboti hech qanday tanqidga chidamaydi. Bu hisobotda na tahlil, na aniq taklif bor. Aftidan, aynan shuning uchun ham sizning madaniyatni rivojlantirish sohasidagi ishlaringiz asosan yubiley tadbirlarini o‘tkazish bilan cheklanib qolyapti. Siz ham, o‘rinbosarlaringiz ham bu sohaga yangicha mazmun kiritib, vaziyatni tubdan yaxshilashga harakat qilmayapsizlar.

Qadrli do‘stlar!

Hayotning o‘zi va o‘tgan yillar tajribasi hududlarni kompleks rivojlantirishni va infratuzilma faoliyatini tubdan o‘zgartirishni ta’minlashdagi jiddiy kamchiliklarni bartaraf etishni talab qilmoqda. Shu sababli Vazirlar Mahkamasi tuzilmasida Bosh vazirning birinchi o‘rinbosari rahbarlik qiladigan yangi kompleks va departament tashkil etildi. Ularning bosh vazifasi quyidagi ikki yo‘nalish bo‘yicha barqaror ishlaydigan tizimni tashkil etishdir:

birinchi – tumanlar, shaharlar, viloyatlar va Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi kechiktirib bo‘lmaydigan va istiqbolli vazifalarni amalga oshirish yuzasidan hokimlik va tarmoqlarni boshqarish organlarining kuch va harakatini aniq muvofiqlashtirish. Maqsad – iqtisodiyot va ijtimoiy sohadagi, eng muhimi, odamlarning hayot darajasidagi jiddiy tafovutni bartaraf etishdir;

ikkinchi – yo‘l-transport, muhandislik-kommunikatsiya va ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirish va modernizatsiya qilish bo‘yicha dasturlarning prognoz parametrlarini ishlab chiqish va amalga oshirishni nazorat qilish hamda ularga erishish.

Yakuniy maqsad – iqtisodiyot tarmoqlari uchun ishonchli infratuzilmani shakllantirish, shahar va qishloq aholisiga qulay shart-sharoit yaratib berishdir.

O.Ramatovning e’tiborini shaxsan undan va ikkita departamentdan talab etiladigan quyidagi vazifalarga qarataman:

birinchidan, kompleks tarkibiga kiradigan barcha idoralarning samarali faoliyat yuritishini ta’minlash. Pala-partish takliflarni berish va shoshma-shosharlik bilan qarorlar qabul qilish kerak emas. Yaqinda shu sabablarga ko‘ra Orolbo‘yi muammolarini hal etish bo‘yicha kompleks dasturni qaytarishga majbur bo‘ldim. Bu kabi xatoliklar takrorlanmasligi shart; 

ikkinchidan, 14 ta hududda saylovchilar bilan uchrashuvda ko‘tarilgan yirik muammoli masalalarni hal etishga doir qarorlar loyihalarini ishlab chiqishni yaqin vaqt ichida yakunlash va taqdim etish zarur;

uchinchidan, 2017-2021-yillarga mo‘ljallangan 12 ta ijtimoiy va infratuzilma dasturini amalda bajarish. Shundan 8 ta dastur tasdiqlangan. Yaqin vaqt ichida transport va savdo xizmatini yaxshilash, avtomobil yo‘llarini va ichimlik suv ta’minoti tizimini rekonstruksiya qilish bo‘yicha hujjatlar to‘plamini qayta ishlab chiqib, taqdim etish kerak.

Kun tartibida Uy-joy va kommunal xizmat vazirligini tashkil etish masalasi ham turibdi. Ana shu loyihalarni tasdiqlash jarayoni siz tomoningizdan asossiz ravishda cho‘zib yuborildi;

to‘rtinchidan, mamlakatimiz hududlariga salmoqli investitsiyalarni kiritishga doir muammolarga alohida e’tibor qaratish zarur. Shu sababli tajriba loyihasi tariqasida Milliy bank misolida quyidagi tizimni joriy etish bo‘yicha taklif kiritaman.

Bank investitsiya faoliyatiga o‘z mablag‘lari bilan birga, tashqaridan moliyalashtirish manbalarini jalb etish bo‘yicha chora-tadbirlar ishlab chiqishi kerak. Bank rahbari S.Rahimov bugun o‘z takliflarini berishi lozim.

Bundan tashqari, kechiktirib bo‘lmaydigan bir qator o‘ta muhim vazifalar bor. Ular orasida Davlat arxitektura va qurilish qo‘mitasi tizimini tubdan qayta tashkil etish, shaharsozlikning eskirgan metodologiya va normativlari, kapital qurilishdagi nomutanosiblik va muammolarni bartaraf etish, shuningdek, loyiha institutlarining samarasiz faoliyatini qayta ko‘rib chiqish masalalari bor. 

Ayrim faktlarni keltirmoqchiman. Shaharsozlikni takomillashtirish bo‘yicha bir qator hujjatlar qabul qilingan bo‘lsa-da, ularning ko‘pchiligi nazoratsiz qolgan. 2012-2015-yillarda ishlab chiqilgan 18 ta shahar va posyolkaning bosh rejalari haligacha tasdiqlanmagan.

Qo‘mita rahbariyati bundan 3-yil avval tuman arxitektorlari faoliyatini takomillashtirish bo‘yicha kengashlar tashkil etish, ularning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash va ularga “Damas” avtomobillari ajratish bo‘yicha berilgan topshiriqlar ijrosi ustidan nazoratni ta’minlamadi.

Litsenziyaga ega bo‘lgan 850 ta loyiha tashkilotlarining atigi 147 tasi yoki 17 foizi mamlakatimiz miqyosidagi investitsiya dasturlarini amalga oshirishga jalb etilgan.

Ochiq tan olishimiz kerak, bizning eng jiddiy kamchiliklarimizdan biri – zamonaviy talablarga javob beradigan loyiha institutlarining yo‘qligidir. Ularning moddiy-texnik bazasi o‘tgan asrning 80-yillari darajasida qolib ketgan. Ular tomonidan axborot texnologiyalarini, zamonaviy ilm-fan, arxitektura va dizayn yutuqlarini qo‘llash darajasi haqida gapirmasa ham bo‘ladi.

Shu sababli hayotning o‘zi har bir viloyatda bir-ikkita zamonaviy loyiha institutini tashkil etishni talab etmoqda.

Davlat mablag‘lari va resurslari talon-taroj qilinmoqda. O‘tgan yili inspeksiyalar tomonidan pudrat ishlari hajmi 4 milliard 700 million so‘mga kamaytirilgan. 24 mingta loyiha ekspertizadan o‘tkazilganida ularning narxi 1 trillion 500 milliard so‘mga kamaytirilgan.

Savol: bunday jiddiy kamchiliklarni B.Zokirov va uning birinchi o‘rinbosari A.To‘xtayev bilmaydimi? Nima sababdan siz ikkalangiz faqatgina ayrim obyektlar bilan cheklanib, ko‘rsatilgan muammolarning ichiga kirish va ularni yechishga umuman e’tibor bermayapsiz?

Butun tizimni tubdan qayta tashkil etish bo‘yicha 20 kun muddatda aniq takliflarni kiritish kerak. 

Bizni yo‘l qurilishidagi ishlar ahvoli ham qoniqtirmaydi. Moliya vazirligi va uning Yo‘l jamg‘armasi aybi bilan mablag‘larning keskin yetishmasligi doim sezilib turibdi. Bitumni barqaror yetkazib berish masalasi hal etilmagan. O‘g‘irliklar tugamayapti. Kadrlar qo‘nimsizligi yuqori.

O‘tgan yili «O‘zkommunxizmat» agentligi va «O‘zqurilishmateriallari» aksiyadorlik jamiyati rahbariyatini almashtirdik. Biroq bu tashkilotlarning yangi rahbarlari – I.Mahkamov va B.Zaripov zarur darajada tashabbus ko‘rsatmayapti.

Umid qilamanki, O.Ramatov va boshqa rahbarlar o‘z hisobotida ana shu savollarga aniq javob berishadi. Shu yil boshida joriy qilingan hukumat a’zolarining Prezidentga hisobot berish tartibi doirasida boshqa rahbarlar bilan ham albatta uchrashaman. Bunga barcha rahbar xodimlar va hududlar hokimlari puxta tayyorgarlik ko‘rishini so‘rayman. 

Joylardagi ahvolning jiddiyligi va og‘irligidan kelib chiqqan holda, O.Ramatovni Bosh vazirning birinchi o‘rinbosari lavozimiga tayinladik va unga shu og‘ir uchastkani topshirdik. Shuning uchun Bosh vazirning barcha o‘rinbosarlari, hokimlar, vazirlik va idoralar rahbarlari o‘z sa’y-harakatini birlashtirib, unga yordamchi bo‘lib faol ko‘mak bermasa, kutilgan natijaga erishish qiyin bo‘ladi.

Agar joylarda infratuzilma va ijtimoiy obyektlarda o‘ta achinarli ahvolga duch kelsangiz, mavjud holati ulardan ko‘ra yaxshiroq bo‘lgan obyektlar o‘rniga ana shu yomon ahvoldagi obyektlarni kiritish yo‘li bilan, O.Ramatov, sizga tasdiqlangan manzilli dasturlarga o‘zgartirish kiritish huquqi beriladi. Buni barcha rahbarlar bilib olsin.

Hurmatli majlis ishtirokchilari!

Barchamiz so‘zsiz tushunamiz, iqtisodiy islohotlar va ijtimoiy o‘zgarishlarni muvaffaqiyatli amalga oshirish eng avvalo iqtisodiy va moliyaviy organlarning faoliyati samaradorligiga bog‘liqdir. Ular yaqin va uzoq istiqbolga mo‘ljallangan, mamlakatimiz iqtisodiy qudratini mustahkamlashga doir strategik vazifalarni nafaqat ishlab chiqishi, balki amalga oshirishni ta’minlashi zarur.

Bundan bir necha yil oldin hukumat majlisida Iqtisodiyot vazirligi va uning sobiq rahbari R.G‘ulomovning faoliyati qattiq tanqid qilingan edi. Iqtisodiyot vazirligi mamlakatimizdagi boshqa vazirlik va idoralar uchun harakatlantiruvchi kuch, ya’ni lokomotiv vazifasini bajara olmayotgani ta’kidlangan edi. Afsuski, bugun ochiq aytish kerak, ana shu vazifa haligacha bajarilmadi.

Aniq dalil va muammolarga murojaat qilaman.

Birinchi – islohotlarning qay darajada samara berayotganini ko‘rsatadigan maqsadli dasturlarni amalga oshirish natijadorligi. Bular qatorida sanoat va boshqa tarmoqlarni rivojlantirishning quyidagi iqtisodiy va moliyaviy ko‘rsatkichlarini keltirish mumkin: ishlab chiqarish quvvatlarining ahvoli, xarajatlarni va tannarxni pasaytirish, mahalliylashtirish va rentabellik darajasini, mahsulot raqobatdoshligini so‘zsiz oshirish.

Tarmoqlar bo‘yicha tannarx o‘rtacha 10 foizga qisqartirilgan bo‘lsa-da, kimyo va yengil sanoat, avtomobilsozlik, qurilish materiallari va boshqa bir qator tarmoqlarning ayrim mahsulotlari qimmatligi sababli tashqi bozorlarda raqobatdosh bo‘la olmayapti. Ayrim korxonalar zarar bilan ishlamoqda.

Mahalliylashtirish dasturini shakllantirishning avvalgi usullari eskirdi. Eksportni prognoz qilish bilan birga, importni puxta va sinchiklab prognoz qilmasligimizni qanday tushunish mumkin? 

Faqat o‘tgan yilning o‘zida mamlakatimizda mahalliylashtirilgan qariyb 400 million dollarlik mahsulot chetdan import qilingan. Ayniqsa, «O‘zbekenergo», «O‘zqurilish-materiallari» aksiyadorlik jamiyatlari, Olmaliq kon-metallurgiya kombinati, «O‘zfarmsanoat» konserni bunga berilib ketgan.

Endi, hurmatli Galina Karimovna, bundan keyin har oy, har chorak yakuni bilan, mavjud ahvolni chuqur tahlil qilgan holda, tannarxni va importni qisqartirish, mahalliylashtirish darajasini oshirish bo‘yicha xo‘jalik birlashmalari va hokimliklar tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risida Prezidentga shaxsan ma’lumot kiritasiz.

Bu ma’lumotnomada chuqur tahlil, ko‘rilayotgan yoki ko‘rilmayotgan choralar yoritilishi, shuningdek, aniq takliflar berilishi kerak. Ayrim rahbarlarning childirmasiga o‘ynash davri o‘tdi endi. Shu asosda har oyda bir marta Prezident rahbarligida selektor yig‘ilishi o‘tkaziladi va tegishlicha baho beriladi.

O‘z vaqtida, Galina Karimovna, shaxsan siz va janob E.G‘aniyev erkin iqtisodiy zonalar tashkil etishnitaklif etgan edingiz. Bu – yaxshi tashabbus, lekin u oxirigacha aniq harakatlar bilan mustahkamlanmadi.

Isbot tariqasida «Navoiy» erkin iqtisodiy zonasi bo‘yicha ma’lumotlarni keltiraman. O‘tgan 8-yil mobaynida bu yerda atigi 24 ta loyiha amalga oshirilib, ularda to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar ulushi juda past va atigi 900 ta odam ishga joylashtirilgan. O‘tgan yili esa mahsulot ishlab chiqarish hajmi 24 foizga pasaygan.

Prinsipial jihatdan yangi asoslarda «Urgut», «G‘ijduvon», «Qo‘qon» va «Hazorasp» erkin iqtisodiy zonalarini tashkil etish bo‘yicha kuni kecha Farmon qabul qilindi. O‘tgan yillardagi xatolarni yana takrorlashga endi yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi.

Bundan deyarli 10-yil oldin Iqtisodiyot vazirligining sobiq rahbariyati meva-sabzavot balansini ishlab chiqmaslikni va tasdiqlamaslikni qat’iy taklif etgan edi. Bu nimaga olib kelishi mumkinligini, eng avvalo, ichki iste’mol bozoriga ta’siri qanday bo‘lishini biz bugun boshqalar misolida ko‘rib turibmiz. Buning ustiga, valyuta balansining muhim tushum manbaidan ajralgan bo‘lar edik. 

Xorijiy investitsiyalarni, birinchi navbatda, to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni jalb etish bo‘yicha ishlar qanday ahvolda ekani tanqidiy tahlilni talab etadi. Bunday investitsiyalarning ulushi 30 foizga tushib qolgan. 

Xalqaro moliya institutlarining kreditlari, ayniqsa, loyihalar buyurtmachilari bo‘lmish Respublika yo‘l jamg‘armasi va «O‘zkommunxizmat» agentligi tomonidan samarasiz ishlatilmoqda. Chunki ularning faoliyatida tizim, nazorat va mas’uliyat yo‘q.

Loyihalarni ekspertiza qilish va tenderlarni o‘tkazish byurokratlashib ketgani eng asosiy to‘siqlardan biri hisoblanadi. Loyihalarning texnik-iqtisodiy asoslanishini ekspertiza qilish agentligi tashkil etilganidan keyin ham sezilarli o‘zgarish va natijalar yo‘q. Agentlik rahbari Sh.Hoshimovda tashabbus yetishmaydi.

Ushbu masalaga doir hukumatning 110-qarori ishlamasdan, ta’bir joiz bo‘lsa, joyida toshdek qotib qolgan va o‘n yildan buyon qayta ko‘rib chiqilgani yo‘q. Bundan ekspertiza organlarining ayrim qo‘li egri rahbarlari va mutaxassislari ustalik bilan nopok maqsadlarda foydalanmoqda.

Sizdan, Galina Karimovna, 15 kun muddatda ushbu qarorga o‘zgartish kiritish bo‘yicha taklif kiritishni so‘rayman.

Mahalliy hokimlarning aybi bilan mamlakatimiz hududlariga xorijiy investitsiyalarni jalb etish o‘ta qoniqarsiz ahvolda qolmoqda.

Birgina misol keltiraman. Qashqadaryo, Namangan, Surxondaryo viloyatlarida atigi 18 ta loyihani amalga oshirishga 55 million dollar yoki har bir loyihaga o‘rtacha 3 million dollardan xorijiy investitsiya jalb etilgan.

Ana shu hududlarning sanoati va infratuzilmasini rivojlantirish bo‘yicha mamlakat Prezidenti tomonidan tasdiqlangan maxsus dasturlar amalga oshirilayotgan bir sharoitda bu albatta yetarli emas.

Shuning uchun viloyat hokimlari har chorak yakuniga ko‘ra tijorat banklari bilan birgalikda xorijiy investitsiyalarni olib kirish bo‘yicha ishlarning qanday ahvolda ekani to‘g‘risida shaxsan Prezidentga axborotnoma kiritadi. Buni Davlat maslahatchisi U.Ismoilov alohida nazoratga olsin. 

Yuqorida zikr etilgan masalalarning barchasi Iqtisodiyot vazirligi va uning rahbariyati vazifasiga kirmaydimi?

«Biz ishlab chiqdik va tasdiqladik, endi sizlar amalga oshirish va natija uchun javob berishga majbursiz» degan kayfiyat bilan yashab, uni odat qilib olish mumkin emas. «Bizning qarorimiz – eng yuqori bosqichdagi haqiqat va qonun» degan yaroqsiz, qo‘shtirnoq ichidagi “prinsip”ga asossiz ravishda tayanish va amal qilish mumkin emas.

Shu munosabat bilan Bosh vazir A.Aripovdan vazirlikning butun tizimini qayta tashkil etishni ta’minlaydigan hujjatlar to‘plamini ishlab chiqishni va taqdim etishni tezlashtirishni so‘rayman. Bunda uning tarkibiy tuzilmasiga hokimliklarning tugatilgan Yig‘ma boshqarmalari va iqtisodiyot bo‘limlarini kiritishni nazarda tutish kerak.

Biroq, eng asosiysi – Iqtisodiyot vazirligining vazifa va funksiyalarini tubdan qayta ko‘rib chiqish zarur. Bunda ushbu tashkilotning eng muhim vazifasi sifatida vazirlik, uning rahbariyati, jumladan, shaxsan vazirning yakuniy natijalar, shuningdek, taklif etilayotgan konsepsiyalar, dasturlar va ular bo‘yicha qabul qilingan qarorlarning iqtisodiy va ijtimoiy oqibatlari uchun javobgarligi belgilanishi lozim. Hukumat ushbu taklifning huquqiy asoslarini Qonunchilik palatasi va Senat bilan birga puxta o‘rganib chiqsin.

Soliq-byudjet siyosatiga qat’iy amal qilish, davlatning ijtimoiy majburiyatlarini bajarish, ish haqi, pensiya, nafaqa va stipendiyalar hajmi, yirik investitsiya loyihalari va mamlakat mudofaa qobiliyatini mustahkamlashni moliyalashtirish – ushbu eng muhim vazifalarni amalga oshirish, avvalo, Moliya vazirligi va shaxsan vazirning faoliyati samaradorligi bilan belgilanadi.

Majlisimiz ishtirokchilariga murojaat qilar ekanman, quyidagi savollarni berishni zarur, deb hisoblayman. Ushbu masalalar qay darajada samarali hal etilmoqda?

Nima sababdan Moliya vazirligining nizomi 1992-yilda tasdiqlangan bo‘lsa-da, 25-yildan buyon asosiy vazifa va funksiyalari tubdan qayta ko‘rib chiqilmagan? Axir, islohotlar vazirlik va uning rahbarlariga taalluqli emasmi? Nima sababdan vazirlik o‘ziga yuklatilgan eng muhim vazifalarni samarali bajarishni, iqtisodiyot va ijtimoiy sohaning moliyaviy barqarorligini mustahkamlashni ta’minlamayapti? Axir, vazirlik tarkibida 16 mingdan ortiq xodim ishlaydi, haddan tashqari kengayib ketgan markaziy apparat, hududiy organlar, G‘aznachilik, Nazorat-taftish boshqarmasi, Pensiya jamg‘armasi va yana 4 ta maxsus jamg‘arma mavjud. Ularni saqlash uchun byudjetdan har yili 350 milliard so‘m xarajat qilinadi.

Eng muhim dasturlar, loyiha va vazifalar bo‘yicha qabul qilingan ayrim qarorlar yoki umuman real moliyalashtirish manbalari bilan ta’minlanmagan, yoki qoldiq prinsipi bo‘yicha moliyalashtiriladi. Nima sababdan to‘lov intizomi oqsayapti?

Jami 18 trillion so‘mlik debitor qarzdorlikdan 11 trillion so‘mi yoki 60 foizi oxirgi 3-yil mobaynida cho‘zilib kelyapti.

Nima uchun ushbu muammo bilan Muddati o‘tgan qarzdorlikni qisqartirish komissiyasiga boshchilik qiladigan moliya vaziri va Markaziy bank raisi jiddiy shug‘ullanmayapti? 

Nima sababdan plastik kartochkalarni muomalaga kiritishdan ilgari barcha mexanizmlar puxta ishlab chiqilmagan? Nima uchun ko‘plab tashkilotlar, eng avvalo, byudjet tashkilotlari xodimlari – o‘qituvchilar, vrachlar, xizmatchilar va hatto pensionerlar, ayrim amaldorlarning qo‘shtirnoq ichidagi «yangilik»laridan qiynalishi kerak?

Albatta, Davlat byudjeti o‘lchovsiz emas, mablag‘larni qattiq tejash, belgilangan maqsad uchun va oqilona ishlatishni ta’minlash zarur. Bu – hammaga ravshan va rad etib bo‘lmaydigan haqiqat. 

Shunday ekan, nima uchun G‘aznachilik va Nazorat-taftish boshqarmasining apparatlari haddan tashqari kengayib ketgan? Ularda jami 4 ming nafar xodim ishlaydi va ularning xarajatiga yiliga 90 milliard so‘m davlat mablag‘i sarflanadi. Ana shu tuzilmalar rahbar va xodimlari shunday tasavvur bilan yashamoqdaki, ularning vazifasi go‘yo faqatgina nazorat qilish va boshqalarni jazolashdir. 

Lekin faqat qamchi va qilich bilan ijobiy natijalarga erishib bo‘ladimi? Bu – nafaqat xato fikr, balki chuqur yanglishish, deb hisoblayman. Bu borada profilaktika ishlarini kim samarali olib boradi?

O‘tgan yilning o‘zida 22 mingta tashkilotda jami 200 milliard so‘mlik o‘zlashtirish va mablag‘larni boshqa maqsadlar uchun sarflash holatlari aniqlangan. Ularning asosiy qismi ijtimoiy soha tashkilotlariga to‘g‘ri keladi. Ana shu kamchiliklarni bartaraf etish tegishli vazirliklar rahbarlari bilan birga moliya vazirining birinchi o‘rinbosari etib tayinlangan J.Qo‘chqorovning faol ish yo‘nalishi bo‘lib qolishi kerak.

Hisob palatasi (Q.Akmalov)dan bir oy muddatda Davlat byudjeti mablag‘larining nafaqat samarali va maqsadli ishlatilishini har taraflama o‘rganishni, balki, birinchidan, rahbarlarning shaxsiy javobgarligi choralari bo‘yicha, ikkinchidan, allaqachon vaqti kelgan masalalarni hal etishga doir takliflarni kiritishni so‘rayman.

Moliya vazirligi, uning tarkibiy tuzilmalari va apparatining ish yuritish shakli va usullariga alohida e’tibor qaratish zarur.

Hukumatning aksariyat topshiriqlari belgilangan muddatlarni qo‘pol ravishda buzgan holda bajarilmoqda, ish sifati ham aksariyat holatlarda oqsamoqda. Shunga qaramasdan, bu tuzilmalar rahbarlarining o‘ziga bo‘lgan ishonchi osmon qadar baland.

Nima uchun boshqa idoralar rahbarlari davlatning aniq muammolarini hal etish bo‘yicha malakali tavsiya olish o‘rniga, doimo qog‘ozbozlik va sansalorlik holatlari, shuningdek, ayrim vazir o‘rinbosarlarining baland dimog‘ligi va qaysarligi bilan to‘qnashishi kerak?

Nihoyat, nima sababdan ba’zan inson qadr-qimmati yerga uriladi, bunga kim huquq bergan?! Nima uchun Bosh vazir o‘rinbosari yoki hukumat a’zosi qabulxonada soatlab kutib o‘tirishi kerak? Nima uchun Vazirlar Mahkamasining tarmoq departamenti mudiri jiddiy masalalar bo‘yicha yuzaki prezentatsiya o‘tkazilishini kunlab va haftalab kutadi, keyin esa hujjat qayta ishlashga qaytariladi? Va nima sababdan bu jarayonlarning barchasini shtatdagi yordamchi emas, balki chalasavod va beandisha qabulxona inspektori belgilaydi?

O‘ylaymanki, ana shu oddiy bo‘lmagan va muhim savollarga aniq va ravshan javob topish vaqti keldi. Shu munosabat bilan Bosh vazir A.Aripovga va yangi vazir B.Xo‘jayevga bir oy muddatda Moliya vazirligining tashkiliy tuzilmasi, uning vazifa va funksiyalarini tubdan qayta ko‘rib chiqish bo‘yicha aniq takliflar kiritish topshiriladi.

Kadrlar bilan ishlash holatini ham tanqidiy tahlil qilish zarur. O‘ylaymanki, moliya organlarining butun tizimidagi rahbar va xodimlarni attestatsiyadan o‘tkazish kerak.

Haqiqiy fakt shundan iboratki, agar R.Azimovda ana shu jiddiy kamchilik va muammolarni ko‘rish xohishi bo‘lganida, ularni keskin bartaraf etish bo‘yicha u zarur tashabbus ko‘rsatganida, biz bugun iqtisodiy va moliyaviy sohalarda bundan ham yuqoriroq natijalarga erishgan bo‘lar edik.

Takror aytaman, faqatgina «g‘alaba raportlari» bilan, shuningdek, muammolarga umuman aloqasi yo‘q, o‘z orzu-istagidagi mavhum narsalarni haqiqat deb ko‘rsatadigan shaxslar tomonidan tayyorlangan axborotnomalar bilan cheklanib qolish mumkin emas. 

Haqiqat esa xizmat vazifangizga ko‘ra siz shaxsan javob beradigan quyidagi jiddiy muammolarda o‘z aksini topgan.

Birinchi – iqtisodiyot o‘sishining yuqori sur’atlari va investitsiya resurslariga o‘sib borayotgan talabni qanoatlantirish bir-biriga muvofiq emas.

Ikkinchi – naqd va naqdsiz shakldagi hisob-kitoblarda farq mavjudligi.

Uchinchi – hududlarni barqaror ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishni moliyalashtirish uchun mahalliy byudjetlarning mablag‘lari yetarli emasligi. Siz bu ochiq-oydin faktlarni inkor qilmaysiz, deb o‘ylayman. Sizdan real takliflarni kutaman.

Makroiqtisodiyot kompleksi tarkibiga kiruvchi boshqaruv organlarining samarali ishlashi va ularga rahbarlik qilish talab darajasida ta’minlanmayapti. Shu munosabat bilan shaxsan sizga quyidagilar topshiriladi:

birinchi – Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligi o‘zining vazifa va funksiyalarini samarali va to‘liq hajmda bajaryaptimi? Uning rahbarlari E.G‘aniyev va Sh.To‘laganov-chi? Bu – prinsipial savol. Ushbu vazirlikning 163 ta mutaxassis ishlayotgan markaziy apparati va hududiy bo‘linmalari nima bilan mashg‘ul?

Bosh vazirga 10 kun ichida allaqachon hal etish vaqti kelgan ushbu savollar bo‘yicha takliflar kiritish yuklanadi;

ikkinchi – Mehnat vazirligi va uning rahbari A.Abduhakimov faoliyati samaradorligini tubdan qayta ko‘rib chiqish zarur.

Yurtimizda yiliga 1,5 million odamni ishga joylashtirishga ehtiyoj bo‘lsa-da, o‘tgan yili Bandlikka ko‘maklashish markazlari atigi 248 ming kishini yoki 16,5 foizini ishga joylashtirgan. Buning asosiy sabablari ish faoliyatidagi eskirgan shakl va usullar hamda bandlik muammolarini hal etishdagi rasmiyatchilik bilan bog‘liq.

Ayniqsa, kasb-hunar kollejlari bitiruvchilarini ishga joylashtirish bo‘yicha uch tomonlama shartnomalarni amalga oshirish borasida ko‘plab qo‘shib yozish holatlari bartaraf etilmagan.

Ana shu muammolarga barham berish butun Makroiqtisodiyot kompleksi va shaxsan mehnat vazirining birinchi darajali vazifasiga aylanishi kerak.

Sizga, Rustam Sodiqovich, 15 kun muddatda ushbu ishga barcha iqtisodiy va moliyaviy organlar, bank muassasalari va O‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi markazining hududiy bo‘linmalari xodimlarini, shuningdek, barcha bo‘g‘indagi hokimlar o‘rinbosarlarini jalb etishni nazarda tutadigan, prinsipial jihatdan yangi, ta’sirchan mexanizmni joriy etish yuzasidan aniq takliflar kiritishni topshiraman.

Aniq bir misol bilan ushbu muammoni hal etishning real yo‘lini aytmoqchiman. Andijon viloyatining aholi zich joylashgan Oltinko‘l tumanida 7 ta kasb-hunar kolleji bor, ularni bu yil turli mutaxassisliklar bo‘yicha 2 ming 300 nafar bitiruvchi tamomlaydi. Tuman hududida 714 ta xo‘jalik yurituvchi subyekt, jumladan, sanoatda – 371 ta subyekt, qurilishda – 167 ta subyekt, savdo va xizmat ko‘rsatish sohasida – 156 ta subyekt va boshqa tashkilotlar faoliyat ko‘rsatadi.

Tumandagi har bir xo‘jalik subyektiga o‘rtacha 3 nafar bitiruvchi to‘g‘ri keladi.

Tumanda byudjetdan oylik oladigan iqtisodiy kompleks tashkilotlaridagi jami 400 nafar xodim ushbu korxonalarning samarali ishlashiga amaliy yordam bersa, masalan, kimgadir kredit, yana kimga xomashyo yoki malakali maslahat bilan ko‘maklashsa, bu ishni bemalol bajarsa bo‘ladi. Agar ana shu 400 nafar odam oyiga bittadan ish o‘rni tashkil etishga ko‘maklashsa, bir yilda 4 ming 800 ta yangi ish joyiga ega bo‘lish mumkin.

Bugunning o‘zida har bir bitiruvchini aniq bir tashkilotga biriktirishni ta’minlash bilan birga, uning bo‘lajak ish joyi, ish haqi va ijtimoiy sharoitlarini aniq belgilash zarur.

Bularning barchasini huquqiy hujjatlar bilan mustahkamlash va eng asosiysi, xo‘jalik yurituvchi subyekt rahbarining nafaqat majburiyatini, balki shaxsiy mas’uliyatini ham belgilash zarur.

Faqat shunday yo‘l bilan biz davlatning o‘quvchilar va ularning ota-onalari oldidagi majburiyatini bajarishimiz mumkin. Xuddi shunday amaliyotni respublika oliy ta’lim muassasalari bitiruvchilari bo‘yicha ham ishlab chiqish va joriy etish darkor.

Navbatdagi muhim vazifa – bu bandlik masalasini hal qilishning butun tizimini tubdan o‘zgartirish bo‘yicha kompleks rahbariyati, hokimlar va ularning birinchi o‘rinbosarlari shaxsiy mas’uliyatini oshirishdan iborat. Shu masala bo‘yicha quyidagi takliflarni kiritaman.

Birinchidan, hokimlar yangi ish o‘rinlari yaratish yuzasidan tasdiqlangan ko‘rsatkichlarni, har oy yakuniga ko‘ra bajarilishini ta’minlagan taqdirda, ularning ish haqiga 15 foiz qo‘shimcha qo‘shish bilan rag‘batlantiriladi. Ana shu ko‘rsatkichlar bajarilishi ta’minlanmasa, aksincha, ularning ish haqidan 15 foiz ushlab qolinadi.

Ikkinchidan, mazkur yo‘nalish uchun bevosita javob beradigan hokimlarning birinchi o‘rinbosarlari ham shunga mos ravishda ish haqining 20 foizi miqdorida yo rag‘batlantiriladi, yo jazolanadi. Bu tartib viloyat, tuman va shaharlarning iqtisodiy komplekslari barcha rahbarlariga nisbatan ham qo‘llanadi.

Shuning uchun Bosh vazir A.Aripovga, Bosh vazir o‘rinbosari R.Azimovga 15 kunlik muddatda ish joylari tashkil etishni moddiy rag‘batlantirishga doir taklif etilayotgan ushbu tizimni shu yilning 1-martidan boshlab amaliyotga joriy etish to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasining puxta ishlangan qarorini qabul qilishni topshiraman.

Uchinchi – biz bugun Davlat raqobat qo‘mitasining raisi D.Hidoyatovdan shaxsan siz va qo‘mitaning bo‘linmalari xususiylashtirish jarayonida pirovard natijani nima uchun nazorat qilmaysiz yoki ta’minlamaysiz, degan savolga javob berishni qat’iy talab qilishga haqlimiz.

Siz nima uchun ushbu muammolarni amalda hal etish o‘rniga menga o‘zingizning hech qanday natija bermagan va bermaydigan xorijiy xizmat safarlaringiz va «taqdimot”laringiz to‘g‘risida og‘iz ko‘pirtirib axborot berasiz?

Bugun davlat byudjeti hisobidan katta mablag‘larni xarajat qilib, xorijga xizmat safariga borib kelayotgan rahbarlar va ishchi guruhlaridan so‘rashga haqlimiz: qani sizlar og‘iz to‘ldirib, qog‘ozga chiroyli qilib yozib bergan natijalar, qani investor va investitsiyalar?

Siz bu ishlarga mutasaddi davlat qo‘mitasining rahbari bo‘lib, bunday natijalarni kimdan talab qilyapsiz? Birgina Koreya Respublikasiga korxonalarni sotamiz, investitsiyalar olib kelamiz, deb tashkil etgan bir nechta biznes forumlaringiz natija berdimi, qani va’dalar?

Agar sizlar xorijiy safarlarga sarf qilgan xarajatlarni hisob-kitob qilsak, shu pulning o‘ziga ikkita yirik korxonani sotib olsa bo‘lardi.

«Nol» qiymati bo‘yicha 1 ming 27 ta obyekt sotilgan. Albatta, bu yaxshi, biroq nima uchun ularning ko‘pchiligi, ba’zilarini hisobga olmaganda, ishga tushirilmagan va vayrona holida yotibdi?

Biz ularning o‘rniga nimani tashkil etdik, qanday quvvatlar va ishlab chiqarishlar barpo etildi, qancha odam ish bilan band? Nima uchun sotilishi lozim bo‘lgan 119 ta aksiyadorlik jamiyatidan faqat yarmining 15 foizlik ulushi xorijiy investorlarga sotilgan?

Davlat mulki talon-taroj qilingani uchun bugun kim shaxsan javob berishi kerak? So‘zsiz va birinchi navbatda siz, qo‘mita raisi sifatida javob berishingiz shart.

Siz oldingi rahbarlarning xatolarini takrorlab, sustkashlik qilib va faqat statistika bilan shug‘ullanib asosiy bo‘g‘inni – mamlakatning va xalqning boyligiga ehtiyotkorlik bilan munosabatda bo‘lishni boy beryapsiz.

Sizga oxirgi marta, kompleks rahbari va Davlat maslahatchisi O.Murodov bilan birgalikda, Oliy Majlis bilan o‘zaro hamkorlikda 20 kun muddatda, birinchidan, ushbu muammoli masalalarni bartaraf etishni, ikkinchidan, sotilgan va sotib olingan davlat mulkining ishlamasligi, undan samarasiz foydalanilgani yoki talon-taroj qilingani uchun rahbarlar va mansabdor shaxslarning huquqiy majburiyat va mas’uliyatini puxta ishlab chiqishni nazarda tutadigan kompleks aniq chora-tadbirlarni taqdim etishni topshiraman.

Davlat statistika qo‘mitasi rahbariyatining faoliyatida ham eskicha yondashuvlar bartaraf etilmagan. Ularning ish usuli, hisob-kitoblari va ma’lumotlari amaliy va tezkor chora-tadbirlar ko‘rishni talab etadigan kamchilik va muammolarning sabablarini to‘liq ochib bermayapti.

Oxirgi yillarda turizmdek muhim soha kompleks rahbarining zarur darajadagi e’tiboridan chetda qolib ketdi. Bu xatoni so‘zsiz va eng muhimi, natijali ravishda to‘g‘rilash kerak. Biz hozir faqat turizmni rivojlantirish bilan shug‘ullanadigan tuzilmaga doir masalalarni tasdiqladik.

Bu choralar turizmning O‘zbekiston iqtisodiyoti rivojiga qo‘shadigan hissasini oshirish, tarixiy va madaniy qadriyatlarimizni targ‘ib qilish, shuningdek, valyuta zaxiralarini to‘ldirish bo‘yicha aniq chora-tadbirlar bilan kuchaytirilishi zarur. Bu vazifani hal qilish uchun 1 oy muddat beriladi.

Ushbu muammolar ko‘p jihatdan vazirliklar, xo‘jalik birlashmalari va hokimliklarning iqtisodiy tuzilmalari bilan tizimli ishlar yo‘lga qo‘yilmagani natijasidir.

Axir, qachondir va kimdir turoperatorlarning dardini eshitganmi? Ular qanday masalalar bilan shug‘ullanyapti, qanday muammolarga to‘qnash kelyapti? Ularga aniq professional yordam ko‘rsatish haqida umuman gapirmasa ham bo‘ladi.

Taqdim etilgan hisobotlarda zarur savollarga umuman javob yo‘q. Birinchi – qancha odam mehnat qilyapti? Ikkinchi – hududlarda islohotlarni amalga oshirish bo‘yicha muammolar bilan kim shug‘ullanyapti: menejermi yoki iqtisodiyotdan umuman uzoq odamlarmi? Yana bir bor kompleks rahbariga ushbu muammo bilan yaqindan shug‘ullanishni topshiraman. Faqat endi talab qattiq bo‘ladi.

Kompleks rahbari R.Azimov, tegishli tuzilma va hokimliklarning jiddiy va kundalik e’tiborini talab qiladigan yana bir muhim yo‘nalish bor. Bu – xususiy mulk va tadbirkorlikni yanada rivojlantirish va ularning ta’sirchan himoyasini ta’minlashdir.

Tadbirkorlar bilan shaxsan uchrashishga sizlarga nima xalaqit beradi? Albatta, bu uchrashuvlarda sizlarga yoqmaydigan savollar berilishi tabiiy.

Tadbirkorlar bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvlarda shaxsan o‘zim shunga qattiq ishonch hosil qildimki, bunday savollarni berishga ularning to‘liq va qonuniy huquqi bor.

Bu huquqni ular turli ma’lumotnoma, ruxsatnoma va sertifikatlar, kredit olishda necha kunlar navbatda turish, noqonuniy tekshiruvlar, boy berilgan iqtisodiy va moliyaviy foyda hisobidan qo‘lga kiritgan.

Shu bilan birga, tadbirkorlarning ko‘pchiligi haqiqiy fuqarolik pozitsiyasida turib, yetim bolalar va nochor oilalarga, mahallalar va ijtimoiy soha muassasalariga beg‘araz yordam bermoqda.

Buning evaziga ular nima olyapti? Birinchisi – faqat qo‘rquv, yana tekshirishni va siquvga olishni boshlashadi, erkin mehnat qilishga, oilamni, bola-chaqamni boqishga yana imkoniyat bermaydi, degan qo‘rquv. Shu sababli ular o‘z ishida kamchiligi va qonunbuzarlik holati bo‘lmasa ham turli darajadagi amaldorlar bilan «kelishib olishga» majbur bo‘lmoqda.

O‘ylaymanki, bularning barchasidan siz, Rustam Sodiqovich, tanqidiy xulosa chiqarasiz va joriy yil yakuni bo‘yicha hukumat majlisida real natijalar bilan hisobot berasiz. 

Hurmatli do‘stlar!

2016-yilda qishloq xo‘jaligida iqtisodiy islohotlarni va tarkibiy o‘zgarishlarni yanada chuqurlashtirish bo‘yicha tizimli ishlar davom ettirildi.

Shu bilan birga, 2016-yil uchun belgilangan prognoz ko‘rsatkichlar va ustuvor vazifalarni bajarishni ta’minlamagan ayrim rahbarlarga bugun hukumat majlisida alohida baho berishni zarur, deb hisoblayman. 

Birinchi – bu yer maydonlarini optimallashtirishdagi kamchiliklar. Toshkent, Namangan, Jizzax, Surxondaryo va Qashqadaryo viloyatlarida bu jarayon talab darajasida o‘tkazilmagan.

Xalq deputatlari tuman Kengashlari tomonidan fermer xo‘jaliklarini tashkil etish bo‘yicha nomzodlar tanlashda jiddiy xatolarga yo‘l qo‘yilgan.

Ikkinchi – ayrim fermer xo‘jaliklari yetarlicha aylanma mablag‘lar, zarur texnika va boshqa moddiy-texnik resurslarga ega emas. Bu qishloq xo‘jaligi ekinlarining hosildorligiga, shartnoma majburiyatlari bajarilishiga va fermer xo‘jaliklarining rentabelligiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda.

Uchinchi – ishlar yetarli darajada tashkil etilmagani va ayrim rahbarlarning, jumladan, Surxondaryo, Sirdaryo, Jizzax va Buxoro viloyatlari sobiq hokimlarining shaxsiy mas’uliyatsizligi sababli bir qator tumanlar va fermer xo‘jaliklarida kutilgan darajada paxta hosili olinmadi.

Kosonsoy, Angor, Muzrabot, Qiziriq, Sherobod, Quyichirchiq, Qo‘shtepa tumanlarida paxta sotish bo‘yicha shartnoma majburiyatlari 60-65 foiz darajasida qolib ketgan. Zarbdor, Paxtakor, Arnasoy, Mirzaobod, Xovos, Sardoba, Guliston, Chust va Bekobod tumanlarida davlat zaxirasi uchun g‘alla yetkazib berish majburiyatlari bajarilmagan.

Ana shu faktlarning har biri bo‘yicha majlis bayonida prinsipial va qat’iy baho berish zarur.

2017-yilda Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi, kompaniyalar va boshqa idoralar, shuningdek, barcha bo‘g‘indagi hokimliklar quyidagi strategik muhim vazifalarni amalga oshirishi shart: 

birinchi – ekin maydonlari va ekinlar tarkibini optimallashtirish, ilg‘or agrotexnologiyalarni joriy etish va hosildorlikni oshirish, meva-sabzavot va uzum yetishtirishni ko‘paytirish;

ikkinchi – fermer xo‘jaliklarining moliyaviy-iqtisodiy holatini mustahkamlash. Oxirgi 10-yil mobaynida mineral o‘g‘itlar, yoqilg‘i-moylash materiallari va urug‘lik narxining o‘sishi bilan paxta xomashyosi va g‘allani xarid qilish narxlari o‘sishi o‘rtasida keskin farq borligi kuzatilmoqda;

uchinchi – o‘tgan yillarda Moliya vazirligi va uning huzuridagi Jamg‘arma rahbariyati tomonidan shakllantirilgan, agrotexnika tadbirlarini moliyalashtirishda ijobiy natija bermayotgan va mutlaqo chala tizimga barham berish zarur.

Necha yildan beri savol beraman: agarki qishloq xo‘jaligi mas’uliyatsizlarcha yondashuv asosida moliyalashtiriladigan bo‘lsa, davlat xaridi uchun mahsulotni qanday yetishtirish mumkin? Bu savolga haligacha aniq javob yo‘q. Nima sababdan?

Joriy yilning 1-yanvar holatiga ko‘ra, Jamg‘arma tomonidan fermer xo‘jaliklariga 300 milliard so‘m mablag‘ to‘lab berilmagan. Tabiiy savol tug‘iladi: agar fermer davlat oldida o‘z majburiyatini bajargan bo‘lsa, nega davlat va uning ba’zi bir rahbar xodimlari bu masalaga befarq va bee’tibor munosabatda bo‘lmoqda? Kim bunga mas’ul? Kim shaxsan javob berishi zarur va shart? 

to‘rtinchi – oxirgi yillarda agrosanoat kompleksida tashkil etilgan yangi boshqaruv organlari faoliyatidagi bir qator muammolarni bartaraf etish yuzasidan qat’iy choralar ko‘rishimiz zarur.

Eng avvalo, bu o‘rinda gap «O‘zpaxtasanoateksport» kompaniyasi (A.Kamolov) va uning tarkibiga kiruvchi «O‘zpaxtasanoat» (Ya.Xidirov), «O‘zpaxtaeksport» (J.Qodirov) va «O‘zpaxtayog‘» (V.Jo‘rayev) aksiyadorlik jamiyatlari to‘g‘risida boryapti.

Ushbu tarmoqlarni modernizatsiya qilish va investitsiya loyihalarini amalga oshirish, jumladan, paxta xomashyosini qayta ishlash bo‘yicha markazlarni tashkil etish bo‘yicha ishlar o‘ta qoniqarsiz yo‘lga qo‘yilgan.

«O‘zbekoziqovqat-xolding» kompaniyasi rahbarlari O.Rustamov va A.Salimovga savollar to‘planib qolmoqda. Meva-sabzavotni qayta ishlash darajasi 20 foizga ham yetmaydi. Yangi texnologiya va standartlar o‘ta sustkashlik bilan joriy etilmoqda.

Qo‘shma korxonalarda ishlab chiqarish hajmi keskin pasaygan. Ana shu rahbarlarga nisbatan vaqt va ishonch zaxirasi tez vaqt ichida nihoyasiga yetadi. Ular bundan xulosa chiqarishi zarur. 

«O‘zbekengilsanoat» aksiyadorlik jamiyati rahbari I.Haydarov, «O‘zvinosanoat-xolding» – Sh.Rahimov va «O‘zbekcharmpoyabzali» uyushmasi – M.Mansurov faoliyatida zamonaviy yondashuv va yangiliklar sezilmayapti.

Aniq faktlarni keltiraman. Eksport tarkibida ip-kalavaning ulushi yuqoriligicha – 53 foiz darajasida qolmoqda. Aholining poyabzalga bo‘lgan ehtiyojini qondirish darajasi 41 foizni tashkil etadi. Uzum yetishtiradigan, vino va aroq mahsulotlari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan ko‘plab korxonalar samarasiz ishlayapti.

Ana shu ustuvor vazifalarni amalga oshirish Bosh vazir o‘rinbosari – qishloq va suv xo‘jaligi vaziri Z.Mirzayev uchun birinchi va jiddiy imtihon bo‘ladi.

Sizdan yaqin vaqt ichida ularni bajarishni ta’minlash bo‘yicha tizimli chora-tadbirlarni belgilab, axborot berishingizni so‘rayman.

Hurmatli majlis ishtirokchilari!

Bugun Bosh vazir o‘rinbosari – Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi T.Norboyevadan kechiktirib bo‘lmaydigan quyidagi vazifalar bo‘yicha javob berishni va ularni amalda hal etish yuzasidan aniq takliflarni kutamiz.

Birinchi vazifa – biz uchun muqaddas bo‘lgan oila asoslarini yanada mustahkamlash, xonadonlarda tinchlik-xotirjamlik, ahillik va o‘zaro hurmat muhitini yaratish, ma’naviy-ma’rifiy ishlarni aniq mazmun bilan to‘ldirishdan iborat bo‘lmog‘i zarur.

Ikkinchi vazifa – ayollar o‘rtasida jinoyatchilik, oilalarda ajralishlar ko‘paygani, yoshlarning turli diniy-ekstremistik oqimlar va terroristik tashkilotlar ta’siriga tushishi kabi xalqimizga xos bo‘lmagan achchiq va noxush masalalar bilan bog‘liq.

Uchinchi vazifa – ayollarni ularga munosib mehnat bilan bandligini ta’minlash masalasidir. Ayollar uchun doimiy ish joylari yaratish borasidagi muhim masala bilan bir qatorda, oilaviy biznes, kasanachilik, hunarmandchilik, tomorqa xo‘jaligini keng rivojlantirish ishlari ham oqsamoqda. 

Bu o‘rinda rasmiyatchilikka, qog‘ozbozlikka, hatto ko‘zbo‘yamachilikka berilish holatlari ham kam emas va bu haqda ko‘plab haqqoniy misollarni keltirish mumkin. Savol tug‘iladi: kimni va nima uchun aldayapmiz?

Shuning uchun Bosh vazir o‘rinbosari T.Norboyeva boshchiligida Xotin-qizlar qo‘mitasi, Kasaba uyushmalari federatsiyasi kengashi, “Nuroniy”, “Mahalla”, “Kamolot” tuzilmalari, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita, Savdo-sanoat palatasi va tijorat banklari rahbar va mutasaddilaridan iborat ishchi guruhlari tashkil etilsin.

Ushbu guruhlar joriy yilning 20-yanvaridan boshlab Andijon, Farg‘ona va Namangan viloyatlariga borib, uch oy davomida ko‘chama-ko‘cha, xonadonma-xonadon yurib, mavjud vaziyatni chuqur va puxta o‘rganadi, tahlil qiladi va joylardagi oddiy oilalardan, ko‘pni ko‘rgan otaxon va onaxonlarimizdan ham takliflar oladi.

Bosh vazir A.Aripovdan Davlat maslahatchisi O.Murodov bilan birgalikda, ana shunday o‘rganishlar natijalari va achchiq saboqlari asosida mavjud muammo va masalalarning ham huquqiy, ham ijtimoiy-iqtisodiy, ham ma’naviy-ma’rifiy, ham tashkiliy tomondan yechimini o‘zida aks ettirgan Prezident qarori loyihasi va aniq chora-tadbirlar kompleksini ishlab chiqib, 20-aprelgacha tasdiqlash uchun kiritishni so‘rayman.

Hurmatli majlis ishtirokchilari!

Avvalgi uchrashuvlarda ta’lim va ilm-fan, davlatning yoshlarga doir siyosatini amalga oshirish, ta’limning yangi, zamonaviy usullarini, jumladan, axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish sohasidagiishlar ahvoli tanqidiy tahlil qilib berilgan edi.

Bu boradagi dolzarb vazifalarni amalga oshirish yoshlarimiz, jamiyatimiz va mamlakatimizning kelajagi uchun strategik ahamiyatga ega ekani sababli ushbu sohadagi ishlar shaxsan Bosh vazirga yuklatilgan. Sizning e’tiboringizni quyidagi vazifalarni amalga oshirishga qarataman.

Birinchi vazifa – maktabgacha ta’lim sohasida. Ochiq tan olishimiz kerak, biz bu muhim sohadagi ishlarni e’tibordan chetda qoldirdik. Ushbu sohada bolalarni qamrab olish 27 foizni tashkil etadi.

Yaqinda tasdiqlangan dasturga ko‘ra, bu yo‘nalishda 2 ming 200 ta muassasaning moddiy-texnik bazasi mustahkamlanadi.

Shuningdek, tajribali pedagog va mutaxassislarni jalb etgan holda, o‘quv reja va dasturlarini tubdan qayta ko‘rib chiqish zarur. Oldimizda yoshlarga tarbiya berish, psixologiya va boshqa turli sohalarda kadrlarni tayyorlash va qayta tayyorlash bo‘yicha murakkab vazifalar turibdi.

Ikkinchi vazifa – umumta’lim maktablari, litsey va kasb-hunar kollejlari, shuningdek, oliy o‘quv yurtlaridagi o‘qitish sifati bilan bog‘liq. Zamonaviy o‘quv reja va uslublarini joriy etish talab darajasida emas.

Bolalar va yoshlarga maxsus fanlar, mamlakatimiz va jahon sivilizatsiyasi tarixini, xorijiy tillarni va zamonaviy komputer dasturlarini chuqur o‘rgatish vazifalari hali sifatli va to‘liq holda yechilgani yo‘q.

Yana bir muammoni hal etish ham o‘ta muhim hisoblanadi: bu – pedagoglar va professor-o‘qituvchilar tarkibining professional darajasi, ularning maxsus bilimlaridir. Bu borada ta’lim olish, ma’naviy-ma’rifiy kamolot masalalari va haqiqiy qadriyatlarni shakllantirish jarayonlariga faol ko‘mak beradigan muhitni yaratish zarur.

Uchinchi vazifa – ta’lim muassasalarini, eng avvalo, kasb-hunar kollejlarini oqilona joylashtirishni, shuningdek, iqtisodiyot, ijtimoiy soha va har bir hududning zarur mutaxassislarga bo‘lgan talabini to‘g‘ri aniqlashni tanqidiy tahlil qilishdir.

Hozircha ushbu mexanizm ishlamayapti. Tarmoqlar rahbarlari kadrlarga ehtiyoj to‘g‘risidagi ma’lumotni Oliy ta’lim vazirligi va Iqtisodiyot vazirligiga taqdim etishadi. Keyin mutaxassislarni tayyorlash kvotalari bo‘yicha chuqur o‘ylanmagan takliflar ishlab chiqiladi. Buning natijasida kadrlar sifati va ularni ishga joylashtirish muammosi yildan-yilga kuchayib bormoqda.

Afsuski, hech kim buning uchun javobgar emas. Nima sababdan? Axir, bu o‘rinda gap barchamizning farzandlarimiz to‘g‘risida, hech bir mubolag‘asiz aytish kerakki, mamlakatimizning kelajagi haqida ketyapti.

Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri R.Qosimovni ogohlantirib aytmoqchiman. Siz bu sohada katta tajribaga ega bo‘lgan holda, nafaqat ushbu kamchiliklarni bartaraf etish, balki tub va sifatli o‘zgarishlarni ta’minlash uchun ham shaxsan javob berasiz. Oldingi yillardagi xatolarni takrorlash kerak emas.

To‘rtinchi vazifa – nafaqat akademik ilm-fanni, balki oliy o‘quv yurtlaridagi ilm-fanni yanada rivojlantirish. Bunga Fanlar akademiyasi a’zolari bilan yaqinda o‘tkazilgan uchrashuv va uzoq muddatli muloqot davomida qat’iy ishonch hosil qildim.

Bu o‘rinda, mening nazarimda, ikkita asosiy vazifani hal etish zarur:

birinchi – ilmiy muassasalarning moddiy-texnik bazasini ilg‘or xorijiy markazlar darajasida va olimlar talablariga muvofiq sezilarli ravishda mustahkamlash kerak. Bunda, albatta, davlatning ehtiyojlari va uning maqsadli vazifalari inobatga olinishi shart;

ikkinchi – akademiklarni har taraflama qo‘llab-quvvatlash, jumladan, moddiy rag‘batlantirish bo‘yicha aniq chora-tadbirlarni ishlab chiqish va amalga oshirish.

Sizga, Abdulla Nigmatovich, Fanlar akademiyasining yangi Prezidenti B.Yo‘ldoshev, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi va boshqa idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda olimlar bilan uchrashuvda berilgan topshiriqlarni ijro etish bo‘yicha puxta ishlangan chora-tadbirlar kompleksini taqdim etish topshiriladi.

Beshinchi vazifa – kitoblarni chop etish va tarqatishdagi muammolarni hal qilishdir. Bu o‘rinda gap, eng avvalo, yoshlar va aholi o‘rtasida mamlakatimizning boy tarixini, uning betakror madaniyati va milliy qadriyatlarini keng targ‘ib qilish, jahon ilm-fani va adabiyoti yutuqlarini yetkazish uchun zarur muhit va shart-sharoit yaratish haqida bormoqda.

Bu borada zamonaviy komputer texnologiyalari va, ayniqsa, internet tizimi bizdan ancha ildamlab ketganini ham inobatga olish zarur.

Ana shu vazifani hal etishda turli darsliklarni yaratish, ularni chop etish va moliyalashtirish masalalarida idoralar o‘rtasidagi o‘zaro kelishmovchilik, afsuski, jiddiy to‘siq bo‘lmoqda.

Shu munosabat bilan, Bosh vazirga alohida komissiya tuzib, bir oy muddatda darsliklar, maxsus va badiiy adabiyotga bo‘lgan real ehtiyojni, ularni boshqa tillarga tarjima qilish, ular bilan o‘quv yurtlari, kutubxona va axborot-resurs markazlarini ta’minlash bo‘yicha chora-tadbirlar kompleksini taqdim etish topshiriladi.

Bunda yoshlar va aholining keng qatlamlari o‘rtasida kitobxonlikni targ‘ib qilish masalalariga ham alohida e’tibor berish lozim bo‘ladi. Kitoblarning haqiqiy narxi shakllanishini juda ham puxta o‘rganish zarur.

Shu o‘rinda hammamiz uchun ayni paytda juda muhim ahamiyatga ega bo‘lgan masala, ya’ni kitobxonlikni keng yoyish va yoshlarimizning kitobga bo‘lgan muhabbatini, ularning ma’naviy immunitetini yanada oshirishga qaratilgan ishlarimizni yangi bosqichga olib chiqish vazifasi turibdi.

Ushbu masalalarni amalga oshirish uchun biz kuni kecha alohida farmoyish ham qabul qildik.

Bizning navbatdagi kechiktirib bo‘lmaydigan va istiqboldagi vazifamiz – «Elektron hukumat» tizimi samarali ishlashini ta’minlashdan iborat. Hozircha u to‘liq hajmda ishlamayapti. Ayrim idoralar esa bu tizimga yoki ulanmagan, yoki ochiq aytadigan bo‘lsak, uni nima qilishni ham bilmaydi.

2016-yildagi ayrim faktlardan o‘zingiz xulosa chiqarib oling. Davlat xizmatlari yagona portaliga 534 ming fuqaro va yuridik shaxslardan kelib tushgan murojaatlardan 6 mingdan ortig‘i yoki ko‘rib chiqilmagan, yoki ularga o‘z vaqtida javob berilmagan.

Ro‘yxatga olingan 4 mingdan ortiq normativ-huquqiy hujjatning atigi mingga yaqini tizimga joylashtirilgan. Tuman va shaharlar hokimliklarining ko‘pida ushbu tizim samarasiz ishlatilmoqda.

Hatto texnologik jarayonlarni va boshqarish tizimlarini takomillashtirishga jiddiy ehtiyoj bo‘lgan yirik korxonalar, tashkilot va xo‘jalik birlashmalari ham axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etishda zarur tashabbus ko‘rsatmayapti. Ular qatorida «O‘zbekneftgaz», «O‘zdonmahsulot» kompaniyalari, «O‘zfarmsanoat» konserni, «O‘zbekcharmpoyabzali» uyushmasi, «O‘zqurilishmateriallari» aksiyadorlik jamiyati ham bor.

Bunday yuzaki yondashuv bilan ko‘plab muammolarimizni yechishimiz mumkinmi? Shu sababli yaqin vaqt ichida ana shu ishlar ahvolini muhokama qilib, bu borada tasdiqlangan Milliy dasturni bajarishning samaradorligi yuzasidan ko‘rilgan chora-tadbirlar, shuningdek, istiqboldagi vazifalar to‘g‘risida axborot berish kerak.

Hurmatli majlis ishtirokchilari!

Hokimlarning mavqei va roli, ularning tumandagi, shahar va viloyatdagi ishlar ahvoli uchun shaxsiy javobgarligi Konstitutsiyamizda prinsipial qoida sifatida belgilab qo‘yilganini barchangiz yaxshi bilasiz.

Biz har doim ularning faoliyati natijalariga alohida e’tibor qaratganmiz va bundan keyin ham bu masala diqqatimiz markazida bo‘ladi.

Shuni inobatga olib, yaqinda barcha bo‘g‘indagi hokimliklarning tuzilmasiga prinsipial o‘zgarishlar kiritildi. Bunga qanday zarurat bor edi?

Birinchidan, hududlarni, ayniqsa, qoloq shahar va tumanlarni kompleks rivojlantirishga doir eng muhim ustuvor vazifani amalga oshirish zaruratidan kelib chiqildi.

Agar hududlarning aholi jon boshiga to‘g‘ri keladigan ko‘rsatkichlarini solishtirsak, ular kun va tundek bir-biridan farq qiladi.

Ikkinchidan, hududiy va tarmoq boshqaruvi samarasiga, ularning rivojiga xolis baho berishni qiyinlashtiradigan holatlar mavjud. Masalan, respublikaga bo‘ysunadigan yirik korxonalar ko‘rsatkichini chiqarib tashlasak, viloyatlar yalpi hududiy mahsuloti hajmi juda kichik bo‘lib qoladi.

Bosh vazir A.Aripovga bir oy muddatda hudud va tarmoqlar ko‘rsatkichlari hisobi va ularni statistikada aks ettirish mexanizmini takomillashtirish yuzasidan qaror tayyorlash va qabul qilish yuklanadi.

Masalan, Navoiy va Olmaliq kon-metallurgiya kombinatlari, neft-gaz va kimyo sanoati korxonalarining hududlarga bevosita aloqasi yo‘q. Ularni rivojlantirishga erishishda hokimliklarning hech qanday roli va xizmati yo‘qligini hammamiz yaxshi bilamiz.

Shuning uchun oqni – oqqa, qorani – qoraga ajratish vaqti ham keldi. Shunda statistik raqamlar ham haqiqiy holatni aks ettiradi.

Uchinchidan, hokimliklarning tuzilmasini ishlab chiqishda to‘plangan tajriba hamda bir qator viloyatlar hokimlarining takliflari hisobga olindi.

Tuzilmaga qo‘shimcha ravishda quyidagilar kiritildi. Barcha viloyat, shahar va tuman hokimliklarida hokimning iqtisodiy islohotlar va tadbirkorlik masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari, shuningdek, yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari lavozimlari joriy etildi.

Axborot-tahlil guruhlari kuchaytirildi. Chegaraga yaqin 80 ta tumanda hokimning maxsus yordamchisi lavozimi kiritildi. Jami 739 ta qo‘shimcha shtat tashkil etildi.

Yaqinda hokimlar va hokimliklarning barcha xodimlari ish haqini ularning mehnat stajidan kelib chiqqan holda oshirish bo‘yicha qaror qabul qilindi.

O‘ylaymanki, endi barcha bo‘g‘indagi hokimlarning xodimlar soni yetishmasligi to‘g‘risida shikoyat qilishi uchun obyektiv asos yo‘q. Endi ushbu lavozimlarga samarali ishni ta’minlaydigan, munosib kadrlarni tanlash bo‘yicha oldimizda muhim vazifa turibdi.

A.Aripov, O.Ramatov va R.Azimovning e’tiborini hokimlarning birinchi o‘rinbosari lavozimlariga munosib nomzodlarni taqdim etish cho‘zib yuborilganiga qarataman.

Biroq yana bir ustuvor vazifa bor. Bu – Bosh vazirning barcha o‘rinbosarlari, departamentlar, tarmoqlarni boshqarish organlari rahbarlarining hokimlar va ularning tegishli o‘rinbosarlari bilan o‘zaro yaqin aloqasi va faoliyatini muvofiqlashtirishni ta’minlashdir. Endi samarali ishlash barcha rahbarlar uchun ham qarz, ham farz. 

Hurmatli majlis ishtirokchilari!

2017-yil va undan keyingi davrga belgilangan vazifalarni amalga oshirish uchta eng muhim talabga hal etuvchi darajada bog‘liqdir.

Birinchi – davlat rahbari – Prezidentdan boshlab barcha bo‘g‘indagi rahbarlarning yakuniy natijalar uchun shaxsiy javobgarligi.

Ikkinchi – hamma sohada aniq tartib va qattiq intizomni ta’minlashimiz darkor. Yana bir bor ta’kidlayman, ishni birgalikda bajaramiz, natija uchun esa har birimiz shaxsan javob beramiz.

Uchinchi talab – qatorlarimiz va kadrlarimizning sofligini ta’minlash, ishdagi har qanday salbiy holatlarning oldini olish va bunday illatlarning ildizini quritish. 

O‘tgan yili ishdagi jiddiy kamchiliklar va shaxsiy mas’uliyatsizligi uchun oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirini, «O‘zstandart» agentligi, «O‘zbekenergo» aksiyadorlik jamiyati, «O‘zagrosanoatmash-xolding» kompaniyasi, «Asakabank» va boshqa bir qator boshqaruv organlari va tashkilotlar rahbarlarini lavozimidan ozod etdik.

Aynan ana shu sabablarga ko‘ra Buxoro, Jizzax, Surxondaryo, Sirdaryo va Toshkent viloyatlari, shuningdek, bir qator shahar va tuman hokimlari lavozimidan ozod qilindi.

Bularning barchasi davr talabi. Bu talab iqtisodiyot va ayniqsa, ijtimoiy sohaning, shuningdek, aholining muhim muammolarini bir oy yoki bir yildan keyin emas, balki shu bugun, hozirning o‘zida yechish zaruratidan kelib chiqadi. 

Hisobot beruvchi Bosh vazir o‘rinbosarlari, tarmoqlar rahbarlari va hokimlardan, shuningdek, majlisda ishtirok etayotgan barcha mutasaddi shaxslardan asosiy e’tiborni quyidagi savollarga qaratishni so‘rayman:

birinchi – har biringiz kamchilik va muammolarni bartaraf etish uchun qanday aniq choralarni ko‘rasiz?

ikkinchi – iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy sohani, shuningdek, mamlakatimiz hududlarini rivojlantirish bo‘yicha qaysi eng muhim ko‘rsatkichlarni joriy yil birinchi choragi va birinchi yarim yilligida bajarish uchun nima qilish kerak?

Yana bir bor ta’kidlamoqchiman: bizga nazariy va umumiy fikrlar emas, ana shu ikkita savolga aniq va lo‘nda javob kerak.

* * *

Bo‘lib o‘tgan muhokamalardan so‘ng O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev majlisga yakun yasab, quyidagi fikrlarni ta’kidladi.

– Aziz do‘stlar, hozir sizlar bilan belgilab olgan maqsad va vazifalarga erishish uchun ishimizni yangicha asosda tashkil etib, har birimiz o‘z joyimizda mas’uliyatni chuqur his qilib, qattiq ish olib borishimiz kerak. Bugungi majlisda bildirilgan barcha tahliliy va tanqidiy fikrlar ertangi kun uchun, yangi marralarni egallashimiz uchun mustahkam zamin bo‘lib xizmat qiladi.

Hammamizga bir haqiqat ravshan bo‘lishi lozim: biz mavjud rivojlanish sur’atlari bilan o‘z oldimizga qo‘ygan yuksak maqsadlarga erisha olmaymiz. Bugun zamon o‘zgarmoqda, uning talabi, oldimizga qo‘yayotgan vazifalari tobora ortib bormoqda. Mana shunday murakkab sharoitda “Sen – menga tegma, men – senga tegmayman” degan kayfiyat bilan ishlashning vaqti o‘tdi. Biz “vaziyat yomon, vaziyat og‘ir” deb bahona qidirishga o‘rganib qolganmiz. Lekin shu vaziyatni kim o‘zgartiradi, kim izga soladi, degan savolni, keling, o‘zimizga beraylik. Vaziyatni o‘zimiz, o‘z aql-zakovatimiz, mehnatimiz bilan o‘zgartirmasak, hech kim chetdan kelib bu ishni biz uchun qilib bermaydi.

Bugun bu majlisda hamma narsa o‘z nomi bilan aytilib, iqtisodiyotimizdagi mavjud ahvol xolis tahlil qilindi, kelgusi rejalar belgilab olindi.

Eng muhim vazifamiz – mamlakatimizda tinchlik va farovonlikni mustahkamlash, odamlarni, xalqimizni hayotdan rozi qilishdan iborat. Buning uchun el-yurtimiz avvalo biz – rahbarlarning faoliyatidan rozi bo‘lishi kerak. Buning uchun har bir rahbar o‘z aravasini o‘zi tortishi, o‘z sohasidagi ishlarning ahvoli uchun o‘zi shaxsan javob berishi kerak. Shundan keyin jamiyatimizda o‘zgarish bo‘ladi, rivojlanish bo‘ladi.

O‘tgan yili dekabr oyida bo‘lib o‘tgan Prezident saylovi xalqimizning ertangi kunga, kelajakka bo‘lgan ishonchini ko‘rsatdi. Endi biz ana shu yuksak ishonchni amaliy ishlar bilan oqlashimiz shart. Shuning uchun ham hammamiz xulosa qilaylik: jonajon Vatanimiz, olijanob xalqimizning ishonchini qozonish, uning orzu-umidlarini ro‘yobga chiqarish uchun faqat tinimsiz mehnat, izlanish va tashabbus ko‘rsatib yashash kerak. Odamlar buni kundalik hayotda sezishi, ko‘rishi zarur.

Xalqimizda “Do‘st achitib gapiradi” degan maqol bor. Biz bir-birimizga nisbatan aytilgan tanqidiy gaplarni albatta to‘g‘ri tushunamiz, deb o‘ylayman.

Hammamizga ma’lum, o‘tgan yil biz uchun oson bo‘lmadi. Juda og‘ir qiyinchilik va musibatlarni boshimizdan o‘tkazdik. Lekin bu sinovlardan munosib o‘tdik.

Xudoga shukr, mana, 2017-yil yomon kelmayapti. Tog‘larda qor mo‘l, “obi rahmat” – yomg‘irlar yog‘ib turibdi. Bu – qishloq xo‘jaligi, dehqon va fermerlarimiz uchun qut-baraka, mo‘l hosil degani.

Mana shunday imkoniyatlardan samarali foydalanib, zamon talabini his etmasdan, eskicha ishlashga endi hech birimizning haqqimiz yo‘q. Xalqimiz bugun katta orzu-umidlar bilan yashayapti. Bu orzu-umidlarni kim amalga oshiradi? Avvalo, mana shu zalda o‘tirgan rahbarlar, mutasaddi va mutaxassislar, navqiron yoshlarimiz. Buning uchun bizda kuch va imkoniyat, bilim va salohiyat ham, qat’iy iroda, intilish va azmu shijoat ham yetarli.

Shu yo‘lda barchangizga sihat-salomatlik, baxt va omad, yangi yutuqlar tilayman.

Manba: O`zbekiston Respublikasi Prezidentining matbuot xizmati, 2017 yil 15 yanvar.

OAV sifatida davlat ro'yhatidan o'tganligi to'g'risida 2013.12.04 da 0954-sonli Guvohnoma berilgan, ISSN 2181 - 7332