Islom Karimovning O‘zbekiston xotin-qizlariga bayram tabrigi

Mushtariylar: 1067
И.Каримов5

Munis va muhtarama onaxonlar! Qadrli opa-singillar, dilbar qizlarim! Barchamiz orziqib kutadigan, tabiat chiroy ochib borayotgan mana shu ilk bahor kunlarida, ayni shu shukuhli ayyomda siz, aziz qadrdonlarimni, sizlarning timsolingizda butun O‘zbekiston xotin-qizlarini 8-mart bayrami bilan samimiy muborakbod etish menga katta quvonch bag‘ishlaydi.

Biz hayotimizda turli-tuman sanalarni bayram sifatida keng nishonlaymiz. Shular qatorida ko‘ngillarimizga go‘zallik va xursandchilik, fayzu tarovat olib keladigan 8-mart bayrami alohida o‘rin tutadi. Bu bayram agarki hayotimizda bo‘lmasa, ana shunday bayramni albatta ta’sis etish kerak bo‘lardi.

Nega deganda, ayni shu kunlarda Yaratganning buyuk mo‘jizasi bo‘lmish siz, muhtarama ayollarning sha’niga yurak-yuragimizda, qalbimiz to‘rida bo‘lgan eng samimiy, eng olijanob so‘zlarni, hurmat va ehtirom, mehr-oqibat, sevgi va sadoqat tuyg‘ularini izhor etish uchun yana bir imkoniyat tug‘iladi va barchamiz mana shu imkoniyatdan foydalanishga shoshilamiz.

Hech kimga sir emas, ayol zoti haqida, uning qanday tengsiz latofat va nafosat sohibasi ekani, ezgulik va fidoyilik ramzi, xonadonlarimizning fayzu farishtasi ekani haqida tariximizda ne-ne ulug‘ mutafakkirlar, shoir va allomalar qancha-qancha dil so‘zlarini bayon etganlar.

Bu haqda gapirganda, avvalo, buyuk Alisher Navoiy bobomizning “Jannat onalarning oyog‘i ostidadir” degan mazmundagi hikmatli so‘zlarini yana bir bor eslaymiz va mehribon, muqaddas Ona siymosi oldida barchamiz bosh egib ta’zim qilamiz.

Mana shu bayram kunlarida har qaysi oila, har qaysi xonadonda qadrli opa-singillarimizni e’zozlash, ularni ulug‘lash uchun eng go‘zal va olijanob ta’riflarni keltirishga intilamiz. Shu o‘rinda men ayollarimiz shunga ishonishlarini istardimki, ayni mana shu 8-mart bayrami kelishi bilan biz hammamiz shoir bo‘lib ketishga tayyormiz. Albatta, shoirga aylanish juda qiyin, lekin men yurtimizning barcha mard o‘g‘lonlari nomidan avvalo siz, azizlarga yuksak hurmat va ehtirom bildirib, qalblaringizda neki ezgu niyatlar, orzu-intilishlar bo‘lsa, ularning barcha-barchasi albatta ijobat bo‘lishini, ro‘yobga chiqishini chin yurakdan tilayman.

Bugun biz eng samimiy dil so‘zlarimizni siz, azizlarga yo‘llar ekanmiz, ta’kidlash joizki, biz muhtarama onalarimiz, opa-singillarimizni, umr yo‘ldoshlarimizni hamma vaqt ham hurmat qilib kelganmiz, lekin ularning biz uchun naqadar qadr-qimmatli, jondan aziz va mehribon ekanini anglash, ularni har tomonlama e’zozlash mustaqillik yillarida yangi bosqichga ko‘tarildi.

Bunday qarashning sabablari haqida gapiradigan bo‘lsak, aytish kerakki, mustaqillikka erishganimizdan keyin bizning oilaga, ayol zotiga, umuman hayotga bo‘lgan munosabatimiz butunlay o‘zgarib, tobora yuksalib bormoqda, hayotimizning ma’no-mazmuniga, asosiy maqsadiga aylanmoqda.

Bu esa biz uchun juda muhim bo‘lgan bir fikrni, ya’ni “Kim edigu kim bo‘ldik?”, degan haqiqatni yana bir bor tasdiqlab bermoqda.

Barchamizga ayonki, dunyoda davlat va jamiyatning nufuzi, demokratik tafakkuri, madaniy darajasini ko‘rsatadigan mezonlar ko‘p. Lekin har qaysi millat va xalqning ma’naviy kamolotini go‘yoki oynadek aks ettiradigan shunday bir mezon borki, u ham bo‘lsa, jamiyatning xotin-qizlarga bo‘lgan munosabati, hurmati bilan belgilanadi.

Shu nuqtai nazardan qaraganda, ayollarni ulug‘lab, ardoqlab, boshiga ko‘tarib yashaydigan xalq o‘zining yuksak madaniyati va olijanob qadriyatlarini amalda namoyon qiladigan xalq sifatida jahonda obro‘-e’tibor qozonadi.

Unib-o‘sib kelayotgan bolalarimizni, yosh avlodimizni mana shu ruhda tarbiyalab voyaga yetkazsak, shak-shubhasiz, hech qachon kam bo‘lmaymiz.

Shu ma’noda, aynan istiqlol davrida biz ko‘p narsalarni xuddiki qaytadan kashf etgandek bo‘lmoqdamiz. Ayol – go‘zal bo‘lsa, olam – go‘zal, ayol baxtli bo‘lsa – oila, butun jamiyat baxtli bo‘ladi, degan qarash ongu shuurimizga chuqur kirib borayotgani va bizning hayotiy falsafamizga aylanayotganini har tomonlama anglab yetmoqdamiz.

Shular haqida gapirar ekanmiz, ayollarimiz xonadonlarimizda, mahallalarimiz, butun yurtimizda har doim o‘zaro hurmat va hamjihatlik, mehr-oqibat muhitining, ta’bir joiz bo‘lsa, hayot o‘chog‘ining eng kuchli posboni bo‘lib kelgan va bugun ham ana shunday fazilatlari bilan insonni inson, oilani oila qilib kelmoqda, desak, hech qanday xato bo‘lmaydi.

Hurmatli do‘stlar!

Biz o‘tgan davrda mamlakatimizda erkin va farovon, demokratik hayot qurish yo‘lida xotin-qizlarning jamiyatdagi o‘rni va nufuzini yuksaltirish, ularning haq-huquqlari, qonuniy manfaatlarini ta’minlash, qobiliyat va imkoniyatlarini ro‘yobga chiqarish, bir so‘z bilan aytganda, ayollarni jamiyatimizning teng huquqli, faol va bunyodkor a’zosiga aylantirish borasida qanday ulkan ishlarni amalga oshirib kelayotganimiz haqida albatta barchangiz yaxshi xabardorsiz.

Bu haqda uzoq gapirmasdan, birgina o‘tgan yilning o‘zida “Sog‘lom bola yili” dasturi bo‘yicha qilgan ishlarimizga qisqacha to‘xtaladigan bo‘lsak, avvalo, 13 million 600 mingdan ziyod ayollar va bolalar tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilib, buning natijasida 2 million 800 ming ayol va 2 million 500 ming bola sog‘lomlashtirilganini alohida ta’kidlash zarur.

Shu bilan birga, yosh oilalarga uy-joy sotib olish, iste’mol tovarlarini xarid qilish uchun qariyb 215 milliard so‘mlik imtiyozli ipoteka kreditlari va 57 milliard so‘mlik foizsiz qarz mablag‘lari ajratilgani, sportchi qizlarimiz uchun 6 milliard so‘mlik sport kiyimlari bepul berilgani ham, o‘ylaymanki, ayollarimizga ko‘rsatilayotgan g‘amxo‘rlikning yana bir amaliy namunasi bo‘ldi.

Muxtasar aytganda, birgina “Sog‘lom bola yili” Davlat dasturini amalga oshirish uchun barcha manbalar hisobidan 4 trillion 795 milliard so‘m va 260 million AQSh dollaridan ziyod mablag‘ sarflanganining o‘zi, hech shubhasiz, bu boradagi faoliyatimizning ko‘lami va miqyosi naqadar ulkan ekanidan dalolat beradi.

Ayni paytda yurtimizda xotin-qizlarning siyosiy va huquqiy saviyasi, ijtimoiy faolligi tobora yuksalib borayotganini davlat va jamiyat boshqaruvining barcha bo‘g‘inlarida, sud-huquq tizimida, nodavlat tashkilotlar, ijtimoiy tuzilmalar faoliyatida, umuman, hayotimizning barcha soha va tarmoqlarida yaqqol kuzatish mumkin.

Bu haqda gapirganda, Oliy Majlis Senati a’zolarining 17 foizini, Qonunchilik palatasi deputatlarining 16 foizini ayollar tashkil etayotgani, shuningdek, xalq deputatlari viloyat, shahar va tuman Kengashlarida yuzlab opa-singillarimiz faol ish olib borayotganini qayd etish o‘rinlidir.

Bugungi kunda xotin-qizlar o‘zining bilim va tajribasi, professional malakasi va mahorati hisobidan ko‘pgina jabhalarda yetakchi mavqelarni egallab kelmoqda. Hayotimizda tobora katta o‘rin olayotgan fermerlik harakati, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik, yuqori texnologiyalarga asoslangan zamonaviy tarmoqlar, ilmu fan, tibbiyot, ta’lim-tarbiya, madaniyat va san’at kabi o‘nlab muhim soha va tarmoqlar rivojini ayollarning ishtirokisiz tasavvur etib bo‘lmaydi.

Shu o‘rinda hayotda ko‘p bora o‘z isbotini topgan bir fikrga e’tiboringizni qaratishni istardim.

Faqat sog‘lom onadan sog‘lom farzand tug‘iladi. Faqat aql-zakovatli, ma’rifatli onalargina komil insonlarni tarbiyalashga qodir bo‘ladi.

Ana shu haqiqatni chuqur anglagan holda, mamlakatimizda xotin-qizlarning salomatligini mustahkamlash, oila, onalik va bolalikni muhofaza qilish, jismoniy va ma’naviy jihatdan yetuk yosh avlodni voyaga yetkazishga qaratilgan, uzoqni o‘ylab, puxta ishlab chiqilgan va hayotga izchil joriy etilayotgan umummilliy dasturlarimiz bugungi kunda o‘zining ulkan samarasini berayotgani barchamizga g‘urur va iftixor bag‘ishlaydi.

Bu haqda uzoq gapirish, ko‘p-ko‘p misollarni olib kelish mumkin, lekin men faqatgina ba’zi bir raqamlarga to‘xtalib o‘tmoqchiman.

Keyingi uch yil mobaynida mamlakatimizdagi umumta’lim maktablari, akademik litsey va kasb-hunar kollejlari o‘quvchilari, oliy o‘quv yurtlari talabalari jahon miqyosida o‘tkazilgan nufuzli fan olimpiadalarida g‘olib bo‘lib, jami 110 ta medalni qo‘lga kiritgan bo‘lsa, ularning 44 tasi qizlarimiz hissasiga to‘g‘ri keladi.

Yoki san’at va musiqa sohasida dunyoning Parij, Rim, Berlin, Tokio, Moskva, Praga, Qohira, Seul, Dehli kabi yirik madaniyat markazlarida bo‘lib o‘tgan xalqaro ko‘rik-tanlovlarda 530 dan ziyod o‘quvchi va talabalarimiz g‘oliblikka erishgani va ularning 240 nafarga yaqini qiz bolalar ekanini mamnuniyat bilan ta’kidlash o‘rinlidir.

Keyingi uch yilda 1 ming 850 dan ziyod iste’dodli sportchi yoshlarimiz xalqaro musobaqalarda zafar qozongan bo‘lsa, ularning 620 nafarga yaqini aynan qizlarimiz ekani albatta hammamizni quvontiradi.

Barchamizning suyanchimiz va tayanchimiz bo‘lgan farzandlarimizni, avvalo, qizlarimizni zamonaviy bilim va kasb-hunarlarni egallagan, mustaqil fikrlaydigan, rivojlangan davlatlardagi tengdoshlari bilan turli jabhalarda bellashuvga qodir bo‘lgan sog‘lom va barkamol avlod etib tarbiyalash, ularning qalbi va ongini zararli g‘oya va ta’sirlardan himoya qilish yo‘lida siz, jonkuyar opa-singillarimizning fidokorona xizmatlaringiz uchun har qancha tahsin va tasannolar aytsak arziydi, albatta.

Shu go‘zal bayram kunlarida O‘zbekiston xalq shoirasi, vafo va sadoqat kuychisi Zulfiya tavalludining 100-yilligi butun mamlakatimiz bo‘ylab keng nishonlanayotgani ham davlatimiz, jamiyatimizning ayollarimizga bo‘lgan yuksak hurmat va ehtiromining yana bir amaliy namoyoni sifatida bu yilgi 8-mart ayyomining mohiyati va ahamiyatini, ko‘rku tarovatini yanada oshirmoqda, desam, o‘ylaymanki, sizlar ham bu fikrga qo‘shilasiz.

Qadrli opa-singillar!

Aziz va go‘zal qizlarim!

Sizlarni o‘zingiz kabi chiroyli va dilbar bayramingiz bilan yana bir bor tabriklar ekanman, barchangizga sihat-salomatlik, baxtu saodat, xonadonlaringizga fayzu baraka tilayman.

Farzandlaringiz va yaqinlaringiz baxtiga, elu yurtimiz baxtiga hamisha omon bo‘ling, azizlarim, mehribonlarim!

Islom Karimov,
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti

Manba: O`zbekiston Respublikasi Prezidentining matbuot xizmati.

Вы можете izih qoldirish, yoki trackback sazning saytingizdan.

Izoh qoldirish

Siz majbursiz tizimga kirish , izoh qoldirish uchin

OAV sifatida davlat ro'yhatidan o'tganligi to'g'risida 2013.12.04 da 0954-sonli Guvohnoma berilgan, ISSN 2181-7332