Islom Karimovning O‘zbekiston xalqiga yangi yil tabrigi

Mushtariylar: 2319
И.Каримов5

Qadrli vatandoshlarim!

Mana shu fayzli damlarda siz, aziz yurtdoshlarimga avvalo o‘zimning chuqur hurmat va ehtiromimni izhor etib, qutlug‘ qadamlari bilan kirib kelayotgan Yangi yil bilan tabriklab, barchangizga chin qalbimdan sihat-salomatlik, tinchlik-omonlik, baxt-saodat, xonadonlaringizga xotirjamlik va farovonlik tilashni o‘zim uchun katta baxt deb bilaman.

Ayni shu daqiqalarda yakuniga yetib borayotgan yilni kuzatar ekanmiz, yil davomida bosib o‘tgan yo‘limizni va ro‘y bergan voqealarni, qo‘lga kiritgan marra va yutuqlarni shukronalik bilan ko‘z o‘ngimizdan o‘tkazar ekanmiz, 2014-yil biz uchun samarali va xosiyatli bo‘ldi, deb aytishga to‘liq asoslarimiz bor, deb o‘ylayman.

Buning isbotini avvalo biz ko‘zlagan buyuk maqsad bo‘lmish – dunyodagi taraqqiy topgan demokratik davlatlar qatoriga kirish, buning uchun olib borayotgan demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish maqsadida amalga oshirayotgan ulkan ishlarimizda ko‘rishimiz mumkin.

Ayniqsa, iqsodiyotimizni barqaror sur’atlar bilan yuksaltirish, xalqimiz farovonligini oshirishda, hech shubhasiz, o‘tayotgan yil hayotimizda chuqur iz qoldirishi muqarrar.

Buning tasdig‘ini yurtimizda ro‘y berayotgan olamshumul o‘zgarish va yangilanishlarda, shahar va qishloqlarimizning qiyofasi yanada chiroy ochayotganida, qad rostlayotgan, eng zamonaviy texnologiyalar bilan jihozlangan korxonalarda, dehqon va fermerlarimizning mardona mehnati evaziga dalalarimizning unumdorligi va hosildorligi yildan-yilga oshib, xalqimizning hayot darajasi yuksalib borayotganida, O‘zbekistonimizning dunyodagi obro‘-e’tibori tobora ortib, uning xalqaro maydonda munosib o‘rin olayotganida ko‘rib-kuzatib, shu yurtda yashayotgan har qaysi insonning ko‘ngli haqiqatan ham g‘urur va iftixorga to‘ladi.

Aytish kerak – o‘tgan davrda biz erishgan ayrim ko‘rsatkichlarni tasavvur qilishning o‘zi qiyin. Jahon miqyosida moliyaviy-iqtisodiy inqiroz davom etayotganiga qaramasdan, O‘zbekistonimizning sanoqli davlatlar qatorida oxirgi 10-yil davomidagi iqtisodiy o‘sishi, ya’ni, sodda qilib aytganda, farovonligimizning yuksalish sur’atlari uzluksiz ravishda 8 foizdan kam bo‘lmasdan kelmoqda va 2015-yilda ham bu ko‘rsatkichdan kam bo‘lmaydi, inshoolloh.

Aziz yurtdoshlarim!

O‘zbekistonning bugungi kunda taraqqiyot yo‘lida barqaror sur’atlar bilan qadam qo‘yayotganida, obod va farovon hayot qurayotganida bu saxovatli zaminda yashayotgan har qaysi insonning, uning millati, dini, e’tiqodidan qat’i nazar, munosib hissasi borligini, butun xalqimizning mashaqqatli mehnati, mardligi va matonati, bag‘rikengligi, bir oila bo‘lib yashayotgani, qisqacha aytganda, yurtimizda hukm surayotgan tinchlik-osoyishtalik va mehr-oqibatlik tuyg‘usi naqadar katta boylik ekanini barchamiz minnatdorlik bilan qayd etamiz.

Bunga iqror bo‘lish uchun avvalo hozirgi kunda dunyoda sodir bo‘layotgan voqealarni, yaqin va uzoq atrofimizda xavf-xatarlar, siyosiy va iqtisodiy qarama-qarshiliklar avjiga chiqib, terrorizm va ekstremizm harakatlarini, qon to‘kilishlarni ko‘rib-kuzatib turganimiz hech kimni tinch va beparvo qoldirmaydi, albatta.

Ming afsuski, bunday keskinlashuvlar, jahon moliyaviy-iqtisodiy inqirozi, dunyo bozorlaridagi noaniq vaziyat va tanglik davom etishining kutilishi – bunday tahlikali ahvol barchamizdan hushyorlik, sezgirlik va safarbarligimizni oshirishni, sodda qilib aytganda – bo‘sh kelmasligimizni talab qiladi.

Bir muhim masalani esimizdan, xayolimizdan aslo chiqarmasligimiz kerak. Hayot hech qachon bir joyda to‘xtab turmaydi. Ayniqsa, biz XXI asrda, globallashuv, intellektual taraqqiyot va internet zamonida yashayotganimizni inobatga oladigan bo‘lsak, erishgan marra va yutuqlar bilan chegaralanmasdan, havolanish kayfiyatiga berilmasdan, aksincha, doim yangilikka intilishimiz, ertangi kunimizni, oldimizda turgan muammo va qiyinchiliklarni o‘zimizga yaqqol tasavvur qilib yashashimiz lozim. Faqat shunday jamiyat, qolaversa, davlatgina jadal sur’atlar bilan o‘zgarib borayotgan zamon bilan hamqadam bo‘lib yashashi mumkin.

Ayni shu haqiqatni anglagan holda, 2015 va kelgusi yillarning rejalari va yangi marralarni egallash haqida so‘z yuritar ekanmiz, biz avvalo demokratik davlat va fuqarolik jamiyati barpo etish yo‘lida erishgan yutuqlarimizga, to‘plagan tajribamizga suyanib, kelajagimiz strategiyasiga aylangan Konsepsiyamiz asosida olib borayotgan ishlarimizni izchil sur’atlar bilan davom ettirishimiz zarur.

Shu borada amalga oshirayotgan barcha islohotlarimizning tub ildizi – tomirida yotgan masalalarga e’tiboringizni jalb etmoqchiman.

So‘z ko‘p tarmoqli iqtisodiyotimizning ustuvor sohasi haqida – xususiy mulk va xususiy tadbirkorlikni tez sur’atlar bilan rivojlantirish yo‘lidan barcha g‘ov va to‘siqlarni olib tashlash, ularning erkinligini ta’minlash haqida bormoqda.

Yana bir ustuvor masala – butun jahon miqyosida iqtisodiy va siyosiy vaziyat tobora keskinlashib borayotganini inobatga olgan holda, iqtisodiyotimizdagi tarkibiy o‘zgarishlarni izchil chuqurlashtirish, ishlab chiqarish sohasini uzluksiz texnik, texnologik yangilab borish va modernizatsiya qilish, zamonaviy axborot-kommunikatsiya tizimlarini keng joriy etishdir.

Shu masalalar bilan chambarchas bog‘langan yana bir vazifa – iqtisodiyotimizda davlatning ulushi va o‘rni qay darajada bo‘lishini tanqidiy ko‘z bilan baholab, uni strategik hamda iqtisodiy asoslangan darajaga qadar qisqartirishdan iborat. Ochig‘ini aytganda, mana shu o‘ta muhim islohotlarimizni yarim yo‘lda qoldirmasdan, mantiqiy yakuniga yetkazsak – marra bizniki.

Boshqacha aytganda, ayni shu asosda eski ma’muriy-buyruqbozlik tizimidan hali-hamon meros bo‘lib kelayotgan, odamlarning noroziligini qo‘zg‘ayotgan barcha qoldiqlardan voz kechishga imkon tug‘diramiz, ulardan ozod bo‘lamiz.

Hurmatli yurtdoshlar!

Yangi – 2015-yilda mamlakatimiz davlat byudjetining qariyb 60 foizi ijtimoiy sohani rivojlantirishga yo‘naltirilganini alohida ta’kidlab o‘tmoqchiman. Ya’ni, sog‘liqni saqlash, ta’lim-tarbiya, ilm-fan, madaniyat va san’at, sport sohalarini, muxtasar aytganda, inson omilini yanada yuksaltirish e’tiborimiz markazida bo‘ladi.

Ish haqi, pensiya, stipendiya va ijtimoiy nafaqalar miqdorining o‘rtacha o‘sishi 22 foizdan kam bo‘lmasdan, aholimizning real daromadlari 10 foizga ko‘payishi belgilanmoqda.

Kichik biznes va fermer xo‘jaliklari uchun yangi yilda yagona sotsial to‘lovlar stavkasi 25 foizdan 15 foizga tushiriladi. Shu tariqa 440 milliard so‘mdan ko‘proq mablag‘ ularning ixtiyorida qoldiriladi. 2015-yilning 1-yanvaridan boshlab jismoniy shaxslarning bir minimal oylik hajmidagi maoshidan soliq olinmaydi. Barcha ishchilarga tegishli bo‘lgan bu yangilik avvalambor boshqalarga nisbatan oyligi eng kam bo‘lgan fuqarolarga ko‘proq naf berishini alohida qayd etish lozim.

Ayni shu tadbirlar hisobidan mehnatkashlarimiz kamida 120 milliard so‘m naf ko‘radi. Yangi yilda beriladigan bunday imtiyozlarning ro‘yxatini yana davom ettirish mumkin.

Inflatsiya darajasi, ya’ni narx-navoning o‘sishi taxminan 5,5-6,5 foizni tashkil etishi kutilmoqda.

Kelgusi yilda odamlarimizning turar-joy sharoitlarini yaxshilash, yanada obod etish, kommunal-maishiy xizmat sifatini tubdan oshirishga alohida e’tibor beriladi.

2015-yilda qishloq joylarda yashayotgan 12 mingta oila shahar sharoitidan qolishmaydigan, namunaviy loyihalar asosida qurilgan yangi uy-joylarga ko‘chib kirishi mo‘ljallanmoqda.

Qadrli do‘stlarim!

Kirib kelayotgan yangi yilga mamlakatimizda Keksalarni e’zozlash yili deb nom berganimizdan xalqimiz albatta yaxshi xabardordir.

Buning zamirida hammamizni oq yuvib, oq taragan, muqaddas yurtimizning tashvish va muammolarini o‘z yelkasida ko‘tarib kelayotgan, xonadonlarimizning fayzi va ko‘rki bo‘lgan keksa avlod vakillarini hayotdan rozi qilish, ularning duosini olishdek savobli va olijanob maqsadlar mujassam ekanini, o‘ylaymanki, barchamiz yaxshi tushunamiz.

Biz mehribon ota-onalarimiz, muhtaram keksalarimiz oldidagi ana shu qarzimizni yanada teran anglagan holda, ularga har tomonlama e’tibor va g‘amxo‘rlik ko‘rsatishdek olijanob maqsadlar bilan 2015-yilga qadam qo‘yar ekanmiz, biz uchun milliy o‘zligimiz timsoliga aylanib ketgan kattaga – hurmat, kichikka – izzat, mehr-oqibat, shafqat va muruvvat kabi ezgu fazilatlarni yanada mustahkamlab, ularni jondan aziz farzandlarimizning ongu shuuriga singdirishda kirib kelayotgan yil muhim, yuksak bir bosqich bo‘lishiga ishonaman.

Ayni shunday noyob fazilatlarga ega bo‘layotganimiz yaqinda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va mahalliy kengashlarga bo‘lib o‘tgan saylovlarda yaqqol namoyon bo‘lganining guvohi bo‘ldik.

Bularning barchasi odamlarimizning, avvalo, hal qiluvchi kuchga aylanayotgan yosh avlodimizning ongu tafakkuri, dunyoqarashi, siyosiy va fuqarolik saviyasi, huquqiy madaniyati yuksalib va eng muhimi – ertangi kunimizni biz o‘zimiz, ona yurtimiz uchun quryapmiz, deb dadil maydonga chiqayotganining namoyishi, desam, hech qanday xato bo‘lmaydi.

Men yaqinda, Konstitutsiyamiz bayramiga bag‘ishlangan tantanali majlisda kimki asl demokratiyani ko‘rmoqchi bo‘lsa, O‘zbekistonimizga kelsin, deb aytganim bejiz emas.

Haqiqatan ham, bunday xalq oldida bosh egib, har qancha ta’zim qilsak arziydi, albatta, azizlarim.

Qadrli va muhtaram vatandoshlarim!

Yangi yil kirib kelishiga sanoqli daqiqalar qolgan mana shu hayajonli damlarda barchamiz Yaratganimizdan ezgu maqsadlarimiz ro‘yobga chiqishini, xonadonlarimizning qut-barakasi, fayzini berishini chin qalbimizdan so‘raymiz.

Kirib kelayotgan yangi yilimiz yurtimizga, barcha-barcha oilalarga baxtu saodat va omad keltirsin!

Har birimizning pok niyat va tilaklarimiz ijobat bo‘lsin!

Vatanimiz tinch, xalqimiz omon, osmonimiz musaffo bo‘lsin!

Yangi yil barchamizga muborak bo‘lsin!

Islom Karimov,
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti

Manba: O`zbekiston Respublikasi Prezidentining matbuot xizmati.

Вы можете izih qoldirish, yoki trackback sazning saytingizdan.

Izoh qoldirish

Siz majbursiz tizimga kirish , izoh qoldirish uchin

OAV sifatida davlat ro'yhatidan o'tganligi to'g'risida 2013.12.04 da 0954-sonli Guvohnoma berilgan, ISSN 2181-7332